Josuslikda gumon qilinib, Moskva mehmonxonalaridan birida qo’lga olingan AQSh dengiz flotining sobiq askari Pol Vilan taqdiriga doir xavotirlar ortmoqda. G’arb razvedka xizmati zobitlari va ekspertlar taxminiga ko’ra, Vilan Rossiya hibsxonalarida uzoq vaqt qolib ketishi mumkin. Josuslarni o’zaro almashish ehtimoli juda kam.
Kreml rasmiylari Vilanni almashtirish fikrini inkor etmoqda. AQSh rasmiylari almashtirish bu o’rinda mantiqsiz, chunki Vilan josus emas, demoqda.
9-yanvar kuni Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeremi Xant Vilanning diplomatik tortishuvda garov obyekti sifatida foydalanilishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Kreml bu iddaolarni inkor etmoqda.
“Rossiyada odamlardan hech qachon dimplomatik aloqalarning garov obyekti sifatida foydalanilmaydi. Biz josuslikda ayblanganlarga qarshi kontr-razvedka faoliyatini olib boramiz. Bu doimiy jarayon”, - deya bayonot berdi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan suhbatda.
Jeremi Xant, shuningdek, Britaniya hukumati 48 yoshli Vilanning ahvolidan “chuqur xavotirda” ekanini bildirgan. Pol Vilanda Britaniya, Irlandiya va Kanada pasportlari ham bor. Xant Vilanni Amerikada Kreml agenti sifatida ushlangan Mariya Butinaga almashtirish uchun nomzod sifatida ko’rgan edi.
Vilan Moskvada 28-dekabr kuni qo’lga olingan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tarqatgan ma’lumotga ko’ra, u “josuslik ishi ustida ushlangan”.
“The Washington Post” gazetasining ma’lum qilishicha, Vilan Moskvada “Metropol” mehmonxonasida ushlangan. U notanish shaxsdan Rossiyadagi maxfiy agentlik xodimlari ro’yxati yozilgan “fleshka”ni qabul qilib olgandan so’ng o’z xonasidan olib ketilgan.
AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Xantsmanga Vilanni ziyorat qilishga ruxsat berilgan. Ma’lumotlarga ko’ra, Vilan 1930-yillar qatag’onida Stalinning NKVD xodimlari foydalangan Lefortovo qamoqxonasida ushlab turilibdi. Mazkur qamoqxonada mashhur yozuvchi va tarixchi Aleksandr Soljenitsin ham jazo muddatini o’tagan.
Vilanning oila a’zolari uning aybsiz ekanini, Rossiyaga nikoh to’yiga mehmon sifatida borganini aytmoqda.
Vilan josuslikda aybdor deb topilsa, 20 yilgacha qamoq jazosiga tortilishi mumkin.