Kanzas ahli abort huquqini bekor qiluvchi tuzatishga qarshi ovoz berdi

  • Amerika Ovozi

Kanzas shtati. Partiyaviy saylov va referendum

AQSh Oliy sudi mamlakat bo’ylab abortga taqiqni bekor qilib, masala yechimini shtatlar ixtiyoriga o’tkazishi ketidan Kanzas shtati saylovchilari shtat konstitutsiyasidan abort huquqini olib tashlashga qaratilgan tuzatishga qarshi ovoz berdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 3-avgust, 2022-yil

Oliy sudning konservativ sudyalari abortga qarshi bo’lgani bilan konservativ hisoblangan Kanzas shtatida abort huquqining saqlab qolingani demokratlarga noyabrda Kongressga bo’ladigan oraliq saylovlarda umid bag’ishlamoqda.

Inflyatsiya muammosiga qaramay, Prezident Jo Bayden va uning partiyadoshlari abort masalasi saylovchilarni noyabrda faol bo’lishga undashini taxmin qilmoqda.

Respublikachi qonunchilar son jihatdan ustun Kanzasdagi referendumda saylovchilarning 59 foizi abort huquqini saqlab qolishga ovoz berdi.

Kanzasda respublikachi saylovchilar demokratlar va mustaqil saylovchilardan odatda faolroq bo’lgani sabab siyosiy kuzatuvchilar referendum natijasi konservativ kuchlar foydasiga hal bo’lishiga umid qilgan edi.

Noyabr oyidagi umumxalq saylovida Kentuki, Kaliforniya, Vermont va Michigan shtatlarida byulletenga abort masalasining ham kiritilishi kutilyapti.

Prezident Bayden seshanba kungi referendum natijasini olqishladi.

"Saylov natijasi amerikaliklarning aksariyati ayollarda abort qilish imkoni, o’z sog’lig’iga o’zi javob berish huquqi bo’lishi kerakligiga roziligini ko’rsatmoqda”, - dedi Bayden.

2019-yilda Kanzas oliy sudi abort qilish huquqi shtat konstitutsiyasi tomonidan himoyalangani haqida qaror chiqarganidan beri mahalliy respublikachilar konstitutsiyaga tuzatish kiritib, abort qilish huquqini bekor qilishga intilib keladi.

Seshanba kuni, shuningdek, Kanzas, Arizona, Michigan, Missuri, Vashington shtatlarida partiyaviy saylovlar ham bo'lib o'tdi.