Tarixni o’zgartira olmaysiz, uni o’rganish mumkin xolos. Jeymstaun - insoniyatning beshafqat o'tmishi va uning yangi dunyodagi zafarlari majmuasi.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5
Yangi dunyoga darvoza
Jeymstaun bugun tarixiy obidalardan iborat ochiq muzey. 1616-yildan boshlab, 1699-yilgacha bu yer ingliz mustamlakasining poytaxti bo'lgan. Yangi dunyoga darvoza deb atashgan uni.Jeymstaun – Jeyms daryosi bo’yida qad ko’targan aholi punkti. Atlantika okeanining narigi tomonidagi orol - dunyoning katta qismini o’ziga bo’ysundirgan ingliz imperiyasi bayrog’i osilgan katta kemalar mana shu daryo orqali kirib, yangi yerni kashf etgan. Bugun ular barpo etgan ilk shaharning qoldiqlarini ko’rasiz xolos. Tarixiy ma’lumotlarga asoslanib tiklangan manzara.
Fusunkor yelkanlar – 406 yil oldin kelgan kemalarning modeli. Amerikaliklar va butun dunyodan kelgan sayyohlar bu yerda ularni ko’zdan kechirishi mumkin. Tarixga bir sayohat qilasiz.
1607-yil. Inglizlar astalik bilan bu yerlarga qadam bosib, sharoitni o’rganmoqda. Noma’lum, siru-asrorlarga to’la sarhad. Yegulik topish oson emas. Tub aholi nayzasidan tirik qolish ham… Birinchi 50 yillik hayot-mamot uchun kurash davri bo’lgan. Ocharchilik, tinimsiz urushlar…
Qabriston va ibodatxona
Daryo bo'yidagi qabrlarga yangi dunyoga kelib qolib, ochlik qurboni bo’lgan ayollar va bolalar ko’milgan. Ayrimlarni hindular nishonga olib o’ldirgan. Arxeologlar topgan dalil-isbotlar shundan darak beradi.Inglizlar kelishi bilanoq cherkov qad ko’targan. 17-asr boshida ochilgan mana bu ibodatxona nimalarga bardosh bermagan deysiz. Bugun ham o’sha poydevor uzra savlat to’kib turibdi. Atrofi qadim qabriston.
Cherkov va mozor - Tarixiy Jeymstaunning markazi. Bu yer doimiy tadqiqot ostida. Hali u yog’ini kavlaymiz, hali bu yog’ini, deydi mahalliy arxeolog Mariana Richardson, ochilmagan sirlar hali ko’p.
“Cherkov atrofida minglab qabrlar borligini bilamiz. 17-asr boshidan 18-asrning ilk yillarigacha biz turgan yerlarda har yili yuzlab insonlar ko’milgan”,- deydi arxeolog.
Inglizlar ochlik va juda ko’p kasalliklardan azob chekkan. Izlanishlar shuni ko’rsatadiki, bu yerga dafn etilganlarning aksariyati yoshlar bo’lgan, deydi mutaxassis.
Yevropadan bu yerga yangi hayot, erkinlik va boylik izlab kelgan insonlar yangi dunyoda o’zlari uchun o’zgacha bir jamiyat qurishni maqsad qilgan. Din va tirikchilik eng asosiysi bo’lgan, ammo mustamlakachilar siyosiy boshqaruvni shakllantirishga katta ahamiyat qaratgan. Jeymstaun port, savdo darvozasi sifatida rivojlana boshlagan.
Savdo tizimini yo’lga qo’yish uchun tub aholi bilan til topishish kerak edi. Mariana Richardsonning aytishicha, Jeymstaundan topilgan ashyolar, qadim omborlar va qoldiqlar yevropaliklar va hindu qabila yetakchilar orasida tuzilgan biznes kelishuv va bitimlardan dalolat beradi. Mojarosiz kunlar bo’lmagan, deydi tadqiqotchi, lekin tub aholi va inglizlar o’zaro mol almashgan, o’zaro manfaatli shartnomalar asosida ish yuritgan.
Bu yerda nima o’sib qachon pishishini tub aholi bilgani uchun inglizlar ularga tabiiy jihatdan tobe bo’lgan, deydi Mariana Richardson. Inglizlar mahalliy meva va sabzavotlar, shuningdek, kulolchilik mahsulotlariga qiziqqan. Ular esa tub aholiga Yevropa mollarini taklif qilgan.
To'rt asrlik fort
Amerikada bunyod etilgan ilk fortlardan biri ham shu yerda. Ingliz-shotland rusumidagi uylarni ko’rasiz. Uncha katta emas, ammo uyma-uy kirib, shunga guvoh bo’ldikki, fortda hamma zarur narsa bo’lgan. Osh-ovqatdan tortib, qurol-aslahagacha. Qoramol, parranda, go’sht, tuxum va sut mahsulotlari saqlanadigan omborlar. Ustaxonalar va albatta, cherkov.Fortni asrab-avaylash uchun mahalliy jamoatchilik va hokimiyat alohida mablag’ ajratadi. Sayyohlar bu yerda 17-asrda hayot qanday bo’lganini rang-barang tomoshalar orqali o’rganadi.
2007-yilda Jeymstaun o’zining 400-yilligini nishonlaganida Britaniya qirolichasi Elizaveta II bu yerga kelib, bu sanani amerikaliklar bilan tantana qilgan.
Bejiz emas, albatta, chunki Jeymstaundan boshlangan mustamlaka Virjiniya deya nom olgan katta hududni egallab, keyinchalik deyarli butun Shimoliy Amerikani qamrab olgan. Jeymstaun qariyb 100 yil davomida Virjiniya mustamlakasi poytaxti bo’lgan.
Jon Smit
Mustamlakaning birinchi rahbari Jon Smit bo’lgan. O’rtahol ingliz oilasidan chiqqan, o’sha davrning yetuk tadqiqotchisi, tabiatshunosi va siyosatdoni edi u.Jeymstaun va uning atrofi haqida bugungacha yetib kelgan ma’lumotlar uning esdalik va kitoblaridan olingan. Tub aholi tilini ham o’rganishga harakat qilgan.
Ular madaniyatini kashf qilar ekan, hindular bilan murosa qilish uchun mahalliy tilni bilish shart ekanini yaxshi tushungan. Lekin bu yangi dunyoda ko’p qon to’kilgan.
Pautan qabilasiga nima bo'lgan?
Albatta bu joylar avvalo tub aholiniki bo'lgan. Jeymstaun Pautan degan qabilaga tegishli yerda bunyod etilgan. Uzoq yillar qonli urushlar maydoni bo’lgan. Inglizlar kelganida, ya’ni 17-asrning boshida 14 mingga yaqin hindu yashagani taxmin qilinadi. Ular boshida mustamlakachilar bilan til topishishga harakat qilgan.Pautan qabilasidan qolgan qishloq bugun qayta ishlangan. Sayyohlar arimaydigan joy. Makkajo’xori ekib, ovchilik qilib kun ko’rgan bu insonlar hayoti bilan bir oz tanishamiz. Yog’ochdan ishlangan qayiqlar, ovlangan hayvonlarning terilari. Chaylasimon uychalarning ichida ibtidoiy bir hayot namunalarini ko’rasiz.
Hindular shubhasiz usta dehqonlar va ovchilar bo’lgan. Mustamlakachilar esa Yevropadan o’sha zamonning o’ziga xos uslublarini olib kelgan. Lekin bosqinchilar 17-asrning o’rtalariga borib, hindularni deyarli butkul qirib tashlagan. Qochib qutulganlarning avlodlari bugungacha yetib kelgan. Aksariyati boshqa elatlar bilan qorishib ketgan.
Lekin ota kasblar, hindular biladigan siru-asrorlar asrlar osha saqlab qolingan.
Biz bilan tanishgan pautan yigit qishloqqa kelganlarga tosh o’yish sirlarini o’rgatmoqda. Toshdan har xil vositalar yasash mumkin, deydi u. Sabr-toqat hamma narsaning kaliti. Pautanlar bunga sidqidildan ishongan. Hayotni shoshib emas, miriqib yashash kerak, degan ular. Mendan ertaga nima qoladi? Boylikmi yoki ziyo?
Yer, falak, borliq, tabiat in’omlari va olovga sig’ingan tub aholi inglizlarni vaqtincha kelgan mehmonlar deb o’ylagan, deydi bizga Jeymstaun tarixi va buguni haqida hikoya qilib bergan mutaxassis Lara Templin.
Jon Smit, Virjiniya mustamlakasi rahbari, Shimoliy Amerikaning bu qismlarini o’rganib, ilk xaritaga tushirgan. Qabilalar haqida aynan u qoldirgan yozma materiallardan bilamiz, deydi olima.
“1607-yilgacha, ya’ni inglizlar kelguniga qadar, bu yerlarda Pautan qabilasi hukmronlik qilgan. Pautan degan nomni ham o’zi inglizlar qo’ygan. Qabila o’sha paytda aslida ittifoq bo’lgan, o’z tarkibiga bir necha qishloq va to’dalarni olgan, yirik bir tuzum bo’lgan ”,- deydi mutaxasis.
Lara Templinning tushuntirishicha, bugungi Virjiniya va Merilend shtatlarida 32 mayda qabila yashagan. Ayollar muhim rol o’ynagan. Inglizlar tub aholi qanchalik ko’p ekani va ularning yeri hatto Angliyadan ham katta ekanini ko’rib, murosa qilishga uringan. Inglizlardan oldin Yevropadan boshqalar ham kelib bu yerni egallashga harakat qilgan, ammo uddasidan chiqa olmagan. 1607-yilda boshlangan urushlar yarim asr davom etgan.
Bu hududda hali topilmagan tarixiy manbalar va ashyolar juda ko’p, deydi suhbatdoshimiz. Arxeologlardan tortib antropologlargacha, doimiy izlanishda.
“Pautan tili haqida ozgina ma’lumotga egamiz. Bir necha so’zlar qolgan ulardan. Pautanlarning bugungacha yetib kelgan avlodlari bu qadim tilni bilmaydi. Yo’qolib ketgan til desak bo’ladi”,- deydi Templin.
Tub aholi yashagan qishloq qoldiqlari, to’rt asrlik fort, Jeyms daryosi bo’yidagi obidalar, yelkanlar…
Bularning barchasi Amerika tarixining ajralmas qismi, deydi Lara Templin.Sayyohlar kelib uni o’z ko’zlari bilan ko’radi, sayr qiladi, istasa polizda bir oz ishlashi, yo hindular qozonida ovqat qilishi, savat to’qishi, yog’och o’yishi, toshdan narsa yasashi, yelkanlarda suzishi mumkin. Maqsad – odamlarga bilim berish.
“Odamlarga aytamizki, tub aholi, pautan qabilasi, har yonda namoyon. Uning madaniy ta’siri kuchli bo’lgan. Mustamlakachilar ularni qirgan ammo ulardan ko’p narsa o’rgangan va mana shu bilim bugungacha yetib kelgan. Pautanlar qoni bugun ko’plab amerikaliklarning tomirida oqmoqda. Yosh avlodga borini aytamiz”,- deydi mutaxassis.
Bir tomondan tub aholi rolida oq tanli amerikaliklarni ko’rib, eh, insoniyatning beshavfqat tarixi deysiz. Ikkinchi tomondan esa o’tmish uchun kim ham javob bergisi kelar edi. Tarixni o’zgartira olmaysiz, uni o’rganish mumkin xolos.
1700-yillarning o’rtalariga borib, Jeymstaun ancha o’zgaradi. U shahar qiyofasini yo’qota boshlaydi. Keyinroq qullar bozoriga aylanadi. Bu davr o’z poyoniga yetgach esa astalik bilan bo’shab, odamlar kelib tomosha qiladigan ochiq muzey sifatida taniladi. 300 yilligi bayram qilinganida mana bu yodgorlik o’rnatilgan.
Yangi jamiyat poydevori qo’yilgan joy deb amerikaliklar Jeymstaunni faxr bilan tilga oladi, farzandlarini bu yerga olib kelib, o’zlari ham tarixdan dars oladi. Maxsus mashg’ulotlar tashkil qilinadi, vatanparvarlikni targ’ib qiluvchi darslar beriladi.
O’tmish bu o’tmish, deydi odamlar, uning qadri undan olingan saboqlarda.
Jeymstaun, ko’rib turganingizdek, Amerika tarixi. Obidalarning ko’rinishi juda oddiy. Ataylab shunday saqlanadi. Xuddi hozir qulab ketay deb turganga o’xshaydi. Yog’ochdan qurilgan imoratlarning qoldiqlari yoki ta’mirlangan shakllari bu. Lekin poydevor mustahkam. Bu yerlarda qasrlar bunyod etilmagan. Qasrlar qad ko’tarishi uchun yangi dunyo odamlari boyishi, mol-dunyo orttirishi kerak edi. Umuman olganda, deydi tarixchilar, kelgindilar uchun bu muhim emas edi. Kelgindilar orasida yangilikka intilish kuchli bo’lgan. Ular ortda qolgan vatanga xos hayotni istamagan. Ular hamma narsani yangidan boshlashga ahd qilgan. 1776-yildagi inqilob va mustaqillik mana shu intilishning yorqin mahsuli bo’lgan. Yangi davlatga asossolingan.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5