O’zbekistonda olti yillik hibsdan keyin yaqinda ozoqlikka chiqqan mustaqil jurnalist Jamshid Karimov bedarak yo’qolgan. O’zbekiston va chet eldagi faollar uning taqdiri yuzasidan hukumatga murojaat qilib, mustaqil jurnalistlarga nisbatan tazyiqni to`xtatishni talab qilmoqda.
Jamshid Karimov nafaqat mustaqil jurnalist balki O`zbekiston prezidentining jiyani sifatida ham tanilgan.
Jamshid 2006-yilda ruhiy kasallar shifoxonasiga majburan yotqizilgan edi. Keyinchalik sud qarori bilan muhrlanib, sal kam 6 yildan so`ng ozodlikka chiqqan edi.
Jurnalist sifatida faoliyatini tiklashga harakat qilayotgan bir paytda bedarak ketgan.
Ochiq xat muallifi, hozirda Kanadada yashayotgan mustaqil jurnalist Ulug`bek Haydarov Jamshid bilan so`nggi bor aloqada bo`lgan.
“Dunyoga xabar ber, tirikligimni, kasal emasligimni ayt. Jurnalistman, va shunday bo`lib qolmoqchiman, meni yozaydigan narsalarim bor. Xastaxonada yotgan kunlarim haqida yozmoqchiman, deb juda ko’p rejalari haqida gapirib bergan edi. Shunday keyin oxirgi marta 10 yanvar kuni gaplashdik. Menga aytgan oxirgi gapi: “noutbuk (notebook) sotib oldim, o’rnatayapman”. Avvaliga qattiq xavotir oldim, uning gaplarini ochiqlaganim uchun o’zimni aybdor his etdim, lekin baribir hukumat unchalikka bormasa kerak, undan hamma aloqa vositlarini tortib olib qo’ygandir degan taxmindaman”, - deydi u.
Ulug`bek Haydaraov deydiki, Jamshid Karimov uzoq yillik ruhiy kasalxona surgunini boshdan kechirishiga qaramasdan mustaqil jurnalist sifatida faoliyat yuritish maqsadidan qaytmagan.
“Unga erkinlik berilishini, so`z erkinligi, harakat erkinligini qaytarib berilishini talab qilyapmiz. U oxirgi marta jurnalist ekanligini, odamlarga to`g`ri xabar yetkazishni istashini aytgan edi”, - deydi Haydarov.
Jamshidning jamoatchilik bilan aloqasi uzulishi sabablaridan biri undagi informatsiya, xususan oilaviy xotiralari asosida yoza boshlagan kitobi bo`lishi mumkin, deydi Ulug`bek Haydarov.
“U o`zida juda katta informatsiya ushlab turgan shaxs. Uning yozadiganlari rahbarlarga, xususan prezidentga ham xavf bo`lishi mumkin. Chunki u amakisi (Islom Karimov) haqida ko`p narsalarni biladi. Hali ko`pchilikka ma’lum bo`lmagan faktlar unga ma`lum”.
Ulug`bek Haydoarovning qayd etishicha, Jamshid Karimov aynan shu voqealar haqida kitob yoza boshlagan payt to`satdan yo`qolgan va keyinchalik ruhiy kasallar shifoxonasidan topilgan edi.
“2006-yilda boshlagan edi bu kitobni, “Men va mening amakim” degan. Kompyuterda 20 sahifalikcha yozilgan edi, amakisini hayoti bilan bog`liq narsalar. Keyin uni qamoqqa olishdi va u narsalar hammasi yo`qotildi. Jamshid shu informatsiyalarni tiklamoqchi, bir kitob holatiga keltirmoqchi edi ”, - deydi Ulug`bek Haydarov.
43 yoshli Jamshid Karimov O’zbekiston prezidenti bilan qarindoshchilik munosabatlari o`ta sovuq ekanini ta`kidlab kelgan.
Faollar nazarida Jamshid Karimov hamisha oshkoralik tarafdori bo`lgan va prezident qarindoshi bo’la turib, mana shunday pozitsiyada qolishi hukumat uchun xavfli ko’riladi.