"Kobul-Bank" ustidan tergov xulosalari e'lon qilindi

  • Amerika Ovozi
Afg’onistonda “Kobul-Bank” ishini tergov qilgan komissiya xulosasiga ko’ra, uning kasodga uchrashida nazoratning yetishmagani, ayrim xodimlarining ishga mas’uliyatsiz yondashgani, shirkat va shaxslarga kreditlarning osonlikcha berilgani sabab bo’lgan. Xususan, 19 ta firma va shaxsga jami 861 million dollarlik kredit berilgan, jumladan, bank sobiq raisiga 270 million dollar.

Hisobotga ko’ra, bank rahbarlari oddiy xizmatchilarga kredit uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda soxta ma’lumotlardan foydalanishni tayinlagan, ikki xil hisob olib borilgan.

Uch afg’on va uch xorijlik mutaxassis a’zo komissiya xulosasiga ko’ra, kreditlar va foizlarining to’langani haqidagi hisoblar ham soxtalashtirilgan.

Bankning kasodga uchrashidan, avvalambor, afg’on xalqi zarar ko’rdi, chunki bu pullar ta’lim, sog’liqni saqlash, infratuzilma va xavfsizlikni yaxshilashga sarflanishi mumkin edi, deyiladi hujjatda.

“Kobul-Bank” bir paytlar eng yirik kreditor bo’lib, 2010-yilda bankrot bo’lgan. Ma’lum bo’lishicha, bank rahbariyati 66 million dollarni o’zlariga tegishli firmalar rivojiga sarflagan, yuzlab mashina va mulk sotib olgan, naqd pulni tashishda ishtirok etgan Pomir Havo Yo’llari aviakompaniyasi uchuvchilari xizmati uchun to’lagan, olti million dollar rahbariyat sayohati uchun sarflangan.

Bundan tashqari bank puli prezidentlikka nomzodlardan biri hamda 30-40 nafar deputatning saylov kampaniyasini moliyalash uchun ham ishlatilgan.

Bank ishini tergov qilgan komissiya shu kungacha 300 million dollardan oshiq pulni qaytarishga muvaffaq bo’ldi.

21 kishiga ayblov qo’yilgan, biroq shu kungacha besh nafari qo’lga olingan, xolos, qolganlari qidiruvda.

Afg’oniston hukumati Qo’shma Shtatlardan o’tgan yili bu mamlakatga qochgan Markaziy bank sobiq raisi Abdul Qodir Fitratni topshirishni talab qilmoqda.

Prezident Hamid Karzay qaroriga ko’ra, “Kobul-Bank”dan olingan kreditni qaytargan shaxs va firmalar foizini to’lashdan ozod etiladi, aks holda ularga nisbatan jinoiy ish qo’zg’atiladi.