Isroil Falastin da'vo qilayotgan hududda qurilishlarni davom ettiradi

  • Amerika Ovozi

Sharqiy Quddus

Qo’shma Shtatlar e’tiroziga qaramay Isroil Ichki ishlar vazirligi Sharqiy Quddusda 1600 ta yangi uy qurish qarorini ma’qullagan. Yaqin kunlarda qo’shimcha 2700 xonadon qurilishiga ham ruxsat olinishi kutilmoqda.

O’z mustaqil davlatiga intilayotgan falastinliklar Sharqiy Quddusni bo’lajak poytaxti sifatida ko’radi va Isroilning u yerdagi qurilishlarini qoralab, tinchlik jarayoniga g’ov deydi. Qurilishlar sabab Falastin Isroil bilan muzokaradan chiqib, sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasidan uni mustaqil davlat sifatida tan olishni so’rab, masalani yillik sessiya kun tartibiga kiritmoqchi.

Falastin bosh muzokarachisi Soib Erekat Isroil qarorini qoralagan.

Isroil Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, yangi uylarni qurish rejasi ortida siyosiy sabab yo’q, shunchaki aholining turar-joyning qimmatlashganidan norozilik bildirib, yaqinda qilgan namoyishiga javob.

Bu o'rtada Eron Isroil tomonidan o’ldirilgan amerikalik bir ayol sharafiga ko’chalaridan birini nomlamoqda. Reychel Eliyen Korri 2003-yilda G’azo Sektorida falastinliklarga tegishli uylarning buzilishiga qarshi namoyish qilib, buldozer ostida qolib ketgan edi. Faollar harbiylar uni ataylab o’ldirgan desa, Isroil voqeani tasodif deya ta’riflaydi.

Tehron shahar kengashi ko’chalardan biriga bu ayolning nomini berish qarorini shu hafta ma’qullagan.

Korri Eronda Isroil zulmiga qarshi kurash timsoli sifatida ko’riladi.