Qirg’iziston Chegara xizmati O’zbekiston bilan chegaradosh hududda shanba kuni sodir bo’lgan qonli hodisa yuzasidan tekshiruvni yakunladi. Ushbu idoraning jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha bo’limi boshlig’i Gulmira Boriboyevaning aytishicha, xulosalar ikki mamlakat chegara xizmatlarining rahbarlari uchrashuvida muhokama qilinmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Ikki kun muqaddam Qirg’izistonning Axsi tumanidan 33 yoshli fuqaro o’zbek harbiylari otgan o’qdan halok bo’lgan, qo’shni tomon rasmiylari ushbu inson chegara tartibini buzgani, ogohlantirishga quloq solmagani bois chora qo’llashga majbur bo’linganini xabar qilgan.
Rasmiy Bishkek Toshkentga nota yo’llab, hodisa borasida batafsil ma’lumot so’ragan edi. Chegarada yuz bergan hodisa Qirg’iziston va O’zbekiston bosh vazirlarining telefon orqali muloqotida muhokama qilingan. Tegishli idoralar masalani chuqur o’rganishi va bunday voqealarga yo’l qo’ymaslik choralarini ko’rishi aytilmoqda.
Qirg’iziston Chegara xizmatining jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha bo’limi boshlig’i Gulmira Bo’riboyeva qirg’iz tarafi o’z tekshiruvini yakunlagani, natijalar esa qo’shni tomon bilan o'tkazilayatgan uchrashuvdan so’ng ma’lum qilinishini aytdi.
Unga ko'ra, O’zbekiston va Qirg’iziston munosabatlari iliqlashuvi ortidan keyingi ikki yil ichida chegarada mojarolar keskin ozaygan.
“Umuman olganda, chegara posbonlari qonun buzuvchilarga nisbatan iloji boricha qurol ishlatmasligi kerak. Faqatgina favqulodda vaziyatlarda o’q otishi mumkin”, - deydi rasmiy.
Qirg’izistonning Axsi tumanilik mehnat faxriysi Mirzolim Xalilovga ko'ra, voqea yuz bergan hududda aniq chegaraning o'zi mavjud emas.
“Ikki qishloq orasida chegara yo’q hisob, bir ariq ajratib turadi. Bir qarindosh u tarafda bo’lsa, ikkinchisi bu tarafda. Rasmiy o’tkazish punktidan foydalanmoqchi bo’lsangiz, yuz chaqirim aylanib o’tish kerak. Bu kabi fojialar bo’lmasligi uchun rasmiy o’tkazish punktlarini ko’paytirish, chegarada betaraf chiziqlarni ko’zda tutish kerak”, - deydi u.
Suhbatdoshning aytishicha, mahalliy aholi qo'shni mamlakat harbiylarining sabab-besabab qurol qo’llashidan tashvishda.
Aytish joizki, Qirg’iziston-O’zbekiston chegarasi 1371 kilometrni tashkil qilib, uning deyarli 85 foizi xatlangan. Tegishli idoralar qolgan bahsli qismlar borasida muzokaralarni davom ettirayotgani ma’lum.
Shartnomaga binoan, qirg’iz-o’zbek chegarasida 15 ta o’tkazish punkti mavjud bo’lib, hozirda ularning yarmi faoliyat yuritmoqda.