Qirg’izistonda prezident saylovlari arafasida matbuot erkinligi dolzarb mavzu. Jamoatchilik axborot vositalaridan xolis ma'lumot kutayotganini aytadi.
Rasmiylar ham jurnalistlarni professional ishlashga, kasbiy ma’suliyatini to’laqonli bajarishga chaqirmoqda.
Lekin jurnalistlar turli guruhlar, ayniqsa siyosiy harakatlar bosimi ostida faoliyat yuritish xavfli ekanini eslatadi. Jiddiy masalalarni ko’tarib chiqqan jurnalistlar kaltaklangani, tazyiqqa uchragani ma’lum.
Yaqinda o’shlik yosh jurnalist Shohruh Soipovning noma’lum kimsalar tomonidan kaltaklanishi ortidan Qirg’izistonda yana jurnalistlar xavfsizligi masalasi og’izga tushdi.
“O’sh sadosi” viloyat ro’znomasi bosh muharriri Muhammadsoli Ismoilovning aytishicha, ayniqsa o’tgan yilgi aprel inqilobi va iyun voqealaridan so’ng xavfsizlik masalasi jiddiy tus olgan.
“Oddiy fuqaro o’zi ko’chada xavfsiz yura olmayotgan bir paytda, jurnalistni olib ko’ring. Axir u voqealarning eng rivojlangan, eng qaynayotgan joyida bo’ladi-ku. Jurnalistlar himoyasiz nishonga aylanib qoldi. Hozir bizning ijodiy xodimlarimiz ham, hamkasblarimiz ham bir jiddiyroq masalani dadilroq ko’tarib chiqishga ham ikkilanib qolishdi. Bu narsa esa ijod sohasidagi ilhomga putur yetkazadi. Qalamkashlar erkin fikrlashdan chetlanib qoladi”, - deydi Muhammadsoli Ismoilov.
Bot-bot davlat tizimlari jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash borasida so’z yuritadi. Hamla hollari yuzasidan chora ko’rishni va’da qilib keladi. Qator xalqaro tashkilotlar bu o’rinda ma’lum darajada amaliy yordam berishga harakat qilgan.
“Ayniqsa, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining ko’magi katta bo’layapti. O’tgan yili iyun voqealaridan keyin ular har bir qalamkashga xavfsizlik kamzulini berdi. Bu ham “bu odam-jurnalist, himoya immunitetiga ega”, degan alomatni bildiradi- da”, - deya davom etadi suhbatdosh.
Kuzatuvchilar o’lkada axborot maydoni ma’lum qadar torayganiga e’tibor beradi. Jurnalistlarning o’zlari ham axborot olish imkoniyati ozayganini aytadi.
Muharrir Muhammadsoli Ismoilov fikricha, bunga turli sabablar bor.
“Rahbarlar yo o’z kursisidan cho’chiydi yoki sizni bir ma’noda mensimaydi. O’shanga o’xshaydigan munosabat yuzaga kelib qoldi keyingi paytlarda. Hozir bunga vaqtim yo’q, hozir bunday intervyular paytimi, xullas arzimagan bahonalarni ishlatib mulozimlar ko’proq rad javobini berishga odatlanib qolishayapti. Bunday munosabat esa qalamkashning hafsalasini pir qiladi”, - deydi u.
Boshqa muammolar ham bor. Tahlilchilar nazarida, mahalliy matbuot saviyasi pasayib ketgan. Kasbiy va ahloqiy qoidalarga zid chiqishlar qilishga odatlangan qalamkashlar soni oz emas, deydi ular.
O’shdagi nodavlat tashkilotlardan biri bir necha yildan buyon mahalliy jurnalistlarning saviyasini oshirish borasida loyihalar amalga oshirayotir. Ushbu tashkilot xodimasi, tadqiqotchi Svetlana Gafarovaning aytishicha, jurnalistika sohasida kadrlarning ishdan ketish hollari juda ko’p.
“Bunga qator sabablar bor. Birinchidan, nashrlarning moddiy bazasi nochor. Ikkinchidan, xodimlarning ijodiy o’sishi uchun shart-sharoit va stimul yo’q. Va nihoyat jamiyatda jurnalistlarga ishonch pasaygan. Axborot vositalariga “dushmancha til” deb atalmish o’ta qattiq va achchiq nojo’ya iboralar xarakterli”, - deydi Svetlana Gafarova.
Suhbatdoshga ko’ra, Qirg’iziston jurnalistlarining bosimli qismiga huquqiy savodxonlik yetishmaydi. Aynan shu masalada mahalliy nodavlat tashkilotlar ko’mak ko’rsatmoqda.
Qirg’iziston matbuotidagi hozirgi vaziyat va qalam ahliga munosabat jurnalistlar jur’atini susaytirgani ko’zga tashlanadi. Bu hol ommaviy axborot vositalari sifatiga ham salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.
“O’sh sadosi” ro’znomasi muharriri Muhammadsoli Ismoilovning aytishicha, o’tgan yilgi iyun voqealaridan so’ng yuzaga kelgan psixologik muhit ham jurnalistlarga katta zarba bo’ldi.
“Qalamkashlarning hafsalalari juda sovib ketdi. Bu kasbni nimaga tanlabman, doimo bir janjalga yoki muammoli ishlarga aralashib yurishimga to’g’ri keladi, degan fikrlar ko’pchilikning aqliga kelgan. Oddiy misol, xodimlarimizni biron matbuot anjumaniga, biron yerga boring desam ham istak bilan bormaydi-da”, - deydi muharrir.
So’nggi paytlarda qirg’iz rasmiylari bir necha bor ommaviy axborot vositalari xodimlari mas’uliyatini ko’tarish haqida so’z yuritgan.
Mulozimlarga ko’ra, qalamkashlarning chuqur o’ylanmagan, bir tomonlama va ehtirosli chiqishlari ziddiyatlarni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Bu o’rinda ayrim rahbarlar axborot vositalari sonini kamaytirishni taklif qilgan.
Jurnalistlar nazarida esa bunday tavsiyalar vaziyatni o’nglashga yordam bermaydi va demokratiya talablariga zid keladi.
Rasmiylar ham, kuzatuvchilar ham, qalamkashlarning o’zlari ham Qirg’iziston matbuotidagi muammo va ayrim noxush jarayonlardan tashvishda. Qanday xulosalar qilinishi va qanday yechimlar bo’lishini vaqt ko’rsatadi.