Qozog’iston muxolifati: 2013-yildan siyosiy o’zgarishlar kutgan edik

Tazabek Sambetbay

2013-yil Qozog’istonda so’z erkinligi va inson huquqlari toptalishi bilan esda qoladi. Aholi noroziligi kuchayar ekan, qozoq faollari boy berilgan imkoniyatlarni 2014-yilda qaytarishga umid qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Qozog’iston muxolifati: 2013-yildan siyosiy o’zgarishlar kutgan edik/Malik Mansur


Prezident Nursulton Nazarboyev mintaqadagi eng usta siyosatchilardan biri sifatida ta‘riflanadi. Ammo bir tomondan Rossiya, boshqa tomondan G’arb va Xitoy bilan munosabatlarni bir maromda ushlab turishga harakat qilayotgan Nazarboyev siyosati mamlakat ichkarisida reallikdan uzoqlashgan.

Qozoq muxolifati xalqaro miqyosda taqdim etilayotgan raqamlar va real hayot o’rtasida farq kattaligini aytadi. Nazarboyevning uzoq yillik boshqaruvi borgan sari avtoritar tuzum keskinlashishi bilan kuzatilmoqda.

“O’tgan yillar bilan solishtirganda, bu yil aholining, muxolifatchilarning turli noqonuniy bosimlarga nisbatan shikoyatlari ko’paydi. Bir necha partiya, jumladan muxolif partiyalar ham tugatildi. Fuqarolik jamiyati faollari tazyiqqa olindi, umuman hukumatning repressiyasi davom etdi. Hozir biz muxolifatni birlashtirish va yaqin bir yil ichida amaldagi hukumatga muqobil bo’lish darajasiga chiqish ustida ishlamoqdamiz. Bulardan qat‘i nazar, o’tayotgan yilda tazyiqlar kuchi bir qadar ortgani seziladi”, - deydi muxolifatdagi Qozog’iston Sotsial demokratlar partiyasi faoli Tazabek Sambetbay.

Xalqni yangi yil bilan qutlagan prezident Nazarboyev Qozog’istonni dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga kiritish strategiyasini yana eslatgan. Prezidentga ko’ra, 2013-yilda dunyoning rivojlangan 30 davlati safiga qo’shilish uchun muhim qadamlar qo’yilgan.

24-dekabr kuni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining Moskvadagi anjumanida qatnashgan Nazarboyev bu ittifoq sobiq SSSRni tiklash harakati emasligini aytib, tashkilot faoliyatiga sodiq qolishini ta’kidladi.

Rossiya, Belarus va Qozog’iston hozir Bojxona Ittifoqi doirasida hamkorlik qilib kelishadi. 2015-yildan ushbu davlatlarni iqtisodiy tomondan birlashtiruvchi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi ish boshlashi kerak.

Nursulton Nazarboyev bu tashabbus mualliflaridan deb ko’rilsa-da, g’oya ortida ham, undan manfaatdor kuch sifatida ham Rossiya turgani e’tirof etiladi. Ostonaning Moskva bilan qalinlashib borayotgan siyosiy munosabatlari qozoq jamiyatida Kremlga qaramlik yuzasidan norozilik uyg’otgan edi.

Muxolifatga ko’ra, Rossiya yetakchiligidagi Bojxona Ittifoqidagi faoliyat Qozog’iston uchun nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy vaziyatda ham aks etmoqda.

“Qozog’istonda shunday vaziyat yuzaga kelgandiki, aholining aksariyat qismi siyosiy tizimda o’zgarishlar bo’lishini kutayotgan edi, ammo bu o’zgarishlar bo’lmadi. Aksincha, hukumat ortga qadam tashladi. Adolatli siyosiy kurashni cheklovchi qonun qabul qilindi. Repressiyalar norozilik darajasini kuchaytirmoqda, bundan tashqari Bojxona ittifoqidan kelayotgan iqtisodiy zararning o’rni bor. Xullas, hukumatdan norozi bo’lgan aholi o’z maqsadini amalga oshirish uchun qulay vaziyat yuzaga kelmoqda”, - deydi Tazabek Sambetbay.

Qozog’iston mintaqada iqtisodiy jihatdan rivojlanayotgan davlat sifatida ko’riladi. Mamlakatning ulkan neft zaxiralaridan olinayotgan foyda qay tarzda sarflanayotgani bahsli masala. Jamiyatda boylar ko’paygani aksariyati qashshoqlikda yashayotgan aholi turmushiga ta‘sir qilmagan.

“Hukumat o’z iqtisodiy hisobotida taqdim etayotgan vaziyat Qozog’istondagi reallikni aks ettirmaydi, bu hisobotlar haqiqatdan yiroq. Amalda qozog’istonliklar mamlakat zaxiralari adolatli taqsimlanayotganiga umid ham qila olishmaydi”, - deydi Tazabek Sambetbay.

Prokuraturaning 2006-yilda sodir etilgan siyosiy qotillikka oid tarqatgan yangi ma’lumoti yilning muhim voqealaridan biri sifatida qayd etilyapti. Bu ma’lumotga ko’ra, qozoq jamiyatini larzaga solgan qotillik muxolifatchi Altinbek Sersenbekovning o’z qo’riqchilari bilan birga o’ldirilishida prezident Nazarboyevning sobiq kuyovi, ayni paytda qochqinlikda yashayotgan Rohat Aliyev aybdor.