"Jasliq" yopilishi kerak, deydi huquq himoyachisi Tolib Yoqubov

Jasliq qamoqxonasiga nazar

Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zo davlatlarni inson huquqlariga oid majburiyatlarni bajarishga undar ekan, “Jasliq” qamoqxonasidagi vaziyat tahlil qilinib, uzoq yillardan buyon qamoqda o’tirgan Murod Jo’rayev ozodligi uchun petitsiya boshlandi.

Your browser doesn’t support HTML5

Jasliq qamoqxonasi - Tolib Yoqubov fikrlari - Malik Mansur


Inson huquqlarini himoya qilish mavhum va’dalardan real qadamlarga aylanishi kerak, deyiladi BMT Inson huquqlari qo’mitasi Xalqaro inson huquqlari kuni munosbati bilan tarqatgan bayonotda.

O’zbekiston va BMT o’rtasida bu borada munosabatlar tarang. O’zbekistondagi siyosiy mahbuslar va qiynoqlar bilan bog’liq muhokamada bu yaqqol aks etadi. Respublika BMT yig’inlarida barcha talab va tanqidlarni rad etishda davom etarkan, mahalliy huquq himoyachilari vaziyatdan yanada xavotirda.

O’zbekiston hukumati siyosiy mahbuslar yo’q deydi. 20 yildan buyon qamoqda qolayotgan Murod Jo’rayev singari fuqarolar unda kim? Ular axir aynan tuzumni savolga tutgani, adolat talab qilgani uchun zindonband qilingan, deya ajablanadi faollar.

Markaziy Osiyo inson huquqlari tashkiloti uyushtirgan petitsiyada aytilishicha, mamlakat prezidentiga nisbatan tanqidiy fikrlari uchun qamalgan sobiq deputat Murod Jo’rayev O’zbekistonda eng uzoq muddat qamoqda qolayotgan siyosiy mahbus.

1994-yilda hokimyatni noqonuniy egallash harakatida ayblanib12 yilga qamalgan Jo’rayevning jazo muddati qamoqda to’rt bora uzaytrilgan. So’nggi bor 2012- yilning dekabrida uch yillik jazo muddat qo’shib berilgan.

Taniqli huquq himoyachisi Tolib Yoqubov fikricha, “Jasliq” qamoqxonasini yopish kerak.

Kimsasiz cho’lda qurilib, boshida yashirin tarzda yuritilgan bu qamoqxona asosan diniy, siyosiy- ijtmoiy sohada o’zgacha fikrda bo’lgan mahbuslar uchun mo’ljallangan, deya yozadi Tolibov yaqinda chop etilgan maqolasida. Hukumatga muxolif kuchlarni bostirishda, qiynoqlar siyosatida “Jasliq” o’rni alohida ta’kidlanadi.

“Muxolifatga, ayniqsa diniy muxolifatga, dunyoviy muxolifatga hech qanday imkoniyat qoldirmaslik uchun qiynoq qo’llash davlat siyosatiga ko’tarilgan. Bu tergovchilarning o’z xohishiga ko’ra qilyotgan ishi emas, bu ularga topshirilgan. Huquq-tartibot idoralarida qiynoq qo’llashni bo’yniga olmagan odamlar ishdan bo’shatilgan, yo’qotilgan. Minglab odamlar diniy ayblovlar bilan qamaldi. Agar qiynoqlar bo’lmaganda edi, bunchalik ko’p kishini qamay olishmasdi. Faqat qiynoq natijasidagina ulardan o’zlariga kerak ko’rsatmalarni olishdi. Bu davlat siyosati bo’lgani uchun ham minglab odamlarni biror qiyinchiliksiz qamab yuborishdi”, - deydi huquq himoyachisi Tolib Yoqubov.

Uning tahlilicha qiynoqlar faqat hukumatga daxldor masala emas. O’zbekiston inson huquqlariga oid qator xalqaro hujjatlarga imzo chekkan. Bu majburiyatlarni bajarishi, BMT qoshida hisobot berishi shart. O’zbekiston hukumati esa hozirgacha faqat yolg’on hisobotlar taqdim etish yoki po’pisa qilish yo’li bilan o’z burchini ado etmay kelmoqda.

“Shu paytgacha hukumatning mahalliy va xalqaro miqyosda turli minbarlardan qilgan yuzlab hisobotlarini eshitib keldim. O’zbekiston delegatsiyasi, ayniqsa qiynoqlar masalasida biror marta to’g’ri hisobot bermagan”, - deydi Tolib Yoqubov.

BMT bilan muzokaralarda O’zbekiston delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Akmal Saidov “Jasliq”dagi qiynoqlar, uni yopish haqidagi talablarni rad etgan va qamoqxonaga faqat Qoraqalpog’iston va Xorazm viloyatidan bo’lgan mahbuslar qabul qilinayotganini aytgan edi.