Qozog’istonda avtobus halokatida Rossiyaga ish izlab ketayotgan 52 nafar o’zbekistonlik yonib ketgan. Avtobusda 57 kishi bo'lgan. Chimkent-Samara yo’nalishida ro'y bergan yong'in sabablarini o’rganish uchun Qozog'iston va O'zbekistonda hukumat komissiyalari tuzilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Dastlabki ma’lumotlarga ko`ra, 18-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat o’n yarimlar atrofida avtobus yo'lda ketayotganda yong'in chiqqan. Faqat 5 kishi omon qolgan, ulardan uch nafari qozog'istonlik haydovchilar, ikki nafari o’zbekistonlik.
Qozog’iston Favqulodda vaziyatlar qo’mitasiga ko’ra, avtobus yo’lovchilarining hammasi O’zbekiston fuqarolari bo’lgan.
Avtobus O’zbekistonga qo’shni Chimkent shahridan yo’lga chiqqani, Qozog’istonning Aktobe viloyati Ko’libay qishlog’i yaqinida yonib ketgani ma'lum. Ijtimoiy tarmoqlarda yonayotgan avtobus tasvirlangan videolar tarqaldi.
Your browser doesn’t support HTML5
O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan fojia yuzasidan tarqatilgan qisqa xabarga ko’ra, halok bo’lganlar, jumladan fojiadan omon chiqqanlar ham O’zbekiston fuqarolari bo’lishgan. Qozog’istondagi elchixona vakillari vaziyatni o’rganish uchun zudlik bilan voqea joyiga yuborilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev halok bo'lganlarning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi. Fojia sabablarini o'rganish uchun Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgan va u Aktobe shahriga uchib ketgan. Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev ham marhumlar oilasiga ta'ziya bildirib, har qanday yordamga tayyorligini bildirdi.
AQShning O'zbekistonning elchisi Pamela Spratlen "Twitter" tarmog'ida o'zbek xalqiga hamdard ekanini izhor etib, voqeani og'ir fojia deb atadi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham Xavfsizlik Kengashining bugungi yig'ilishida, Qozog'iston rais organda Nazarboyev bilan yonma-yon o'tirib so'zlar ekan, fojia qurbonlarining yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
O’zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi voqea joyiga maxsus samolyot jo’natilayotganini, shoshilinch aloqa uchun telefon raqamlari ishga tushganini ma’lum qildi.
O’zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida o'lim hollari so’nggi paytda keskin ko’paygan. Ijtimoiy tarmoqlarda halokat milliy fojiaga qiyoslanganini, qurbonlar xotirasi uchun motam e’lon qilish zarurligi haqida munozara ketmoqda.
Sohiba Hayitboyeva bir necha yillar Rossiyadagi mehnat muhojirlari muammosi bilan shug’ullanib kelgan. Ayni paytda "BBC" radiosining Rossiyadagi muxbiri sifatida ishlayotgan jurnalistga ko’ra, mehnat muhojirlari orasida o'lim hollari ko’payib borayotgani hukumatdan aniq choralar talab etadi.
Hech bo`lmaganda qatnov uchun transport sharoitlari yaxshilanishi kerak, Rossiyaga avtobusda borish o’ta qiyin, xatarli yo’l.
“Halok bo’lgan muhojirlar xotirasiga motam e’lon qilinishi kerak. Avval 10-20 ta qurbonlar bo`lgan edi, mana hozir 50 kishi halok bo`ldi. Hukumat mehnat muhojirlari xotirasini hurmatlashi uchun qurbonlar soni qancha bo`lishi kerak? Motam e’lon qilinishi shart, qancha o’zbekistonliklar o’lyapti, ularning hurmati yo’qmi? Mayli tirikligida biror sharoit qilib bera olmadi, faqat jasadlarni samolyotda olib kelayotganini aytish bilan maqtanmasdan, ularning xotirasi uchun ham nimadir qilishi kerak! Hukumat bunday fojialarning oldini olishi mumkin edi. Buning uchun mehnat muhojirlari qatnovi bilan jiddiy shug‘ullanish, tashkillashtirishi kerak. O’zbekiston Havo yo`llaridagi chiptalar narxi tushirilishi kerak, mehnat muhojirlariga imtiyozlar berilishi kerak”, - deydi jurnalist.
O’tgan yili oktabrda Rossiyaning Vladimirsk viloyatida poyezd avtobus bilan to’qnashib, 17 nafar o’zbekistonlik halok bo’lgan edi. Avvalroq shunday halokat Qozog’istonda qayd etilgan - 50 nafar o’zbekistonlik yo’lovchini olib ketayotgan avtobusning ag’darilib ketishi oqibatida 9 nafari o’lgan edi. Bu halokatlarda qurbon bo`lganlar, jarohatlanganlarga yordam ko’rsatish uchun O’zbekiston tomonidan maxsus samolyot ajratilgan. O’lganlar ham, jabrlanganlar ham mamlakatga olib kelingan edi.
“O’zbek matbuoti ham, hukumati ham tushunishi kerak. Xorijda halokatga yo’liqqanlar, jabrlanganlarga yordam ko`rsatish hukumatning vazifasi. Biz samolyot ajratdik deb shovqin ko’tarishga hojat yo’q. To'g’ri, songgi paytda munosabat sal o’zgardi, mana “Yoshlar ittifoqi” rahbari Rossiyaga borib keldi, lekin bunday tadbirlarning muhojirlarga qizig’i yo’q, ularga amaliy yordam kerak. Hech bo`lmaganda qatnov uchun transport sharoitlari yaxshilanishi kerak, Rossiyaga avtobusda borish o’ta qiyin, xatarli yo’l”, - deydi Sohiba Hayitboyeva.
Ayni paytda fojiada halok bo`lgan O’zbekiston fuqarolarining shaxsi aniqlashtirilmoqda, ularning jasadi O’zbekistonga olib kelinishi kutilmoqda.