AQSh davlat asoschilaridan biri Tomas Jefferson inson borki teng deb hisoblagan. Holbuki, hurmati baland uchinchi prezident quldor bo’lgan. Yaqin uning uy muzeyida ochilgan ko’rgazma ana shu paradoksga, Jeffersonning qo’lida ishlagan qullar hayoti va bu arbobning erkinlik uchun olib borgan kurashiga nazar tashlaydi.
Tomas Jefferson hayotining ko’p qismini Montichello (Monticello) hovlisida, Virjiniya shtatidagi haybatli plantatsiyada o’tkazgan. Mustaqillik deklaratsiyasi muallifining 600 quli bo’lgan.
Mana shu ziddiyat Jeffersonning qanchalik murakkab shaxs bo’lganini aks ettiradi.
Yuzlab qora tanlilar, oilalar mana shu plantatsiyada yashab, Jefferson uchun ertayu kech ishlagan.
“O’sha paytlar Amerikada aholining 20 foizi qullar edi. Tomas Jefferson esa quldorlar oilasidan chiqqan. Montichelloga kelgan mehmonlar bugun ushbu paradoks haqida o’ylanishi tabiiy”.
Steyn va boshqa kuratorlar fikricha, mehmonlarga imkon qadar to’liq ma’lumot berish kerak. Montichello - qullar makoni bo’lgan. Ular alohida xonalarda yashagan.
Plantatsiya va uning ko’chalarini qanday bo’lganini kompyuter grafikasi ko’rsatib beradi. Ayrim binolar ta’mirlangan.
Vormeli Xyus Jeffersonning bog’boni bo’lib ishlagan. Egasining qalin o’rmonzor va gulzorlarini parvarishlagan.
“Vormeli Xyuz ko’chatlar, o’t o’langa qaragan. Egasi Tomas Jefferson 1826-yilda vafot etganida qabrga qo’ygan ham o’sha…”,- deydi mutaxassis.
Tarixchi Sinder Stenton prezidentning qullari haqida izlanib keladi. Ularni nomma-nom bilishga intiladi.
Mana 20 yildirki, hamkasblari bilan yuritadi bu proyektni. Montichellodagi qullarning oilalari, avlod-ajdodlarini aniqlaymiz, deb ancha-muncha ilm qildi.
“Qullikda yashagan bu insonlar har dam zulm va bosim bilan yuzlashgani rost. Lekin, shu bilan birga, ular hayotning qadriga yetib, odat, qadriyatlarini saqlab qolgan va farzandlariga meros qoldirgan”.
Karen Xyuz Uayt Vormeli Xyuzning avlodidan. U qullik davriga oid buyumlar, arxeologik ob’yektlarni saqlab keladi.
“Ota-bobolarim qayerda kun kechirgani, qaysi ko’chalarni kezganini o’shanda bildim. Esimda, hayajon bosgandi. Hayotim mana shu plantatsiya bilan bo’gliq ekanini bilish boshqacha edi”,- deydi u.
Karen “prezident Jeffersonni tushunaman”, deydi.
“Ajoyib davlat arbobi bo’lgan, nazarimda. Lekin ota-bobolarimni qul qilib ishlatgani ham haqiqat. Tarix o’zi shunaqa. Bo’lgan voqealarni tan olishdan boshqa yo’l yo’q. Uni oqlash yoki yomonlashdan ham naf yo’q, fikrimcha”.
Poytaxtdagi Smitson Afro-Amerikaliklar tarixi muzeyida boshqa bir ko’rgazma ish boshladi. Unda Jeffersonning qo’lida bo’lgan qullarning to’liq ro’yxati bor.
Reks Ellis muzey kuratori:
“Jefferson shaxsiyatini anglash uchun uning qarashlari, hayotidagi odamlar, xizmatkorlari xotiralarini ko’tarish kerak. Faqat ism-shariflarini bilsak ham, yetadi shu”.
Tomas Jefferson Mustaqillik deklaratsiyasining 50 yilligida hayotdan ko’z yumgan edi. Vafotidan 40 yil o’tib, qullik barham topgan. Prezident Montichelloda dafn etilgan, qullari bilan yonma yon.