Shimoliy Koreya xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikka ko'ngan

  • Amerika Ovozi

Bill Richardson (chapdan) Pxenyanda rasmitylar bilan muloqot paytida

Xalqaro hamjamiyat Koreya yarimorolida vaziyat taranglashayotganidan tashvishda. Shimoliy Koreya janubiy qo'shnisining harbiy mashqlariga provokatsiya sifatida qarar ekan, javob chora ko'rishini aytib, vaziyatni keskinlashtirmoqda.

Janubiy Koreya bugun Yonpxendo orolida harbiy mashqlar o'tkazgan. O'tgan oy aynan shu orol Shimoliy Koreya tomonidan janub mashg'ulotlariga javob tariqasida o'qqa tutilgan edi. Pxenyan bu safar ham chora ko'rishini aytgan edi, ammo Shimoliy Koreyada besh kun muloqot qilgan AQShning BMTdagi sobiq elchisi, Nyu-Meksiko shtati gubernatori Bill Richardsonning aytishicha, u kommunistik davlat bir qator masalalar bo'yicha kelishib olgan.

Xususan, rasmiy Pxenyan Janubiy Koreya harbiy mashqlariga javob bermaslikka, xalqaro inspektorlarning Yonbyondagi yadro reaktorini ko'zdan kechirishiga ruxsat berishga, AQSh, Janubiy Koreya va Shimoliy Koreya o'rtasida harbiy komissiya tuzishga rozi bo'lgan.

Shimol, shuningdek, Yonbyondagi uranni boyitish zavodidan 12 ming uran sterjenlarini sotib, Janubiy Koreyaga yuborishga ham rozilik bergan. Mutaxassislar hisobicha, buncha sterjenni 6-8 ta atom bombasini yaratishda ishlatish mumkin.

Shimoliy Koreya olti tomonlama muzokaralardan 2008-yilda chiqqan edi. AQSh uning eng yaqin ittifoqchisi Xitoy yordamida Pxenyanni muzokaralarga qaytarishga harakat qilmoqda.