Isroil piyoda qo’shinlari G’azoga chuqurroq kirib borayapti

  • Amerika Ovozi

Isroil tanki G'azo bilan chegarada.

Falastin hududi mana ikki kundirki piyoda qo’shinlar hujumiga uchramoqda. Falastin shifokorlarining aytishicha, bugunning o’zida g’azolik 21 kishi nobud bo’lgan.

Isroillik minglab askarlar tanklar, jangovar samolyot va kemalar qo’llab-quvvatlovida G’azo sektoriga chuqurroq kirib borayapti. Falastin hududi mana ikki kundirki piyoda qo’shinlar hujumiga uchramoqda.

Rasmiylarning bildirishicha, kechagi jangda isroillik askar jon bergan. Yahudiy davlati G’azoni bombardimon qila boshlaganidan beri Isroil armiyasining birinchi talofati.

Terrorchi tashkilot, HAMASni nishonga olish birlamchi maqsadimiz, deydi Isroil harbiylari, toki guruh Isroilga qarshi tahdidlarini davom ettira olmasin.

Falastin shifokorlarining aytishicha, bugunning o’zida g’azolik 21 kishi nobud bo’lgan. 11 kundan beri davom etayotgan havo hujumlari va piyoda qo’shinlar hamlasida Falastin 260 odamini yo’qotdi. O’lganlarning ko’pi tinch aholi vakillari.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Isroilni Falastinda tinch fuqaroga jabr qilmaslikka undayapti. “Qayta-qayta da’vatlarimizga qaramasdan, shundoq ham qonli mojaro yanayam qo’rqinchli tus oldi”, -deydi Pan Gi Mun. “Oxirgi 24 soatda oddiy fuqarolar, jumladan, to’rt nafar yosh bola o’ldirildi. Isroil hukumati va armiyasini oddiy aholiga jabr qilmaslikka undayman. Mojaroni harbiy yo’l bilan hal qilish mumkin emas”, -deydi BMT rahbari.

O’tgan haftadan beri Isroil G’azoda ikki mingdan oshiq obyektni havodan urdi, HAMAS ham o’z navbatida Isroilga mingdan oshiq raketalarni uloqtirdi.

Isroil 2008 va 2009-yillarda G’azodagi harbiy amaliyotlarda 1400 falastinlikni o’ldirgan edi.

HAMAS oxirgi kunlarda bir necha yillik sulh tuzishni taklif qilgan edi. Guruh talablari shuki, Isroil G’azoning blokadasini bekor qilishi, sektorda havo, dengiz va yer qatnovini ochib qo’yishi, o’tgan oy hibsga olingan falastinliklarni ozod qilishi kerak.

Isroil esa HAMASdan hujumlarni bas qilishni talab qilayapti. Evaziga G’azo va Isroil o’rtasida odamlar hamda mahsulot erkinroq qatnoviga imkon berishga rozi.

Obama Oq uydagi matbuot anjumanida so’zlar ekan, bugun G’azoda kechayotgan bu janglar haqida to’xtaldi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan jangovar amaliyot haqida kecha gaplashdik, deydi u. Maqsad G’azodan Isroilga qazilgan yer osti yo’llarini yo’q qilish. Bu tunnellar orqali jangarilar Isroilga kirib borayapti, deydi Obama.