Vashington Pxenyanni muzokaraga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Davlat kotibi Jon Kerri Janubiy Koreya va Yaponiya tashqi ishlari bilan muloqot chog'ida. Nyu-York, 18-sentabr, 2016-yil.

Shimoliy Koreya o'tkazgan oxirgi yadro sinovidan to'qqiz kun o'tib, Amerika bosh diplomatining aytishicha, Vashington Pxenyan bilan muzokara stoliga qaytishga tayyor. Kommunistik davlat atom quroli va raketa dasturidan voz kechsa murosaga rozimiz, dedi u.

"Muhimi, Pxenyan provokatsiyaga berilmasin", - dedi Kerri Yaponiya va Janubiy Koreya diplomatlari bilan muloqotda.

Koreya yarimorolini yadro qurolidan tozalashga doir ko'ptomonlama muloqot 2003-yilda boshlangan edi. Ammo ishtirokchi davlatlar (Koreyalar, Xitoy, Yaponiya, Rossiya va Qo'shma Shtatlar) 2008-yilning dekabridan beri ko'rishgani yo'q.

Yakshanba kungi uchrashuv Shimoliy Koreya beshinchi bor yadro qurolini sinagach, raketalar uchirishga zo'r bergach, o'tkazildi. "Kim Chen Un o'ylamasdan ish qilmoqda", - deydi Kerri.

Tahlilchilar sun'iy yo'ldosh bilan olingan suratlar asosida qashshoq Pxenyan navbatdagi yadri sinovlariga hozirlik ko'rmoqda, deydi.

Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Yu Byunse, bu orada, qo'shni bu davlat bilan mutlaqo murosa qilishga hushi yo'q. Pxenyan BMT Xavfsizlik Kengashining qator sanksiyalarini pisand qilmadi, murosadan naf yo'q, deydi u.

Yun nazarida BMT Bosh Assambleyasi Shimoliy Koreyani yanada keskin sanksiya bilan jazolagani ma'qul.

Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Fumio Kishida ham Shimoliy Koreyani yangi sanksiyalar bilan tartibga chaqirish tarafdori. Kishidaning aytishicha, bugun shimolning tahdidi har qachongidan xatarli. Xalqaro hamjamiyat jiddiy chora ko'rishi lozim, deydi u.