XAMAS Isroilni G’azoda harbiy amaliyotini tugatishni talab qilmoqda, aks holda garovdagi isroilliklarni ozod etmasligini bildiryapti. Isroil esa XAMASning G’azodagi rahbari va jangchilarini yo’q qilish uchun Rafahga qo’shin kiritmoqchi.
Your browser doesn’t support HTML5
Natijada ikki taraf sulhga kelishishga tayyor emasligini ko’rsatmoqda.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu XAMAS talabini rad etdi. Unga ko’ra, Isroil davlati XAMASning sektorda hokimiyatni saqlab qolishiga rozi bo’lmaydi.
XAMAS siyosiy rahbari Ismoil Haniya Isroilni muzokarachilar harakatlariga to’siq qo’yayotganlikda aybladi.
Yakshanba kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant harbiy qo’mondonlar bilan majlis qilib, yaqin orada Rafahda va sektorning qolgan qismlarida qattiq harbiy amaliyot o’tkazilishi haqida ma’lum qildi.
Yakshanba kuni Isroilning Rafahga havo hujumida kamida olti falastinlik o’lgan.
Bugungi hujumlarda esa yana bir necha odam, jumladan olti oylik chaqaloq nobud bo’lgan.
Uning xolasiga ko’ra, bolakay oktabr oyida tug’ilgan va aynan o’sha paytda Isroil ularning uylarini nishonga olib, ota-onasi va bir necha qarindoshini o’ldirgan, chaqaloq esa xolasining qaramog’ida qolgan.
Mahalliy rasmiylar 10 ta uy hujumga uchraganini aytadi.
Isroil falastinliklarga Rafahni tark etishni buyurmoqda. Biroq shaharda jon saqlayotgan 1,5 million odam boradigan joyi ortiq yo’qligini aytmoqda.
“Kechasi 2 da uyg’onganmiz, portlashlardan. Ko’chaga chiqishga majbur bo’ldik. Yomg’ir quyayotgan edi, suv ostida qoldik. Rafahdagilarni evakuatsiyaga da’vat qilishyapti. Bu bizga qarshi eng katta qatliom bo’ladi”, - deydi Amina Advan ismli bir ayol.
Isroilning evakuatsiya haqidagi buyrug’i ketidan ayrim falastinliklar Rafahni tark eta boshlagan.
Dam olish kunlari Isroilda hukumatga qarshi namoyishlar yana o’tkazildi. Fuqaro Netanyaxuni XAMAS bilan sulh kelishuvini qabul qilishga va shu bilan garovdagi vatandoshlarini ozod etishga chaqirdi.
Isroilda al-Jazira idorasi yopildi
Bu o’rtada Netanyaxu hukumati Qatarning al-Jazira axborot telekanaliga Isroilda faoliyat yuritishni taqiqlab qo’ydi.
Kanalning arab tilida axborot uzatuvchi bosh muharriri Muhammad Muvad ish qiyinlashishini tan oldi, biroq al-Jazira G’azodagi vaziyatni yoritishda davom etishini bildirdi.
"Vaziyatni xolis yoritishda davom etamiz. Har ikki taraf fikrini uzatamiz. Isroildan turib ishlashning imkoni yo’q endi, biroq ma’lumot to’plashning boshqa usullari ham bor”, - deydi u.
Netanyaxu al-Jaziraning Isroildagi idoralarini yopishni, kanalga tegishli asbob-uskuna, jihozlarni musodara qilishni, kabel va sun’iy yo’ldosh telestansiyalariga u bilan ishlashni taqiqlashni, internetdagi sahifasini bloklashni buyurdi.
Shundan so’ng kanalning Quddusdagi mehmonxonada joylashgan idorasida reyd o’tkazildi. Kanal rahbariyati uni jinoiy qadam deb atadi, sudga shikoyat qilishini bildirdi.
BMTning Inson huquqlari bo’yicha idorasi Isroil hukumati qarorini tanqidga oldi.