Pxenyan elchixonalarga evakuatsiyani maslahat berdi

  • Amerika Ovozi
Koreya yarim orolida vaziyat keskin tus olar ekan, Shimoliy Koreya rahbariyati Rossiya elchixonasi xodimlariga mamlakatni tark etishni maslahat bergan.

Elchixona rasmiysi Denis Samsonovning aytishicha, Rossiya bu tavsiyani o’rganib chiqayapti, biroq shoshilinch evakuatsiyaga hojat yo’q.

Pxenyanda hozir ahvol tinch, deydi u. Shahardagi boshqa diplomatik korpuslarga ham ayni maslahat berilgani ma’lum.

Oxirgi bir necha haftada Shimoliy Koreya Qo’shma Shtatlar va Janubiy Koreyaga qarshi qator tahdidlar bilan chiqdi. Pxenyan hatto AQShga hujum qilishini aytgan. Amerika harbiylari nazarida kommunistik davlatning bunga kuchi yetmaydi.

Bu orada, Janubiy Koreya qo’shni Shimoliy Koreya bilan chegaradagi Kesong sanoat markazidan o’z xodimlarini olib chiqishi mumkin.

Ularning hayoti xavf ostida bo’lsa, zudlik bilan chora ko’ramiz, deydi rasmiy Seul.

Kesong majmuasi ikki Koreyani bog’lab turgan oxirgi zanjirdir va yo’qsil Shimoliy Koreya uchun muhim daromad manbai sanaladi.