4-oktabr kuni Qirgʻizistonda parlament saylovlari o'tkazildi. Rasmiylar jarayon shaffof, saylovchilarning faol ishtiroki bilan oʻtganini aytmoqda.
Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, ovoz berish huquqiga ega fuqarolar 3 523 554 odamni tashkil qiladi. Biometrik roʻyxatdan oʻtmagan 557 856 fuqaro saylovga qatnasha olmagan.
Jogorku Keneshdagi 120 deputatlik oʻrni uchun kurashgan 16 partiya ichidan prezident Sooronbay Jeyenbekovning ukasi Asilbek Jeyenbekov aʼzo boʻlgan “Birimdik” partiyasi, bojxona xizmati rahbarining jurnalistlar surishtiruvlarida korrupsiyaga aloqadorligi gumon qilingan sobiq oʻrinbosari Rayimbek Matraimovning ukasi Iskandar Matraimov aʼzo “Mekenim Qirgʻiziston” partiyasi dastlabki maʼlumotlarga koʻra eng koʻp ovoz olgan. Shuningdek, “Qirgʻiziston”, “Butun Qirgʻiziston” va “Mekenchil” partiyalari ham 7 foizlik marradan oʻtgan.
Rasmiy maʼlumotga koʻra, saylovda qonunbuzarlik fakti boʻyicha 21 ta ish roʻyxatga olingan. 11 tasi ovozlarni sotib olish bilan bogʻliq.
Saylov davomida ijtimoiy tarmoqlar orqali ham turli qoidabuzarliklar boʻyicha video lavhalar eʼlon qilib turildi.
Oʻshlik saylovchilardan birining aytishicha, u "bir" raqami tushirilgan tibbiy niqoblardan birini qoʻlga kiritgan. Bu birinchi raqamda ishtirok etayotgan partiyaga ishora, deydi u.
Saylov natijasiga koʻra parlamentga kirgan deputatlar Qirgʻiziston siyosatini belgilash vakolatiga ega. Hukumatni aynan parlament deputatlari tanlaydi. Ular birgalikda qonunlar yaratadi. Soliq va nafaqalar miqdorini hamda shu kabi turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarning hammasi ularning qoʻlida boʻladi.
"Amerika Ovozi" saylovchilar bilan suhbat jarayonida aksariyatining partiya dasturlari bilan tanish emasligini, ko'plar partiya uchun emas, partiyadagi ma’lum bir nomzod uchun ovoz berganlarini o'rgandi. Saylovchilar deputatatlardan yo’llarni ta’mirlab berishini, kommunal xizmatlar sifatini yaxshilashni, barqarorlikni ta’minlashni talab qilishmoqda.
Saylov oldi dasturlarida 16 partiyaning deyarli barchasi korrupsiyaga qarshi kurashishi haqida aytgan. Shuningdek, koʻplab partiyalar mamlakatdagi siyosiy tizim va maʼmuriyatni isloh qilish zaruratini taʼkidlagan. Ba'zilar prezident boshqaruviga oʻtish g'oyasini yoqlagan.
Partiyalar dasturlarida tashqi siyosatga doir maqsadlar koʻrinmaydi, ammo saylovda eng koʻp ovoz olgan “Birimdik” va boshqa bir qator partiyalar YEOII bilan integratsiya tarafdori ekanini taʼkidlagan.
Rasmiylar saylov muvaffaqiyatli oʻtgani haqida bildirgan. Biroq saylov natijalari eʼlon qilingani sari jarayonning adolatsiz oʻtganidan shikoyat qilayotganlar soni koʻpayib bormoqda.
Sotsial-demokratlar partiyasining bir necha aʼzolari esa saylov natijalariga qarshi chiqib, Oq uy oldida muddatsiz tinchlik mitingini boshladi. Sobiq prezident Almazbek Atambayevning farzandlari ushbu partiya tarkibida saylovda ishtirok etdi, biroq partiya nomzodlari Bishkek shahridan boshqa hududlarda yetarli qoʻllovga ega boʻla olmadi.
Parlament saylovini 43 davlatdan 277 xalqaro kuzatuvchi nazorat qilgan