Katta Sakkizlik sammitida oziq-ovqat xavfsizligi asosiy mavzu bo'lishi kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

2009-yil Italiyada o'tgan Katta Sakkizlik davlatlari sammitida AQSh boshchiligida Oziq-ovqat xavfsizligi tashabbusi ishlab chiqilgan edi.

Shu oy oxirida dunyoning eng rivojlangan sakkiz davlati rahbarlari AQShning Merilend shtatidagi Kemp Deyvid qarorgohida yig’iladi. Insonparvarlik yordami bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar ulardan anjumanda oziq-ovqat ta’minoti va ochlikka qarshi kurash masalalariga ham diqqat qaratishni so’ramoqda.

2009-yili Italiyada o’tgan Katta Sakkizlik yig’inida keyingi uch yil ichida qishloq xo’jaligini rivojlantirish hamda oziq-ovqat ta’minotini barqarorlashtirish maqsadlariga yetakchi mamlakatlar 22 milliard AQSh dollari ajratishga kelishib olgan edi. Bu qaror 2008-yili narxlar ko’tarilishi bois bir necha o’lkada to’polonlarni keltirib chiqargan oziq-ovqat inqiroziga javob tariqasida qabul qilingan edi.

Shuningdek, o’sha anjumanda AQSh boshchiligida Oziq-ovqat xavfsizligi tashabbusi ham ishlab chiqilgan bo’lib, uni dunyoning 26 mamlakati va 14 tashkiloti qo’llab-quvvatlagan.

Ammo gumanitar yordam xizmatchilarining aytishicha, ochlikni tugatish uchun hali ko’p ish qilish kerak. “Amaliy yordam” tashkiloti vakili Neyl Vatkins Italiyada qabul qilingan kelishuv yaqinda o’z kuchini yo’qotadi, deydi.

“Katta Sakkizlik ikki yo’ldan birini tanlashi kerak: dunyo bo’ylab ochlikni tugatish borasida bergan va’dasini davom ettirish yoki bu va’daning o’z kuchini yo’qotishiga yo’l qo’yish. Ochlikka qarshi faollar oldida prezident Barak Obama va Katta Sakkizlik rahbarlariga qaratilgan bir muhim savol bor. Ular ochlik va to’yib ovqatlanmaslikka qarshi yangi kelishuvga erishadimi yoki bu quruq so’zlardan iborat, amaliy natijasi kam bo’lgan navbatdagi sammitlardan biri bo’ladimi?”, deydi faol.

Vatkinsning aytishicha, rasmiylar qabul qiladigan yangi oziq-ovqat loyihasiga xususiy sektorni ham jalb etish kerak.

“Katta Sakkizlikning oziq-ovqat xavfsizligi va ochlik muammosiga e’tibor qaratishi muhim. O’tgan yili Somalida qurg’oqchilik bo’ldi. Dunyo bo’ylab oziq-ovqat narxi oshib boryapti. G’arbiy Afrikaning Sahil hududida 13,4 million odam yetarli ozuqaga ega emas. Ushbu hudud so’nggi ikki yil ichida ikkinchi bor oziq-ovqat inqiroziga yuz tutmoqda. Bu yerda bir milliondan ortiq bola to’yib ovqatlanmaslik oqibatida xasta”, deydi Vatkins.

“Oksfam Amerika” tashkiloti vakili Gavain Kripke nazarida Obama oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida yaxshi ish olib bormoqda.

“Prezident Obama qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat uchun mablag’ ajratishni o’zining tashqi yordam dasturiga kiritgan. U uch yil muqaddam Katta Sakkizlik yetakchilarini ham bunga ishontirgan edi. Umidimiz shuki, prezident Kemp Deyvidda yana shunday qiladi. Shuning uchun biz uni yanada yaxshiroq va ishonchliroq maqsadlarni olg’a surishga da’vat etyapmiz. Ko’proq mablag’ olish uchun”, deydi Kripke.

Uning aytishicha, bugun dunyoda bir milliard odam to’yib ovqatlanmaydi.

“Vaziyat aholining ko’payishi, oziq-ovqatga bo’lgan raqobat va iqlim o’zgarishi natijasida faqat yomonlashib boryapti”, deydi kuzatuvchi.

“Birlik” insonparvarlik guruhi vakili Tom Xart Italiya sammitidan so’ng amalga oshirilgan ishlardan qoniqmaydi.

“Donorlar shu paytgacha ajratilgan 22 milliard dollarning faqat 22 foizini sarflashdi, xolos. Biz bu miqdorning keyingi oylarda oshishini xohlaymiz. Buning ham amalga oshishi qiyin”, deydi u.

2009-yilgi sammitda Global qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi dasturi deya nomlangan xalqaro fond tashkil etilgan edi. Oradan uch yil o’tganiga qaramay, dasturni yoqlab ovoz bergan 40 mamlakatning faqat 7 nafari jamg’armaga mablag’ ajratdi, deydi Xart.

“Bolalarni asrang” tashkiloti rasmiysi Maykl Klosson Katta Sakkizlik davlatlarini millionlab bolalarning kam ovqatlanishiga qarshi jiddiy choralar ko’rishga chaqiradi.

“Ularning sog’lig’i jiddiy xavf ostida. Ochlik ularni bir oz o’sishdan to’xtatadigandek ko’rinadi, ammo aslida bu narsa ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga bir umrlik salbiy ta’sir ko’rsatadi. Bu davlatlarning o’sishi va iqtisodiyoti uchun ham zararlidir. Bolalar sog’lom rivojlanmas ekan, Katta Sakkizlikka a’zo davlatlar taraqqiyot, yutuq va farovonlik haqida so’z ochishi noo’rin”, deydi Klosson.

Katta Sakkizlik davlatlarining Kemp Deyvid qarorgohidagi sammiti 18-19-may kunlari bo’lib o’tadi. Oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi muloqotlarda ishtirok etish uchun prezident Obama yig’inga Efiopiya, Gana, Benin va Tanzaniya rahbarlarini ham taklif qilgan.