Qirg’izistonda etnik adovat yarasining usti yopib qo’yilgan xolos

Qirg’izistonda etnik adovat yarasining usti yopib qo’yilgan xolos

Yuzlab insonni hayotdan olib ketgan qirg’indan uch oy o’tib, kelayotgan yakshanba kuni (10 oktyabr) Qirg’iziston yangi parlamentga ovoz beradi.

Markaziy Osiyoda ilk parlament boshqaruv tizimi vujudga kelayotgani G’arbda olqishlaganayotgan bo’lsa, qo’shnilar yana bir g’avg’o boshlanmasa bo’lgani deya vaziyatni diqqat bilan kuzatib turibdi.

“Hech kim ertaga nima bo’lishini bilmaydi, lekin biz tinchlik istaymiz”, - deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan fuqarolar.

O’sh shahar hokimiyati o’zbek aholiga yonib ketgan uy-joyini tozalashga ruxsat berishi uchun ikki oycha vaqt ketdi. Qayta qurish ishlari sekin. Qish yaqinlashar ekan, ko’pchilik hamon palatkalarda kun kechirmoqda. Ayrim joylarda yangi terilgan g’ishtlarga ko’zingiz tushadi.

“Qurilishni-ku o’zimiz uddalab olamiz”, deydi mahalliy tadbirkor Hamid Badalov, “lekin qo’limizda hech vaqo yo’q. Uch bola bilan ko’chadamiz”.

“Davlat ozgina pul bilan, qurilish materiallari bilan yordamlashsa, oilam uchun ikki-uch xona solgan bo’lardim. Bor-budim ustimdagi kiyim-bosh, omonatim uyim bilan yonib ketgan”.

Bugun o’shliklar iyun oyidagi qonli voqealarni oddiy qilib “urush” deb ta’riflaydi. Armiya va politsiya asosan qirg’izlardan iborat ekan, bu urushda yengilgan tomon o’zbeklar deb tilga olinadi.

Bahodir Fozilov avval quruvchi bo’lib ishlagan, hozir ishsiz. Uning aytishicha, qirg’izlar qo’lidagi qurol-yarog’ yig’ib olinishi shart, aks holda tinchlik hech qachon bo’lmaydi bu yerda, deydi u.

Bahodir Fozilov bilan suhbatlashayotganimizda, uning qo’shnisi ikki o’lgan o’g’lining rasmlarini uyidan olib chiqib, xorijiy muxbirga ko’rsatadi.

E’tibor Qoraboyevaning aytishicha, o’z mahallasini himoya qilayotganda ularni Sulaymon tog’idan snayperlar nishonga olishgan.

Bishkekda yangrayotgan xavotir shuki, mamlakatning yosh o’zbeklari orasida Tojikistonga o’tib, harbiy tayyorgarlikdan o’tishga intilish bor. Maqsad o’ch olish ekan, ular ekstremistik guruhlar, jumladan O’zbekiston Islomiy Harakati uchun oson o’lja.

Ularni Qirg’izistonda hech narsa ushlab turgani yo’q, deydi kuzatuvchilar. Minglab nafari, hatto oliy ma’lumotlilari ham shu yoz O’shni tark etgan. Rossiya va boshqa taraflarda pul topgani.

Ko’chada ingliz tilini biladigan bir yosh yigitni uchratib qoldik, Kanadaga ko’chib ketish harakatida ekan.

“Shu yozdan beri qancha-qancha do’stlarim mamlakatdan chiqib ketdi. Eng yaqin og’aynim kuni kecha Rossiyada yangi hayot boshlayman deb Moskvaga ketdi”, - deydi ismini oshkor etmasligimizni so’ragan yigit.

O’shda minglab odamni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlar ham mamlakatdan tashqarida ekan, kasb-hunarli oddiy o’zbeklar nima qilarini bilmaydi. “Qirg’izlar ularni ishga olmaydi, bu oddiy diskriminatsiya”, - deya tushuntiradi quruvchi Bahodir Fozilov.


Boshqa bir mahallaga kirib, odamlar bilan suhbatlashsangiz, “o’z oyog’iga bolta urgan ularning o’zi axir, nima yetishmasdi o’zbeklarga”? degan tanqidlarni eshitasiz.

Talas ismli advokatning aytishicha, “O’shda 40 ta restoran bo’lsa, 35 tasi o’zbekniki, shaharda eng qimmat xorijiy avtomobillarning egasi ham o’shalar. Uch qavatli dang’illama hovlilar. Bu ham yetmagandek, o’zbek tiliga davlat maqomi berilsin deb chiqishgani nimasi”, - deydi u.

Qirg’inda har ikki tomon jabr ko’rgan, deydi qirg’izlar, lekin dunyo ommaviy axborot vositalarida bu teng yoritilmayapti. Qirg’iz faoli Turg’unoy Abdiyeva “Amerika Ovozi” muxbiriga 269 odamning jasadi tushirilgan fotosuratlarni ko’satadi.

“Butun umr o’zbeklar orasida yashagan, ishi yurishgan tadbirkor edi”, -deydi Abdiyeva, rasmlarning biriga ishora qilib. “Qo’shnilari uni o’ldirishga, uyini yondirib, orqasiga “qirg’izlar latta” deb yozib ketishgan”.

Janubda hozir nazorat mahalliy rahbarlar qo’lida desak xato bo’lmaydi. O’sh hokimi Melis Mirzakmatov ko’rsatmasi bilan shaharda o’zbek tilidagi axborot vositalari yopilgan, xalqaro politsiyachilar kelishi qoldirilgan.

Xullas, yara usti yopib qo’yilgan xolos. Alisher Hamidov kabi tahlilchilar saylovdan ko’p narsa kutmayapti.

“Mamlakatda, afsuski, na layoqatli hukumat, na effektiv sud-adliya, na saylov shikoyatlarini ko’rib chiqadigan tizim bor. Odamlar qo’lida esa minglab dona qurol-yarog’. Saylovdan so’ng bir janjal chiqadigan bo’lsa, yana qon to’kilishi hech gapmas”, - deydi yosh olim.

Alisher Hamidov bu suhbatdan ko’p o’tmay O’shni tark etdi, hozirda AQShdan siyosiy boshpana olish uchun ariza bergan. O’tgan hafta Bishkekda yozgi voqealar bo’yicha o’z xulosasini bayon qilgan mustaqil komissiya nazarida, zo’ravonlik takrorlanishi ehtimoldan xoli emas.

So’nggi uch oyda Qirg’iziston hukumati buning oldini olish uchun yetarli ish qildimikan degan savolga javob berish mushkul.