Qozog'iston elchisi: AQSh Markaziy Osiyoda faol bo'lishi kerak

Qozog'istonning AQShdagi elchisi Kayrat Umarov

Qozog’istonning AQShdagi yangi elchisi Kayrat Umarov yaqinda Vashingtonda joylashgan “Rumiy forumi” mehmoni bo’ldi. Diplomat AQSh va Qozog’iston o’rtasidagi aloqalar istiqboli, mamlakatda olib borilayotgan diniy bag’rikenglik siyosati hamda mintaqa davlatlari o’rtasidagi munosabatlar haqida gapirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Kayrat Umarov bilan suhbat, Behzod Muhammadiy


Qozog’iston Markaziy Osiyoda iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan o’lka. Maydoni butun G’arbiy Yevropa hududiga teng mamlakatda jahon jami tabiiy boyliklarining uch foizi joylashgan. Neft zaxiralari hajmi bo’yicha esa dunyoda 9-o’rinda.

Vashingtonda o’tgan yig’inda shu raqamlarni tilga olgan Qozog’iston elchisi Kayrat Umarov nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda Ostona nufuzining o’sib borayotganiga urg’u berdi.

“Yevrosiyoning yuragidan o’rin olgan Qozog’iston turli sivilizatsiyalar kesishgan nuqtada joylashgan. Xaritaga qarasangiz, biz Xitoy, Rossiya, Eron va boshqa davlatlarga to’g’ridan to’g’ri chiqiladigan yo’lakda joylashganimizni ko’rasiz. Qozog’iston Islom Nasorolikni uchratadigan joy. Mana shunday jo’g’rofiy, geosiyosiy joylashuvimiz, boy diniy-madaniy an’analarimiz Qozog’istonning milliy o’zligini belgilaydi”, - deydi Kayrat Umarov.

Markaziy Osiyo davlatlari inson huquqlari, xususan, dindorlar haq-huquqlari toptalishi bo’yicha ko’p tanqidlarga uchrab keladi. Qozog’iston ham bundan mustasno emas. Rasmiy Ostona bu borada xalqaro maydondagi obro’sini yaxshilash harakatida.

“Ichki siyosatimizda ham, tashqi siyosatimizda ham markaziy tamoyil bag’rikenglikka asoslangan. Biz barcha diniy guruhlarga birdek munosabatdamiz. Chunki hech bir dinda ekstremizmga o’rin yo’q. Barcha dinlarning yondashuvi shunday. Biz faqat ekstremizmga qarshi kurashamiz. Din ekstremist g’oyalar yoki kimlarningdir shaxsiy manfaatlari yo’lida qo’llanilishi mumkin emas”, - deydi elchi.

Diniy erkinlik bo’yicha AQSh komissiyasi ma’lumotiga ko’ra, 2011-yil Qozog’istonda diniy tashkilotlar faoliyati to’g’risida yangi qonun qabul qilingach, ko’plab guruhlar davlat ro’yxatidan qayta o’ta olmadi. Xalqaro kuzatuvchilar fikricha, Qozog’istonda oz sonli diniy guruhlar va dindorlar tez-tez hukumat ta’qibiga uchraydi.

Kayrat Umarov bunday ayblovlarni inkor etadi. Unga ko’ra, yangi qonunda diniy tashkilotlar faoliyatini cheklash emas, balki tartibga solish maqsad qilingan.

“Biz qonun doirasida ro’yxatdan o’tgan barcha guruhlar bilan ishlashga tayyormiz. Jamiyat xavfsizligini ta’minlash uchun, turli diniy guruhlar uchun birdek manfaatli ishlash muhitini yaratish uchun diniy faoliyatlarni huquqiy tartibga solishimiz lozim”, - deydi Qozog’iston elchisi.

Jahon Banki ma’lumotiga ko’ra, Qozog’iston bugun dunyoning xorijiy investorlar uchun eng jozibali 20 ta davlati qatoriga kiradi. Mustaqillik yillari mamlakatga chetdan 160 milliard dollar sarmoya kiritilgan. Kishi boshiga hisoblaganda, bu Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi a’zolari orasidagi eng katta ko’rsatkich.
Qozog’iston bu muvaffaqiyatlarning sirini jamiyatdagi barqarorlikka bog’laydi.

“Mustaqillikdan keyingi 20 yil davomida Qozog’istonda yalpi ichki mahsulot kishi boshiga 700 dollardan 12 ming dollarga chiqdi. 16 baravar o’sish degani bu. Bularga biz jamiyatdagi barqarorlik orqasidan erishdik. Uyda tinchlik bo’lmasa, barqarorlik ham bo’lmaydi”, - deydi elchi.

Qozog’iston bugun nafaqat xorijdan investitsiya jalb qilmoqda, balki o’zi ham qo’shni o’lkalarga katta miqdorda sarmoya kirityapti, deydi diplomat.

“Biz bugun “Qozoq Yordam Fondi” nomli agentlik tuzyapmiz. Hozirda bu agentlikning huquqiy asoslarini ishlab chiqyapmiz. Bu loyiha asosida qo’shni o’lkalarga, ya’ni Markaziy Osiyodagi davlatlarga iqtisodiy taraqqiy etishlarida yordam ko’rsatmoqchimiz”, - deydi u.

Qozog’iston qo’shnilarga yordam berish bo’yicha amaliy qadamlarni allaqachon boshlagan. BMT ma’lumotiga ko’ra, 2006-yildan 2011-yilgacha Qozog’istonning tashqi davlatlarga ko’rsatgan jami yordami 53 million dollar bo’lib, shundan 30 millioni Markaziy Osiyo mamlakatlariga yo’naltirilgan. Bu bilan Qozog’iston regionga eng ko’p yordam puli kiritish bo’yicha AQSh va Yevropa Ittifoqidan so’ng uchinchi o’rinda turibdi.

“Biz Afg’onistonga ham yordam ko’rsatyapmiz. Ular bilan 50 million dollarlik ta’lim shartnomasi tuzganmiz. Bu loyiha asosida 1000 afg’on talabasi Qozog’istonning eng zo’r universitetlarida turli sohalar bo’yicha tahsil oladi. Maqsad Afg’onistonning o’zini qayta tiklashida, professional kadrlari sonini oshirishda yordamlashish. Bu davlatga nafaqat harbiy, balki ana shunday ijtimoiy yordam dasturlari ham berilishi kerak”, - deydi Qozog’istonning AQShdagi vakili.

AQSh va Qozog’iston aloqalari istiqboli haqida gapirgan Kayrat Umarov Vashingtonni bundan buyon ham Markaziy Osiyoda faol bo’lishga chaqiradi.

“Nazarimda, Vashingtonning mintaqa davlatlari bilan faol aloqani saqlab qolishi juda muhim. Afg’oniston o’zini qayta qurishiga yordamlashish haqida gapirganda, bunga erishish uchun qo’shnilar bilan yaqin aloqaga ega bo’lish muhimligini yoddan chiqarmasligimiz kerak. Afg’oniston qo’shni o’lkalar ishtirokisiz xalqaro savdo va iqtisodiy munosabatlarini rivojlantira olmaydi. Shuning uchun AQSh Afg’onistonda barqarorlikni ta’minlash masalasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin hamkorlik qilishi kerak”, - deydi u.

Markaziy Osiyoning eng katta iqtisodiyoti bugun Qozog’iston bo’lsa, bu yerda eng katta aholi va geosiyosiy nufuzga ega boshqa bir davlat O’zbekiston. Minataqa taraqqiyotini, albatta, ikki davlat hamkorligisiz tasavvur qilish qiyin. Toshkent va Ostona o’rtasidagi munosabatlarning buguni va istiqboli qanday? AQShning Qozog’istondagi elchisi Kayrat Umarovdan shu haqda so’radik.

“O’zbekiston va Qozog’iston aloqalari har doim yaqin qo’shnichilik va do’stlik asosida qurilgan. O’zaro muammolar haqidagi gaplar, asosan, ommaviy axborot vositalari tarqatgan asossiz ma’lumotlar. Ayrim masalalar bo’yicha murakkab savollar tug’ilsa, ular prezidentlar darajasida telefon orqali yoki o’zaro tashriflarda tez hal etiladi. Bilasiz, o’tgan yili prezident Karimov Qozog’istonga tashrif buyurdi. Uchrashuvlar juda do’stona va iliq ruhda o’tdi. Shu tashrifdan ko’p etmay bizning bosh vazirimiz Toshkentga borib, o’zaro savdo ayriboshlashni kengaytirish haqida muzokaralar o’tkazdi. Oliy darajali aloqalar bu yil ham davom etadi, deb umid qilaman. Qozog’iston mintaqada do’stona va ochiq muloqot yo’lga qo’yilishi tarafdori”, - deydi Kayrat Umarov.

O’zbekiston mintaqada Qozog’istonning eng katta savdo hamkori. Ikki davlat o’rtasida yillik tovar aylanmasi 2 milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Shuning o’zi aloqalar yaxshi yo’lga qo’yilganini ko’rsatib turibdi, deydi qozoq rasmiysi.