Isroilning yangi hukumati Eronga tahdid qilishda davom etadi

  • Amerika Ovozi

Kadima partiyasi rahbari - Shaul Mofaz.

Siyosiy tahlilchilar nazarida, Isroilning yangi koalitsion hukumati Eronga nisbatan biror yangi qarash bilan chiqishi qiyin. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu muxolifatdagi asosiy guruh – Kadima partiyasini o’zining o’ng qanot hukumatiga kiritdi. 28 nafar markazchi Kadima vakillarining qo’shilishi koalitsiya a’zolari sonini 94 taga yetkazdi. Bu Knesset, ya’ni parlamentdagi jami o’rinlarning to’rtdan uch qismini tashkil etadi.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, bu qaror Netanyaxuning Eronga qarshi hujumga dadil tayyorlanayotganini ko’rsatadi. Eron, ma’lumki, yadro qurolini yaratish yo’lidan ketayotganlikda gumon qilinadi. Tehron rasmiylarining ta’kidlashicha, bu gaplar safsata.

G’arb davlatlari Isroilni hujumdan tiyilishga chaqirmoqda, chunki iqtisodiy jazo choralari ish berishi uchun vaqt kerak. Eron allaqachon muzokara stoliga qaytgan, navbatdagi uchrashuv shu oy oxirida o’tkazilishi ko’zda tutilgan.

Isroil nazarida esa islomiy respublika bilan muzokara qilishdan foyda yo’q. Ular uran boyitishni zudlik bilan to’xtatishi kerak, deydi Bosh vazir Benyamin Netanyaxu.

Yangi hukumatni e’lon qilayotib, Netanyaxu Eronni tilga olmadi. Kadima rasmiylarining aytishi bo’yicha ham, oradagi kelishuvda Eron masalasi ko’tarilmagan. Lekin mavzu hanuz dolzarb, deydi Kadima partiyasi yetakchisi Shaul Mofaz.

Uning aytishicha, Isroil xavfsizligini ta’minlash yangi hukumat uchun eng muhim vazifa bo’lib qoladi. Bu masalaga mas’uliyat bilan yondashamiz, deydi Mofaz. “Ayni paytda, Isroil istalgan joyda, istalgan vaqtda ichki va tashqi dushmanlardan o’zini himoya qilish huquqini saqlab qoladi”.

Tehronda tug’ilib o’sgan Shaul Mofaz Isroil qurolli kuchlari bosh shtabi qo’mondoni va mudofaa vaziri bo’lib ishlagan. Koalitsiyaga qo’shilishdan ilgari u Eronga hujum qilish taklifiga qarshi edi.

Yahudiy universiteti professori Abraxam Diskinning aytishicha, yangi hukumat Eron borasida bir qarorga kelishni tezlashtiradi.

“Kengaygan hukumatda turli xil fikrlar bo’lishi tabiiy. Lekin, nazarimda, bir qarorga kelingach, uning parlamentdan o’tishi va aholi tomonidan qo’llab-quvvatlanishi oson bo’ladi”, - deydi Diskin.

Isroil matbuotining yozishicha, AQSh prezidenti Barak Obama Netanyaxuni Eronga urush ochishdan, hech bo’lmaganda, noyabrdagi saylovlar o’tib olgungacha tiyilib turishga undagan. Bunga javoban Netanyaxu Isroil o’z xavfsizligini o’zi himoya qilishi va bu borada biror kafolat bera olmasligini aytadi.

Tarixchi olim Piter Medding Eronga hujum AQSh va Yevropa roziligisiz amalga oshishiga ishonmaydi.

“Bunday amaliyot xavfli ekani shundoq ham ma’lum, oxiri nima bilan tugashini hech kim bilmaydi. Umuman olganda, Shaul Mofaz koalitsiyaga kirgani Eron masalasida biror narsani o’zgartirmaydi”, - deydi professor Medding.

Falastinliklarning PASSIA ilmiy tadqiqot markazi rahbari Mahdi Abdul Xodiyning ta’kidlashicha, Eron bo’yicha qaror qabul qilishda Isroilning yangi hukumatidagi partiyalar biror ta’sirga ega emas.

“Shaul Mofaz, Yaxud Barak va boshqa generallar, nazarimda, regionda jiddiy bir operatsiyani amalga oshirish uchun birlashishyapti. Ular koalitsiyaga kirish qarorini shu orqali ommaga tushuntiradi”, - deydi tadqiqotchi.

Abdul Xodiy fikricha, Kadima partiyasi bo’linib, hatto tarqalib ketishi mumkin. Kadimaning parlamentdagi a’zolaridan biri allaqachon iste’foga chiqib, partiyani tark etdi.

Ko’plab tahlilchilar bir narsada hamfikr: Isroil Eronga hujum qilgudek bo’lsa, koalitsion hukumat bilan xalqning qo’llab-quvvatloviga erishish osonroq kechadi. Ammo koalitsiya bunday qarorning oldini olishga xizmat qilishi mumkinmi, degan savolga aniq javob berish qiyin.