Erdog'anning sionizm haqidagi bayonoti tanqidga uchradi

  • Amerika Ovozi

Turkey's Prime Minister Tayyip Erdogan addresses members of parliament from his ruling AK Party (AKP) during a meeting at the Turkish parliament in Ankara June 26, 2012. The Turkish Armed Forces' rules of engagement have changed as a result of Syria shoot

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an sionizmni insoniyatga qarshi jinoyat deb tasvirlagani Qo’shma Shtatlar noroziligiga sabab bo’layapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Erdog'anning sionizm to'g'risidagi bayonotlari tanqid ostida/Shohruh Hamro


Bugun Anqaraga tashrif buyurgan Davlat kotibi Jon Kerri hukumat rasmiylari bilan uchrashuvlarda bu masalani ko’tarmoqchi.

Bu Kerrining tashqi ishlar vaziri sifatida xorijga ilk safari, 11 davlatda to'xtab o'tadi. Anqarada o'tgan matbuot anjumanida asosan AQSh-Turkiya aloqalari, energetik hamkorlik va Suriya mojarosi haqida gap ketdi.

AQSh bosh diplomati so'zlariga ko'ra, uning davlati Suriya muxolifatiga qo'shimcha 60 million dollarga teng dori-darmon va oziq-ovqat yetkazishga qaror qilgan, ammo isyonchilar qurol so'ramoqda.

200 mingdan ziyod suriyalikka boshpana bergan Turkiya mojaroni tezroq hal qilish kerak, isyonchilarni qurollantirish lozim, deb keladi.

Rossiya nazarida “Suriyaning do’stlari” nomli guruhning Rimdagi majlisida qabul qilingan qarorlar ikki yillik urushni tugatishga yordam bera olmaydi. Tashqi ishlar vazirligining bayonotida aytilishicha, Vashingtonning isyonchilarga yordam berish qarori ektremist kuchlarga dalda beradi, xolos.

Shu hafta BMTning Venada o’tgan yig’ilishida Rajab Toyip Erdog’an sionizm, anti-semitizm va fashizm qatorida islomofobiya ham insoniyatga qarshi jinoyat deb ko’rilishi kerak, degan.

Ismini oshkor etmagan rasmiylarning aytishicha, Qo’shma Shtatlar bu kabi bayonotlarni haqoratomuz deb baholaydi va Turkiya bilan aloqalarga putur yetishi mumkin.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Erdog’an so’zlarini “yovuz va haqiqatga xilof” deb qoraladi. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham afsus bildirgan.

Turkiya-Isroil munosabatlari 2010-yildan boshlab sovuqlashgan. O’shanda Isroil harbiylari G’azoga gumanitar ko’mak olib ketayotgan turk kemasiga hujum qilib, to’qqiz kishini o’ldirgan edi.

Bu orada, AQSh poytaxtida Isroilning yirik lobbichi guruhi – AYPEK (AIPAC) tashkilotining yillik majlisi boshlanmoqda. Eron yadro dasturi hamda arab-Isroil ixtilofi – kun tartibidagi asosiy masalalar.

AQSh-Isroil aloqalari qo’mitasi (The American Israel Public Affairs Committee) Vashingtondagi eng nufuzli guruh hisoblanadi. Yig’inda minglab yahudiy amerikaliklar qatnashishi kutilmoqda.

Isroil va Falastin ikki alohida davlat bo’lishini targ’ib etuvchi, “Amerikaliklar tinchlik uchun” tashkiloti so’zlovchisi Ori Nir deydiki, AQShda Isroilni qo’llab-quvvatlovchilar juda ko’p.

Amerika vitse-prezidenti Jo Bayden, shuningdek, Kongressning o’nlab a’zolari AYPEK majlisida nutq so’zlaydi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu sun’iy yo’ldosh orqali murojaat qilishi kutilyapti. O’tgan yili prezident Barak Obama so’zga chiqib, Eronni tilga olgan edi.

“Xolokostni rad etadigan, yahudiy davlatini yo’q qilishga bel bog’lagan va terrorizm homiysi bo’lgan rejim qo’liga yadro quroli tushmasligi lozim”, - degan edi AQSh rahbari.

Obama shu oy Yaqin Sharq bo’ylab safarga chiqishi rejalangan. Isroil harbiylari va falastinlik namoyishchilar o’rtasida to’qnashuvlar avj olgan bir mahalda tomonlarni muzokaraga ko’ndirish dolzarb masala, deydi tahlilchilar.

“Arab bahori va xalq isyonlari sabab regionda ahvol yanada murakkablashgan. Tezroq harakat qilish kerak”, - deydi Prinston Universitetidan Daniel Kurtzer.

Barak Obama endi prezidentlikka kirishganida Isroil-Falastin mojarosini prioritet deb belgilagan edi, ammo Isroil ishg’ol qilingan yerlarda uylar qurishni davom ettirgani ishning beliga tepdi.

U muzokaralarni jonlantirishga yana bir harakat qilib ko’radi.

Tahlilchi Deyvid Makovskiy fikricha, Obama nafaqat yahudiylar bilan til topishishi, balki Falastin ahli ishonchini ham qozonishi kerak bo’ladi.

Dunyoning eng qudratli davlati rahbari bu chigal masalani hal qilishda yetakchilikni qo’lga olishi muhim.

“Muzokaralar ijobiy va konstruktiv ruhda o’tsin desak, eng muhimi xolisona yondashuv”, - deydi Hanan Ashraviy, Falastin ozodlik tashkiloti vakili.

Suriyadagi fuqaro urushi ham Obamaning Yaqin Sharqqa safari chog’ida muhokama qilinadigan dolzarb mavzulardan.