Sobiq Davlat kotibi va sobiq demokrat senator Hillari Klinton hamda Florida sobiq gubernatori, respublikachi Jeb Bush 2016-yilgi prezident saylovlarida asosiy nomzodlar sifatida ko'rilmoqda. Har ikkisi taniqli shaxs va saylov kampaniyasi uchun osonlikcha mablag' yig'ish imkoniyatiga ega. Ammo ular yuz tutayotgan o'ziga xos muammolar bor.
Your browser doesn’t support HTML5
Klinton Nyu-Yorkda o'tgan ayollar huquqiga oid tadbirda qizi Chelsi bilan ko'rinish berdi.
Demokratlar Klintonning saylovda ishtirok etishini istaydi. Ammo Klinton davlat ishida shaxsiy elektron pochtasidan foydalanganiga oid munozara hanuz tingani yo'q.
"Men Amerika xalqi siyosat va davlat masalalarida o'z qarorini berishiga ishonaman. Ishga aloqador elektron maktublarimni ommaga oshkor qilish orqali ilgari kuzatilmagan bir choraga qo'l urdim", - deydi Klinton.
Elektron pochtaga oid munozara eski mashmashalarni ham ko'taradi, deydi tahlilchi Met Dallek.
"Klintonlar doim nimanidir yashiradi, matbuotni yomon ko'radi yoki respublikachilar bilan olishadi, degan qarash bor. Bu o'tmish bilan ham aloqador bo'lib, mamlakatda, demokratlar orasida va matbuotda yangi bahslarga sabab bo'ladi", - deydi u.
Jeb Bush uchun esa sinov boshqacha.
"Men yutishni xohlayman. Partiyangiz, koservatorlar yutishini istayman", - deydi u.
Bush uchun o'z partiyasidan raqiblar bor. Akasining prezidentligi davridagi muammolar ham yodga olinadi.
"Akamni yaxshi ko'raman. Dadamni ham. Onamni ham. Ularning vatan uchun qilgan xizmatlarini, og'ir qarorlarini qadrlayman. Lekin men boshqa odamman", - deydi Jeb Bush.
Prezidentlikka da'vogar respublikachilar ko'p va yangi qiyofa istayotganlar Bushni yoqlamasligi mumkin.
"Respublikachilar partiyasi orasida o'tmishga aloqador odamni olg'a surishimiz shartmi, degan qarash bor. Skot Volker Jeb Bushga shu savol bilan qarshi chiqyapti. Bush nomining o'zi ko'p tanqid va hujumlarga sazovor", - deydi tahlilchi Dallek.
Yana Bush va Klinton yuzma-yuz kelsa kerak, deydi tahlilchi Jon Fortier.
"Uchinchi Bush bo'lish qiyin. Uchinchi Bush ikkinchi Klinton bilan yuzlashsa, Amerika siyosatidagi sulolalardan shikoyat qiluvchilar ko'payadi", - deydi u.
Jeb Bush va Hillari Klinton prezidentlik saylovida ishtirok etayotganini hali rasman e'lon qilgani yo'q.