Breaking News

Osiyo davlatlari - qurol bozorida yirik xaridorlar


So'nggi besh yilda Osiyo davlatlari xorijdan asosan qiruvchi samolyotlar sotib olgan. Suratda AQSh havo kuchlariga qarashli F-15 jangovar samolyotlari aks etgan.
So'nggi besh yilda Osiyo davlatlari xorijdan asosan qiruvchi samolyotlar sotib olgan. Suratda AQSh havo kuchlariga qarashli F-15 jangovar samolyotlari aks etgan.

So’nggi besh yil ichida jahon bo’ylab qurol savdosi 25 foizga o’sgan. Qurol xarid qilayotgan mamlakatlar ro’yxatida Osiyo davlatlari peshqadamlik qilmoqda, deyiladi Stokgolm Xalqaro tinchlik tadqiqoti instituti (SIPRI) e’lon qilgan yangi hisobotda. SIPRI ma’lumotiga ko’ra, Hindiston so’nggi besh yilda xorijdan eng ko’p qurol-aslaha sotib olgan mamlakat.

Xaridorlar

2007-2011-yillarda global qurol savdosida 10 foiz ulush bilan eng yirik xaridor Hindiston bo’lgan bo’lsa, keyingi o’rinlarni Janubiy Koreya (6 %), Xitoy (5%), Pokiston (5 %) va Singapur (4 %) egallagan.

Besh yil ichida Hindistonning qurol-aslahaga talabi oshib, xorij bilan 38 foizga ko’p savdo qildi. Hisobotda aytilishicha, Dehli so’nggi yillarda asosan qiruvchi samolyotlarni xarid qilmoqda. Masalan, Rossiyadan 120 ta SU-30MK va 16 dona MIG-29K hamda Britaniyadan 20 ta “Jaguar” samolyotini sotib olgan.

Qurol xaridorlari orasida 4-o’rinni band etayotgan Xitoy chetdan qurol sotib olishdan ko’ra, e’tiborni ko’proq o’zida qurol ishlab chiqarishga qaratmoqda. Xitoy qurollarni nafaqat sotib oladi, balki sotadi ham. Pokiston asosiy xaridorlaridan biri hisoblanadi.

Sotuvchilar

AQSh va Rossiya qurol savdogarlari ro’yxatini boshqarishda davom etyapti. AQSh 30 foiz bilan birinchi, Rossiyaning eksporti 24 foizga teng. Keyingi o’rinlarda Germaniya, Fransiya va Britaniya. Qurol savdosining 70 foizi ushbu besh mamlakat hissasiga to’g’ri keladi.

AQShning asosiy xaridorlari Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlari. Qurollarning yarmi Osiyoga sotiladi. 2007-2011-yillarda AQSh xorijga sotgan jangovar qurollarning 63 foizini harbiy samolyotlar tashkil etgan. 2011-yilning o’zida Vashington xorijlik xaridorlarga 64 dona qiruvchi samolyot yetkazib berdi. O’tgan yili Saudiya Arabistonining 154 dona F-15 samolyotiga buyurtmasi so’nggi 20 yildagi eng yirik qurol shartnomasi deya baholanmoqda.

Qurol savdosi va uning global tinchlikka ta’siri

Yaqin Sharqqa sotilayotgan qurollar hajmi sakkiz foizga kamaygan bo’lsa-da, SIPRI ma’lumotiga ko’ra, yaqin orada hududda qurol savdosi yana jonlanishi mumkin. Hisobotda yozilishicha, yetakchi savdogar davlatlar “arab bahori” isyonlari paytida ham Yaqin Sharqdagi mustabid tuzumlarga qurol yetkazib turgan.

2011-yilda Bahrayn, Misr, Liviya, Tunis va Suriya hukumatlari tinch namoyishlarni kuch bilan bostirishda xorijdan sotib olingan qurollarni ishga solgan. Bu hol ta’minotchi davlatlarda jamoatchilik va qonunchilar xavotiriga sabab bo’ldi. Ammo davlatlarning chetga qurol sotish siyosati tubdan o’zgarmadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2011-yil fevral oyida Liviyaga qurol sotishni man qiluvchi embargo e’lon qildi. Misr esa xorijdan, xususan, AQShdan katta miqdorda qurol-aslaha olishda davom etyapti. Masalan, 2011-yilda AQSh bu davlatga 45 ta M1A1 tanklarini sotib, yana qo’shimcha 125 ta tankka buyurtma oldi.

Hisobotda bayon qilinishicha, AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar Suriyaga qurol embargosini mustaqil ravishda joriy etishiga qaramay, Rossiya savdodan voz kechmadi. Masalan, o’tgan yili Suriya mudofaa tizimi uchun turli xildagi raketalar yetkazib berildi. Rasmiy Damashq qurol importchi davlatlar ro’yxatida 68-o’rindan 33-o’ringa ko’tarildi.

SIPRI hisoboti e’lon qilinishi ortidan Xitoy Osiyoda qurol poygasi boshlanishi mumkin, deya ogohlantirdi.

“Global Times” gazetasidagi maqolaga ko’ra, Xitoy qudratining o’sib borishi Osiyoda qurol poygasiga asosiy sabab, deb qarash noto’g’ri. AQSh boshqa mamlakatlarning Xitoyga qarshi siyosatini qo’llab-quvvatlashni to’xtatishi kerak. Vashington va Pekin hudud xavfsizligi bo’yicha o’zaro jiddiy muzokara olib borishi kerak, deb yozadi nashr.

Yaqinda Obama ma’muruyati Qo’shma Shtatlar bundan keyin Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga alohida diqqat qaratadi, deya bayonot qilgani Xitoyning jiddiy e’tiroziga sabab bo’ldi. AQShning yangi strategiyasi Janubiy Xitoy dengizidagi ayrim hududlarga Xitoy da’vosi oshib borayotgan bir paytga to’g’ri kelmoqda. Rasmiy Vashington nazarida yangi tashqi siyosat Xitoyga qarshi qaratilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG