Qirg’izistonda parlament saylovlari o’tganiga 10 kundan oshib, tugal natijalar hali e’lon qilinmagan. Bosh vazir hamon saylanmagan.
Hozircha besh partiya besh foizlik dovondan o'tib, parlamentga kirgan, lekin hech birida hukumat tuzish uchun yetarli o’rin yo’q.
Xalqaro kuzatuvchilar jarayon adolatli, xolis o'tganini aytsa-da, Markaziy Saylov Komissiyasi jamoatchilik bosimi ostida ovozlarni qayta sanashga tushgan.
Ayni damda koalitsiya tuzish bo’yicha muzokara ketmoqda. 0,16 foiz ovoz kamlik qilib, belgilangan dovondan o’ta olmagan Butun Qirg’iziston Partiyasi esa norozilik chiqishlarini davom ettirmoqda.
Bu vaziyatda yana g'alayon, zo'ravonlik avj oladi degan vahimali gaplar quloqqa chalinadi.
O’shlik yozuvchi va madaniyat xodimi Habibillo Holiqov fikricha saylovlar ancha ochiq-oydin o’tgan.
"Odamlar o’zi xohlagan partiyalarga ovoz berdi. Lekin juda ko’pchilik saylovlarda qatnashmadi. 54 foizning o’zi buni ko’rsatib turibdi”, - deydi u.
Odamlarda siyosatga ishonmaslik bor deb hisoblaydi Holiqov.
“Kelajagimiz nima bo’ladi, bu partiyalar davlatni boshqara oladimi degan o’y bor. Mana shu fuqarolarning aksariyati ishonmay qo’ygani uchun ham saylovda ishtirok etmadi”.
Necha yillardan beri ovoz berib kelaman, deydi ziyoli.
“200 ming odam ro’yxatga qo’shilgani haqida xabarlar bor. Bu gapga men ishonmay turibman. Chunki saylovchilar ro’yxatida juda bo’lsa 1-2 foiz odam ko’payishi mumkin. 200 ming juda katta raqam. Mana shuning uchun ham ba'zilar saylov komissiyasiga shubha bilan qaramoqda”.
Besh partiya ovozlarni qayta sanash, protokollarni qayta tekshirishga qarshilik bildirmayapti. "Markaziy saylov komissiyasi siyosiy beqarorlikdan qo’rqib saylov natijalarini haligacha aytmayapti, nazarimda", - deydi adib.
“Bundan tashqari, Rossiyaning ta’siri hech kim uchun sir emas. Kreml nima der ekan deb ham natijalarni hozircha sir tutib turishgan bo’lsa, ajabmas”, - deydi u.
Holiqov bo'lg'usi koalitsiya haqida shunday mulohaza qiladi:
“G'alaba qilganlarni olsak, Qirg’izistonda parlament tizimi qaror topishini yoqlagan ikki partiya bor – Demokratlar Partiyasi va Ota Makon Partiyasi. Lekin qolgan uch partiya (Or-Nomus Partiyasi, Respublika va Ota Yurt Partiyalari) prezident boshqaruvini qo’llab-quvvatlamoqda. Kuchli hukumat bo’lishini xohlaydi bu partiyalar”.
“Shu jihatdan uch partiya birlashib, - deydi yozuvchi - ikki partiya oppozitsiyaga o’tib qolishi mumkin. Lekin Rossiyaga xayrixohlik ham alohida koalitsiya yaratishi mumkin – SDPK (Qirg’iziston Sotsial Demokratlar Partiyasi), Or-nomus va Respublikachilar Partiyasi qo’shilib ketsa, ajabmas. Ammo aniq aytish qiyin”.
Butun Qirg’iziston Partiyasi norozilik namoyishlari o’tkazar ekan, yana to’polon boshlanadi degan xavotir bor. Bu qanchalik asosli degan savolga Holiqov:
“Revolyutsiya bo’lmagan taqdirda ham davlat boshliqlari o’zgarib ketishi mumkin. Hukumatga qarshi siyosat bo’lishi mumkin. Bunaqada ekonomika ham, xalqlar o’rtasida do’stlik ham orzu bo’lib qoladi. Iqtisodiyot izdan chiqadi. Qachongacha boshqa mamlakatlar donorlik vazifasini bajarib, Qirg'izistonga pul berib turadi?” – deydi Holiqov.
Bunday vaziyatda saylov komissiyasi tezda ish ko’rishi, protokollarni qayta tekshirib, natijalarni e’lon qilishi kerak.
“Men Butun Qirg’iziston Partiyasi o’rnida bo’lsam, arzimagan foiz (0,16%) yetmay qolgan taqdirda, norozi bo’lar edim. Shubha tug’ilgan saylov uchastkalarida byulletenlar qayta sanalishi kerak”.
“Qirg’izistonda imkon boricha tezroq yangi hukumat ish boshlashi kerak. Oldimizda qish turibdi, ikkinchidan, byudjetni bekitish kerak parlament. Rayon, qishloq byudjetlari bekilmasa, qanday rivojlanish bo’lishi mumkin? Yana siyosiy beqarorlikka yuz tutamizmi unda?” - deya so’raydi ziyoli.