Yevropa xavfsizlik tashkiloti Qirg’izistonga qo’shin jo’natishi mumkin

  • Amerika Ovozi

“Qirg’iziston janubida tinchlikni tiklash, qochqinlar sog’-omon qaytishini ta’minlash uchun xalqaro qo’shin zarur”, - deydi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti rasmiylari.

“Yevropa Ittifoqi bilan shu borada muzokara ketmoqda”, - deydi tashkilot vakili Kimmo Kilijunen. Uning aytishicha, 50-100 askar kifoya.

Xalqaro qo’shinni ko’rsa, aholida ishonch paydo bo’ladi, o’zini bexavotir his qiladi, deydi rasmiy.

Biroq Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirasi Katrin Ashton qurolli kuch yuborishga shoshmaslik kerak deb hisoblaydi.

“Dastlab ittifoq delegatsiyasi Qirg’izistonga borib, ahvolni obdon o’rganib chiqishi lozim”,- deydi u.

BMT Xavfsizlik Kengashi ham bugun krizis yuzasidan tinglov o’tkazishi kutilmoqda. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti, Rossiya yetakchilik qiladigan idora Bosh kotibi Nikolay Bordyuja ertaga Qirg’izistonga boradi. Janubiy viloyatlar – O’sh va Jalolobodda bo’ladi.

Tahlilchilar nazarida o’zbek-qirg’iz adovati bois iqtisodiy va siyosiy jihatdan shundoq ham zaif Qirg’iziston yanada qashshoqlashishi mumkin.

Minglab qochqin vatanga oshiqar ekan, Qirg’iziston xavfsizlik kuchlari hafta boshidan beri O’sh shahrida reydlar o’tkazmoqda. Operatsiya paytida olishuvlar ro’y bergan, uylar talon-taroj qilingan.

Muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva referendum yakshanba kuni o’tadi deb, uni kechiktirish haqidagi chaqiriqlarni chetga surmoqda. “Boshqaruvni parlamentga topshirish va muvaqqat hukumatga qonuniy tus berish uchun boshqa iloj yo’q”, deydi Otunbayeva.

Bu orada Qirg’iziston O’zbekistondan qochqinlar lagerlarida saylov uchastkalari tashkil qilishda yordam so’ragan. “Andijonda konsullik idorasi ochib, qochqinlarni ro’yxatga olishni rejlayapmiz, ammo rasmiy Toshkentda hozircha javob yo’q”, - deydi Qirg’iziston muvaqqat tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev.

O’zbekistondagi qochqinlar lagerlari asta-sekin bo’shab bormoqda – minglab o’zbeklar chegarani kesib, vatanga qayta boshlagan. Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi vakili Jo Lori so’zlariga ko’ra, ba’zi lagerlarda odamlar soni 3 mingdan 580 ga tushgan.

“Aholi uy-joyidan xabar olishga oshiqadi, yaqinlarim qanday ekan deb qayg’uradi. Shuning uchun ko’pchilik qaytib ketmoqda”, - deydi rasmiy.

“Qochqinlar oziq-ovqat, suv, dori-darmon bilan vaqtida ta’minlanmoqda”,- deydi Qizil Xoch rasmiysi.

Qirg’iziston Xavfsizlik Xizmati bugun bayonot berib, zo’ravonlikni sobiq prezident Bakiyevning oilasi Tolibon, O’zbekiston Islomiy harakati va Tojikiston jangarilari bilan hamkorlikda amalga oshirgan degan fikrni olg’a surgan. Bakiyevning qarindoshlari o’tgan oy Afg’onistonga safar qilgan degan taxminlar bor. Biroq rasmiylar buni tasdiqlovchi biror ma’lumot taqdim etmayapti.