"Islomiy davlat" iordaniyalik harbiy uchuvchini tiriklayin yoqib yuborgandan so'ng qirollik ikki jangarini bugun tongda qatl etgan.
Iordaniya hukumati garovdagi pilotni 2005-yil Ammondagi suiqasd xurujiga aloqadorlik ayblovi bilan qamoqda saqlangan iroqlik Sojida Rishaviyga ayirboshlashga umid qilgan edi.
Biroq uchuvchining o'tgan oy qatl etilgani aniqlangach, Rishaviy va yana bir iroqlik jangari dorga osildi.
Internetga qo'yilgan videoda pilotning qafasga solinib yoqib yuborilgani tasvirlangan. Muaz al-Kasasbiy Suriyada samolyoti urib tushirilgach qo'lga olingan edi. Iordaniya "Islomiy davlat"ga qarshi Suriyada AQSh yetakchiligida amalga oshirilayotgan havo hujumlarida ishtirok etib keladi.
Iordaniya Qiroli Abdulla kecha Oq uyda AQSh Prezidenti Barak Obama bilan uchrashib, vaziyatni muhokama qildi.
Uning aytishicha, Muaz Kasasbiy o'z vatani uchun jonini fido etib, shahid bo'ldi.
"Xalqimiz bunday fojiali damlarda qahramon uchuvchining oilasi bilan birga bo'lishi kerak", - dedi qirol.
Arab davlatlari "Islomiy davlat"ning iordaniyalik pilotni qatl etganini qattiq qoraladi.
Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Vashingtonda hamkorlik to'g'risida memorandum imzoladi. Unga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Iordaniyaga 2017-yilgacha bir milliard dollar miqdorida yordam beradi. Shundan 467 millioni Suriya va iroqlik qochqinlarga yordam sifatida Iordaniyaga berildi.