AQShda Rossiya bilan savdoni yaxshilashga doir da'vatlar yangramoqda

  • Amerika Ovozi

Kapitoliy - AQSh qonunchilik organi Kongress joylashgan imorat

Qo'shma Shtatlarda Rossiyaga nisbatan salkam 40 yil oldin kiritilgan savdo cheklovlarini bekor qilish xususida munozara ketmoqda. "Jekson-Vanik" nomini olgan hujjat, ayrimlar nazarida, eskirgan va samarasini yo'qotgan hamda AQSh ishlab chiqaruvchilariga zarar.

Vladimir Putin prezidentlikka qaytgach, AQSh bilan munosabatlar bundan keyin qanday bo'lishi muhokamada. O'tmishda Putin rahbarlik qilgan yillar siyosatiga nazar tashlash kerak, deydi ayrimlar. Rossiyalik rasmiylar esa ikki tomonlama aloqalar ko'p jihatdan AQSh tashqi siyosati va uning Rossiyaga munosabatiga bog'liq, deydi.

Kreml ko'p yillardan beri AQShdan "Jekson-Vanik" tuzatishini bekor qilishni so'raydi. 1974-yilda qabul qilingan Savdo qonuniga qo'shimcha ravishda biriktirilgan tuzatish avval SSSR, u qulaganidan so'ng esa Rossiya bilan savdoni cheklaydi.

Moskva

Rossiya salkam 20 yillik harakatlaridan so'ng Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish arafasida ekan, amerikalik ayrim qonunchilar "Jekson-Vanik" tuzatishini bekor qilishga chaqirmoqda.

Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Jon Kerri bu cheklovlarni nafaqat olib tashlash, balki Rossiya bilan normal savdo aloqalari o'rnatish kerak, deydi.

"General Electric" kompaniyasining Rossiya bo'yicha direktori Ronald Polettning aytishicha, bu davlat umumiy import hajmining to'rt foizigina AQSh tovarlari hissasiga to'g'ri keladi. Rossiyaga normal savdo aloqalari maqomi berilsa, ikki tomonlama savdo hajmi oshib, AQSh milliardlab dollar foyda ko'radi hamda Amerikada ish o'rinlari yaratiladi.

AQSh sobiq savdo vaziri Don Evans ham shunday fikrda:

"Qonun bekor qilinib, Rossiya bilan erkin savdo yo'lga qo'yiladi degan umiddaman. Shu bilan birga inson huquqlari, korrupsiya, fuqarolik jamiyati, iqtisodiy erkinlik kabi masalalarni ham chetda qoldirmaslik zarur".

"Jekson-Vanik" qonuni bugungi kunda asosan Rossiyani inson huquqlarini yaxshilashga undovchi vosita bo'lib xizmat qiladi. Biroq tanqidchilar nazarida bundan foyda bo'lmayapti.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi "Freedom House" tashkiloti rahbari Deyvid Kreymerning aytishicha, tuzatishni sababsiz bekor qilish Rossiya oldida bosh egish demakdir.

"Kongress bu ishga qo'l ursa, Putin va hamtovoqlari "AQSh bo'sh keldi, past ketdi" deb o'ylaydi. Xuddiki, aloqalar Rossiyagamas, ko'proq Amerika uchun zarurdek, deb hisoblashadi. Chora bekor qilinsa ham uni boshqa vosita bilan yangilash zarur", - deydi Kreymer.

Sergey Magnitskiy nomidagi qonun loyihasi ana shunday vosita bo'lib xizmat qilishi mumkin, deydi ayrim qonunchilar. Hujjat o'tgan yili AQSh Senatida taqdim etilgan. Kuchga kirsa, 2009-yilda tergov izolyatorida jon bergan advokatning o'limiga AQSh aloqador deb bilgan 60 ga yaqin Rossiya rasmiylari Amerikaga kira olmaydi va Qo'shma Shtatlardagi mulk va hisob raqamlari muzlatiladi.