Myanmaga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bu mamlakatdagi ayrim demokratik islohotlarni olqishladi, ammo yangi hukumat bu yo'lda yanada ko'proq ishlar qilishi kerak, iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirib, inson huquqlari himoyasini kuchaytirishi kerak, dedi.
"Bu mamlakatda demokratik tizimga o'tish jarayonini qo'llab-quvvatlaymiz. AQSh Myanmaga qo'ygan qolgan sanksiyalarni bekor qilishi uchun demokratiya yo'lidan yurishda davom etish zarur", - dedi Kerri Tashqi ishlar vazirasi Au San Su Chi bilan o'tkazilgan matbuot anjumanida.
Kerrining Myanmaga safari oldidan Vashington ba'zi moliyaviy va savdo cheklovlarini bekor qildi. Sanksiyalar mamlakat harbiy diktatura ostida bo'lgan paytlarda joriy etilgan edi. Ayrim guruhlar va shaxslarga nisbatan qo'llangan jazo choralari esa hozircha amalda.
Ilgari Birma deb atalgan bu davlatda mart oyida o'tgan saylovlarda uzoq yillar muxolifatda bo'lgan Au San Su Chining siyosiy partiyasi tarixiy g'alabaga erishib, uning o'zi konstitutsiyaga ko'ra prezident bo'la olmagani uchun tashqi ishlar vaziri lavozimini egalladi.
Ikki arbob Myanma musulmonlari taqdiri haqida ham fikr almashdi. Asosan buddistlar yashovchi bu mamlakatning Rakxayn shtatida musulmonlar kamsitib kelingan. Myanma hukumati AQSh elchixonasidan ularni "roxinjalik" deb atashni bas qilishni so'raydi. Unga ko'ra, musulmonlar Myanmaga Bangladeshdan kelgan va ularni "bengali" deb atash kerak. Musulmonlarga kelgindi sifatida qaralgani uchun Birma hukumati ularga fuqarolik berishdan bosh tortib keladi, natijada ular ko'p huquqlardan ayrilgan.
Au San Su Chi Kerriga "ichki muammolarimizni vaqt o'tishi bilan o'zimiz hal qilamiz, vaziyatni chetdan taranglashtirishga hojat yo'q" deb aytdi.
AQSh elchisi Skot Marsiyelning aytishicha, Myanmadagi musulmonlar o'zlarini "roxinjalik" deb atagani uchun elchixona ham ularni shunday atashda davom etadi.