Yetim bolalar taqdiri, Qirg’iziston janubidan maxsus reportaj

Yetim bolalar taqdiri, Qirg’iziston janubidan maxsus reportaj

AQShda asoslangan nasroniy xayriya tashkiloti “Christian World Adoption” Qirg’izistonda bolalarni asrab olish masalalari bilan shug’ullana boshladi.

Uch yil muqaddam Qirg’izistonda xorijga bola berish taqiqlangan edi. U nima sabab bekor qilindi? Hozirda yetim bolalarning ahvoli, taqdiri, ularga g’amxo’rlik qay darajada?

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, shu kunga qadar Qirg’izistondan 216 nafar bolakay asrab olinib xorijga yo’l olgan.

Mulozimlarning aytishicha, agarda uch yil muqaddam chet elliklarga qirg’izistonlik bolalarni asrab olish man etilmaganda, ko’plab yetimlar taqdiri boshqacharoq bo’lishi mumkin edi.

O’sha paytdagi moratoriyga bolalarni xorijga olib chiqish borasida aniq huquqiy baza yo’qligi va qator qonunbuzarliklar sabab bo’lgan.

Bugunga kelib oilaviy kodeksga o’zgartirishlar kiritilgan. Shuningdek, bolalarni xalqaro miqyosda asrab olish hamda xalqaro tashkilotlarni akkreditatsiyadan o’tkazish tartibi borasida qaror qabul qilingan.

O’shdagi “Ulibka”, ya’ni “Tabassum” deb nomlangan jamoatchilik jamg’armasi ko’p yillardan beri yetim va qarovsiz bolalar masalasi bilan mashg’ul. Tashkilot rahbari Elmira Umarovaning aytishicha, bolalar yetimxonadan ko’ra xorijda bo’lsada bir oila bag’rida ulg’aygani afzalroq.

Yetim bolalar taqdiri, Qirg’iziston janubidan maxsus reportaj

“Menimcha, xorijliklarning qirg’izistonlik bolakaylarni asrab olishiga ruxsat berilishi yaxshi narsa. Chunki bolalar oilada tarbiyalanishi kerak, bolaga oilaviy muhit zarur. Ammo davlat o’sha bizning bolalarni asrab olgan xorijlik oilalarni doimiy ravishda nazorat qilib turishi shart. Sababi - bunday bolalar har qanday hodisalarga uchramasligi kerak. Masalan, ularni ichki organlarini sotish maqsadida asrab olayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi Elmira Umarova.

Suhbatdoshga ko’ra, bolalarni asrab olish amaliyoti mamlakatning o’zida ham oson ish emas.

“Qirg’izistonda juda yaxshi qonunlar bor, ammo, afsuski, to’la amalga oshmaydi. Men o’zim bolalarni oilalarga topshirish bo’yicha nazorat qo’mitasi a’zosiman. Yetimxonalardan boqib olish judayam qiyin. Odamlar yillar navbatda turishadi. Qog’ozbozlik oqibatida bola ololmayotgan oilalarimiz oz emas. Menimcha, har hil hujjat ishlarini ozaytirish kerak”, - deydi u.

Tarbiyachilar nazarida, aslida ota-onasiz bolalar vatanning o’zida asrab olinishi ma’qulroq, ammo, ochig’ini aytganda, mahalliy aholi aksar hollarda sog’ bolalarni farzandlikka oladi.

Nogiron, mayib bolalarga e’tibor sust. Qolaversa, ko’pchilik xonadonlarning moddiy ahvoli ham asrandi bolalarga yetarli shart-sharoit yaratishga imkon bermaydi.

Yetim bolalar taqdiri, Qirg’iziston janubidan maxsus reportaj

“Masalan, bugunki kunda bizda tarbiyalanayotgan uch nafar tug’ma yurak xastaligi bor bolakayni asrab olishga odamlarning qurbi yo’q. Ularni davolash uchun yirik mablag’ kerak. Yoki falaj bo’lgan bolalarni olaylik. Qolaversa, nogiron bolalarga davlat to’layotgan nafaqa ham juda oz. Xorijliklarda esa bu borada imkon va tartib kuchliroq. Bizning mayib bir qizchamizni shveytsariyaliklar asrab olgan edi. O’sha qiz hozir tuzalib qolibdi. Har besh oyda yangi ota-onalari uning ahvoli haqida xabar berib turishadi, suratlarini yuborishadi”, - deydi O’shdagi bolalar uyi mudirasi.

Rasmiylar davlat yetim bolalarni har tomonlama yetuk tarbiyalash, kelajakda ularni uy-joy bilan ta’minlash, vaqti kelib oliy ma’lumot berish imkoniga ega emasligini aytadi.

“Yetimxonalarda tarbiya ishlari yaxshi yo’lga qo’yilmagan. Bolalarning taqdiri borasida astoydil qayg’uradigan va sitqidildan ishlayotgan mutaxassislar oz. Aslida bolalar uyiga joylashtirish ham katta muammo”, - deydi nodavlat tashkilot rahbari Elmira Umarova.

“Turli hujjatlat to’plashga to’g’ri keladi, qog’ozbozlik avj olgan. Ustiga-ustak voyaga yetib, bolalar uyidan chiqqandan so’ng boradigan, suyanadigan joylari yo’q. Bu ham katta muammo”.

Suhbatdoshlar so’nggi yillarda Qirg’izistonda yetim bolalar emas, ko’proq tashlandiq bolalar soni oshayotganini urg’ulaydi.

“Birinchidan, onalar yosh qizlariga ishonib, o’rta ta’lim olganidan keyin chet o’lkalarga ishlashga jo’natyapti. U yerda yosh qizlar bilgan namozini o’qib, homilador bo’lib qaytib kelayapti. Bu yerda tug’ilgan bolani qizlar uyalganidan tashlab ketmoqda”, - deydi bolalar uyi mudirasi Erkegul Smanaliyeva.

“O’lkadagi iqtisodiy inqiroz sababli ko’pchilik ota-onalar xorijga ketishga majbur bo'layapti. Oqibatda bola ko’chada qolayapti. Chet o’lkalarda ayrimlar kasallanib hayotdan ko’z yumyapti. Oilalar ajralib ketaypti. Bu kabi hodisalar oz emas. Bundan tashqari jamiyatimiz ma’naviy inqirozga ham uchragan”, - deya so’zini yakunlaydi nodavlat tashkilot rahbari Elmira Umarova.