Kerri: Hindiston yaqin hamkorimiz

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Hindistonda

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Dehlida Hindiston Tashqi ishlar vaziri Salmon Xurshid bilan muloqot o’tkazdi. Uchrashuvda hamkorlikka aloqador turli masalalar muhokama etildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Kerrining Hindiston safari, Behzod Muhammadiy


Safar oldidan bergan bayonotida Jon Kerri AQSh va Hindiston rishtalari o’zaro do’stlik va davomiy hamkorlik asosida qurilganiga urg’u berdi.

“Oliy ta’limdan tortib toza energiya ishlab chiqarish, terrorizmga qarshi kurash va fazoviy tadqiqotlar olib borishgacha o’rtamizda yaqin aloqalar o’rnatilgan. Afg’onistonda tinchlik va farovonlikni ta’minlash masalasida ham AQSh va Hindiston umumiy maqsad va vazifalarga ega”, - deydi davlat kotibi.

Kerri rivojlanib borayotgan savdo munosabatlariga alohida e’tibor qaratdi. O’tgan 10 yil davomida tovar ayriboshlash hajmi besh baravar oshib, 86 milliard dollarga yetgan.

Ammo tahlilchilar muammolar borligini ham tilga oladi.

Mudofaa sohasida savdo hajmi keskin oshgan. Lekin tadbirkorlar Hindiston bozori Amerika mahsulotlari uchun to’la ochilmaganidan shikoyat qiladi. Dehli esa yuqori malakali hind ishchilarini qabul qilishda AQSh immigratsiya siyosatini biroz yumshatishi kerakligini ta’kidlaydi.

Hindiston sobiq elchisi va BMT rasmiysi S.D. Munining aytishicha, bu muammolar azaldan bor va uchrashuvlarda ularni biryoqli qilish masalasi ko’rib chiqilishi kerak.

“AQSh-Hindiston aloqalarining kelajagiga bu muammolar ta’sir qiladi. Ularni hal qilish kerak. Munosabatlar hali o’zining eng baland nuqtasiga yetgani yo’q. Hindistonning Xitoy bilan savdo aloqasi Amerika bilan tijoratdan ancha ko’p. Ayni paytda AQShning Xitoy bilan tovar aylanmasi ham Hindiston bilan savdodan yuqori”, - deydi Muni.

Obama bundan buyon tashqi siyosatda Osiyoga alohida e’tibor qaratishini e’lon qilgan. Hindiston ham uzoq yillardan beri Sharqqa ko’z tikadi. Dehlida joylashgan Siyosiy tadqiqotlar markazi tahlilchisi Bxarat Karnadning aytishicha, Hindiston Sharq va G’arbni bir-biriga bog’lovchi ko’prik vazifasini o’tashi kerak.

“Agar Hindiston janubi-sharqiy Osiyo davlatlari bilan, xususan, Tayvan, Filippin va boshqa davlatlar, ayniqsa, Vyetnam bilan xavfsizlik bo’yicha hamkorlik qilsa va buni AQSh, Yaponiya va uzoq sharq bilan bog’lay olsa, mustahkam xavfsizlik arxitekturasi vujudga keladi”, - deydi tahlilchi.

Jon Kerri Hindiston safaridan so’ng Saudiya Arabistoniga yo’l olishi kutilmoqda.