Xalqaro tashkilotlar Qirg'izistonda barqarorlikni ta'minlashga hukumat mas'ul, deydi

Pyer Morel (chapda) va Jonibek Karibjonov

Xalqaro guruhlar Bishekka bosim qo'ya olmaymiz, tinchlik yo'lida yordam berish bilan cheklanamiz xolos, demoqda.

Kuni kecha Bishkekda uch yirik tashkilot vakillari matbuot anjumani o'tkazib, Qirg'izistonda 10-oktabrga belgilangan parlament saylovlari bo'yicha fikr-qarashlarini bildirgan. Saylovlar ochiq va zo'ravonliklarsiz o'tadi, degan umiddamiz, deydi ular.

Tadbirda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Pyer Morel, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisining maxsus vakili Jonibek Karibjonov va BMT bosh kotibining maxsus vakili Miroslav Yencha ishtirok etgan. Asosan saylovlar masalasi ko'tarilgan.

Jonibek Karibjonovning aytishicha, Qirg'iziston hukumati oldida turgan dolzarb vazifalar bu - tinchlikni ta'minlash, demokratik institutlar va inson huquqlari himoyachilari faoliyatini qo'llab-quvvatlash va qonun ustuvorligini kuchaytirish.

"Saylov natijalari xalq irodasi va ularning siyosiy partiyalarga munosabatiga bog'liq", - deydi Qozog'iston vakili.

Qirg'izistonda 2 million 800 ming saylovchi bo'lsa, 29 ta partiya ularning ovozini olish uchun ariza bergan.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Pyer Morelning aytishicha, saylovlar eng yaxshi demokratiya maktabidir.

"Raqobat bo'lishi kerak, biroq qonun doirasida", - deydi u.

Aprel oyida Bishkekda sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev hukumatiga qarshi g'alayonlar bo'lib, hokimiyatga muxolifat kelgach, janubda esa o'zbeklar xunrezlikka uchragach, parlament saylovlari kunida zo'ravonliklar yana avj oladi, degan xavotir mavjud.

Matbuot anjumanida "sizning nufuzli tashkilotlaringiz xavfsizlikni ta'minlash uchun nima qila oladi" degan savolga Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakili Jonibek Karibjonov shunday javob berdi:

"Xalqaro tashkilotlar saylovoldi jarayonda katta rol o'ynaydi, biroq hukumatga bosim qo'yib, uning mustaqilligiga tahdid solib bo'lmaydi. Barqarorlikni kuch bilan chetdan ta'minlab bo'lmaydi. Bu hukumatning vazifasi. Xalqaro tashkilotlar esa unga yordam berishi mumkin va biz bu ishni qilyapmiz".

Aprel oyida Bishkekdagi tartibsizliklarni bartaraf etishda ko'ngillilar guruhlariga ko'rsatilgan yordam, iyun oyidagi zo'ravonliklardan so'ng poytaxtda o'tgan xalqaro donorlar anjumani, xunrezlik jabrdiydalariga gumanitar yordam shular jumlasidan, deydi Yevropa tashkiloti vakili.

Nufuzli tashkilotlar Qirg'iziston janubida vaziyatni nazorat etish va mahalliy huquq-tartibot organlari malakasini oshirish maqsadida O'sh va Jalol-Obodga xalqaro politsiya-nazorat guruhini yuborishi kerak edi. Biroq haligacha ularning qachon kelishi aniq emas.

Matbuot anjumanidagi jurnalistlardan biri hattoki "tomosha o'tib bo'lgandan keyin ularning endi nima keragi bor" deb kinoyali savol ham berdi.

"Qirg'iziston hukumati bilan anglashuv protokoli haligacha imzolanmagani bois politsiyachilarning Qirg'izistonga borishi cho'zilib ketdi, deydi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti rasmiysi. Ammo o'rganish, ilm olish, qirg'iz huquq-tartibot organlariga yordam berish hech qachon kech emas", - deydi Karibjonov.

Rasmiyning aytishicha, politsiyachilar janubga parlament saylovlaridan so'ng borishi mumkin. Ungacha esa barcha diqqat saylov jarayoniga qaratilgan.