Breaking News

Hindiston va Pokiston savdo-sotiq hajmini oshirishga shay


Hindiston va Pokiston o’zaro savdo-sotiq hajmini oshirish va iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish niyatida. Bu butun mintaqada vaziyatni barqarorlashtiradi va Janubiy Osiyodagi integratsiya jarayonining chuqurlashishiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi, deydi rasmiylar.

Yanvar oyi o’rtalaridan boshlab Hindiston va Pokiston o’zaro viza rejimini yengillashtirishi kutilmoqda. Bu ikki davlat o’rtasida aloqalar iliqlashayotganining yana bir belgisi.

Pokistonning Hindistondagi vakili Salman Bashir ikki tomonlama savdoning rivojlanishi tarafdori.

“Iqtisodiy hamkorlikka kelsak, bunda odamlarning bir-biriga munosabati muhim rol o’ynaydi. O’zaro aloqalar chuqurlashishi uchun ijobiy munosabat kerak”, - deydi Pokiston rasmiysi.

So’nggi oylarda ikki davlat o’zaro munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan qator o’zgarishlarni amalga oshirdi.

Chegarada savdo terminallari ochildi. Pokiston Hindistonga “Eng imtiyozli davlat” maqomini berishga qaror qildi.

Hindiston Tashqi ishlar vazirligi kotibi Y.K.Sinha agar davlatlararo aloqalarni o’zgartirmoqchi bo’lsak, savdodan boshashimiz kerak, deydi:

“Har ikkala tarafning biznes doiralarida boshqa tarafga nisbatan ishonch paydo bo’lishi kerak. Shunda muloqot yaxshi kechadi. Ishonch nafaqat ikki davlat o’rtasida ko’prik bo’lib xizmat qiladi, balki butun mintaqada farovonlikka olib keladi”.

Jahon Banki iqtisodchisi Sanjay Kathuriya so’zlariga ko’ra, Hindistondagi iqtisodiy o’sish Bangladesh va Pokiston uchun katta imkoniyatlarni yaratmoqda. Biroq dunyoning ko’pgina boshqa mintaqalaridan farqli ravishda Janubiy Osiyoda intregratsiya jarayoni juda sust, deydi u.

“2011-yilda Janubiy Osiyoda mintaqaviy savdo hajmi umumiy savdoning bor-yo’g’i 4-5 foizini tashkil etdi. Vaholanki, Yevropa Ittifoqida bu ko’rsatkich 60 foizga teng. Qo’shnilarimiz, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi, ASEANda esa 20-25 foizga teng”, - deydi iqtisodchi.

Jahon Banki hisob-kitoblariga ko’ra, Janubiy Osiyoda savdo-sotiq hajmi 20 milliard dollargacha o’sishi mumkin. Buning uchun cheklovlarni bekor qilish kerak. Hindiston va Pokiston rasmiylari o’zaro savdo butun mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtiradi, degan fikrda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG