Nursulton Nazarboyev yana prezidentlikka asosiy nomzod

Ekspertlarning aytishicha, saylov surilgani iqtisodda kutilayotgan muammolar, ayniqsa, Rossiyadagi iqtisodiy tanglik Qozog'istonni ham tortib ketishi mumkinligiga oid xavotirlar bilan bog'liq.

Markaziy Osiyodagi chorak asrlik siyosiy liderlardan biri Nursulton Nazarboyev yana Qozog'iston prezidentligi uchun asosiy nomzod. Respublikada aprel oyida kutilayotgan saylov muddatidan erta o'tkazilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Nursulton Nazarboyev yana prezidentlikka nomzod-Malik Mansur reportaji

2016-yilda rejalangan saylovni ertaroqqa surib, rasmiy Ostona buni jahon yuzlashgan murakkab siyosiy va iqtisodiy vaziyat bilan izohlagan. Qozoq muxolifati saylovlarni navbatdagi tomosha deb baholamoqda.

Nazarboyev esa qozog'istonliklarning murojaatini inobatga olib, o'z nomzodini olg'a surishga qaror qilganini aytadi. Mamlakat erishayotgan yutuqlarni davom ettirish istagimiz bor, deydi u.

Nazarboyev bu qarorini “Nur Otan” partiyasining 11-mart kuni o'tgan qurultoyida e'lon qilgan.

Avvalroq parlament 2016-yilga mo'ljallangan saylovni muddatidan oldin, 26-aprel kuni o'tkazishga qaror qilgan edi. Prezident poygalari shoshilinch o'tkazilayotgani dunyodagi murakkab siyosiy, iqtisodiy vaziyat bilan izohlandi.

Muxolifatning bildirishicha, saylov Nazaboyev hukmdorligini uzaytirishga qaratilgan tomosha, xolos:

“Qozoq muxolifatining prinsipial qismi bu saylovlarni boykot qilish kerak degan fikrda, chunki bu tomoshada ishtirok etishdan foyda yo'q. Natijalar oldindan ma'lum. Nazaroyev 90 foizga yaqin ovoz bilan g'alaba qiladi. Kutilayotgan saylov Nazarboyevni yangi muddatini rasmiylashtirish uchun tashkil qilinmoqda, xalqaro tashkilotlarga teatrlashtirilgan sahna qoy'ib beriladi”, - deydi muxolifatchi Aydos Sodiqov.

Ekspertlarning aytishicha, saylov surilgani iqtisodda kutilayotgan muammolar, ayniqsa, Rossiyadagi iqtisodiy tanglik Qozog'istonni ham tortib ketishi mumkinligiga oid xavotirlar bilan bog'liq.

“Bu bevosita Ukraina voqealariga emas, balki buning Rossiyaga ko'rsatgan ta'siri bilan bog'liq. Chunki Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalar ta'siri Qozog'istonda ham, Belarusda ham bilinmoqda. Nazarboyev Rossiyada norozilik kuchayib borayotganini ham, G'arb Rossiyaga qarshi keskin pozitsiyada qolishini ham ko'rib turibdi. Putin yaqin yillarda hukumatni yo'qotishi ehtimol, buning esa Nazarboyev hukmronligiga bevosita ta'siri bor. Shunday bo'lgan taqdirda Nazarboyev 2016-yilga borib qayta saylanmasligi aniq edi”, - deydi Sodiqov.

Nazarboyev prezidentlikka o'z nomzodini surishini e'lon qilishi ortidan 12-mart kuni Qozog'istonga Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko tashrifi kutilgan edi. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga doir muhim bayonotlar yangrashi rejalangan bu uchrashuv qoldrilgan.

Ayrim ma'lumotlarga ko'ra, taraflar Yevrosiyo ittifoqida yagona pul birligini muhokama qilishi kutilgan edi. Bu ham ortga surilgani o'rtada kelishmovchilik ko'payayotgani bilan bog'liq.

“Bu uchlik o'rtasida kelimovchiliklar mavjud. Putindan farqli Nazarboyev va Lukashenko G'arb bilan aloqlarini mutlaq uzishmoqchi emas. Ammo ular Putinning bosimi ostida, iqtisodiy tomondan ham, siyosiy boshqaruvda ham. Putin Ukrainada kuzatilgani kabi o'zining beshinchi koloniyasiga murojaat qilishi mumkin. Rus separatizmi esa Qozog'istonda ham, Belarusda ham bor. Putin bu bosimni Nazarboyevga nisbatan istagan paytda ishga tushirishi mumkin”, - deydi Sodiqov.

Qrimning Rossiya tomonidan tortib olinishi, ayirmachilarning Ukraina sharqida bosh ko'tarishi, bu to'qnashuvlarda Qozog'iston shimolidagi ruslar ham ayirmachilar tarkibida qatnashayotgani haqidagi xabarlar Ukraina ssenariysi Qozog'istonda ham takrorlanishi mumkin degan xavotirni kuchaytirdi.

Saylovlarni muddatidan avval o'tkazish qarorida shu xavotirlar o'rni borligi inkor qilinmaydi.