Kongressga intilayotgan ayollar qanday mablag' to'playdi?

  • Amerika Ovozi

AQSh kongressi tomon intilayotgan ayollar soni tobora ko'payib borarkan, ayol nomzodlar saylovlarni moliyalashtirishda yangi yo’llarni topishning uddasidan chiqmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Siyosatdagi ayollar va ularning jamg'armasi

​Debra Xolland AQSh Kongressiga saylangan birinchi hindu ayol bo'lishi mumkin.

U Nyu-Meksiko shtatidagi 1-Kongress okrugidan demokrat nomzod.

Saylovda qatnashayotgan har qanday nomzod mablag’ kerakligini biladi. Ayniqsa, birinchi marta qatnashayotganlar uchun bu muhim.

“Kongress saylovlari mablag’ talab qilishi sir emas. Reklamalar, televideniye bilan ishlash kerak. Bu esa qimmat”, - deydi nomzod.

Xolland internet, pochtadan yuboriladigan ehsonlar va pul yig'ish tadbirlari o’tkazish orqali mablag’ to'playapti.

“Har biri 3, 5, 10 dollardan ehson qiladigan ko'plab odamlar bor”, - deydi u.

Telefon orqali pul yig’ish uning uchun eng samarali usul.

“Hech qachon Kongress nomzodi menga qo’ng’iroq qilmagan, rahmat, xudsand bo’ldim, deydiganlarni uchrataman ba’zan” - deydi nomzod.

Xolland siyosatni moliyalovchi korporatsiyalardan mablag' olmaydi. U Amerika tub aholisi ehsoniga va “Emili ro'yxati” kabi demokratlarga ko’maklashuvchi guruhlar yordamiga tayanmoqda.

Sara Briner Vashingtondagi Hozirjavob siyosat markazi tadqiqotchisi.

“Ayol nomzodlarni moliyalashtirishni istaganlar siyosatda ayollar ko’payishi, ayniqsa, qonunchilikda roli bo’lgan xotin-qizlar tarafdori. Abort kabi an’anaviy muammolarni hal qilishda ayollarning ovozi bo’lilishini istashadi”, - deydi u.

Briner nazarida, demokrat ayollar ko’proq mablag’ to’plashga erishmoqda.

“Jarayonda respublikachilarga mablag’ kam tushayotgani kuzatiladi. Respublikachi ayol nomzodlarga mutlaqo pul tushmayapti. Demokralar esa ko’p mablag’ to’playapti. Ayniqsa, individual donorlar ular tomonda ”,- deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Saylovlar va siyosatdagi ayollar

Ami Xoyber 2016-yilda demokrat raqibiga yutqizgan respublikachi. Hozir Merilend shtatining 6-Kongress okrugidan umid bilan Kongress saylovlarida yana qatnashyapti.

Xoyber o’z kampaniyasini katta-kichik ehsonlar, shuningdek, o’zining va turmush o’rt’og’i Mark Epstinning shaxsiy mablag'lari orqali moliyalashtiryapti.

“O’tgan safar meni hech kim tanimasdi. Hozir kimligimni, nimalarga qodir ekanligimni bilishadi. O’zimga, qilayotgan ishimga ishonganim uchun ham shaxsiy resurslarimni ham ishga solyapman. Buni xalq ko’rib turibdi”, - deydi u.

Ami Xoyber ayol nomzodlarning ehson so’rashi qiyin ish ekanini tushunadi.

“Tanimagan odamga qo’ng’iroq qilib kampaniya uchun ehson so’rashni o’rganish qiyin kechdi. Lekin oldingi saylovdan ko’ra, hozirgi natijalarim ancha yaxshi”, - deydi u.

Nomzodlarning barchasi, mablag’ yetarli bo’lsa, Amerikada siyosiy maqsadlar amalga oshishi imkoni bor, deya umidvor.