Qirg’iziston rahbari Almazbek Atambayev Rossiya bilan qo’shma harbiy bazaga doir kelishuvga qol qo’ygan. Ijara muddati 15 yil bo’lib, yana uzaytirilishi mumkin. Kuzatuvchilar fikricha, Bishkek-Moskva harbiy rishtalari mustahkamlanib borar ekan, mintaqada geostrategik kurash avj olishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
Kuzatuvchilar so’nggi paytlarda qirg’iz-rus aloqalari keskin faollashganini aymoqda. Ayni paytda mahalliy tahlilchilar rasmiy Bishkek ko’p yo’nalishli siyosatga sodiq qolayotganini, jumladan, Amerika Qo’shma Shtatlari bilan ham munosabatlar rivoj topayotganini ta’kidlaydi.
Rasmiy Moskva bilan imzolangan qator bitimlar, xususan, iqtisodiyot, energetika va harbiy sohadagi shartnomalar, mahalliy tahlilchilar nazarida, qirg’iz diplomatiyasining jiddiy yutuqlaridir. Rossiya Qirg’izistondagi gidrostansiyalar qurilishiga sarmoya kiritmoqda. Shu bilan birga, Moskva Bishkek qarzlarining yirik qismini kechib yuborishga qaror qilgan.
O’shlik tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov tashqi siyosatni tomonlarning manfaatlari belgilaydi, deya ta’kidlaydi.
“Avvaliga, Qirg’iziston Rossiyaning ayrim taklif va talablariga ko’ngildagidek javob bermagach, Putin Qirg’izistonga mavjud qarzlarini to’lab qo’yishni eslatgan. Keyinroq, bir necha bitimlarga imzo qo’yilgach, Rossiya o’sha qarzlarni kechib yubordi”, - deydi u.
Bishkeklik siyosatshunos, Qirg’iziston sobiq davlat kotibi Ishenbay Abdrazaqovning aytishicha, Rossiya bilan aloqalarning faollashuvi tabiiy hol, chunki ikki o’lka eskidan yaqin iqtisodiy, siyosiy, tarixiy rishtalarga ega.
“Ular iqtisodiyotimizga sarmoyalar kiritmoqda, qachon va qanday sur’atda bu ishlar qilinishi bu boshqa savol. Yuz minglab fuqarolarimiz Rossiyada ishlamoqda. Bu ham o’zaro aloqalarni mustahkamlashga da’vat etdi”, - deydi u.
Ayrim siyosatshunoslar fikricha, rasmiy Bishkek yirik davlatlar manfaatlari to’qnashuvi va geostrategik rejalaridan o’z manfaati yo’lida foydalanishga urinyapti. Tashqi dunyo va mintaqada vujudga kelgan vaziyatdan o’lka o’z manfaati uchun foydalanishi qirg’iz diplomatiyasining mahoratidan dalolat beradi, deydi ular.
“Albatta, siyosat ham o’ziga xos san’at. Qirg’iziston olib borayotgan tashqi siyosat, menimcha, hozirgi rahbariyatning emas, balki sobiq prezident Asqar Akayev davridagi siyosatning davomi, deb o’ylayman. Chunki o’sha vaqtlarda juda ko’p xalqaro ekspertlar Akayevning turli yo’nalishdagi davlatlar bilan, turli pozitsiyadagi rahbarlar bilan til topisha olish mahoratiga nihoyatda qoyil qolgan edi”, - deydi Ahmadjon Mahamadjonov.
“Hozir vaziyat shundayki, tomonlar manfaatlari bir-biriga mos kelyapti. Rosiya sobiq Ittifoq respublikalari bilan tobora yaqinlashishni strategik reja qatorida ko’rmoqda. Bunday qadamlarni vaziyatning o’zi taqozo qilmoqda. Bu yerda so’z Bojxona Ittifoqi, Evrosiyo Ittifoqi haqida ketyapti. Qirg’iziston esa o’z navbatida mamlakat taraqqiyoti uchun zarur bo’lgan loyihalarni imkon qadar tezlatishi lozim”, - deydi siyosatshunos Ishenbay Abdrazaqov.
Suhbatdoshlar fikricha, Qirg’izistonning Rossiya yoki boshqa biror mamlakat bilan aloqalarni kuchaytirishi AQSh bilan bo’lgan munosabatlarga putur yetkazmaydi. Rasmiy Vashington bilan hamkorlikning o’ziga xos yo’nalishlari va ustuvorliklari bor, deydi ular.
Tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonovning aytishicha, Qirg’izistonning muhim geostrategik nuqtada joylashgani hukumat siyosatida o’z aksini topyapti.
“Mana buyoqda Afg’onistondagi holat, Eron va Amerika o’rtasidagi munosabatlar. Shunday vaziyatda Qirg’iziston ham AQShni, ham Rossiyani, ham G’arbiy Yevropani, ham Xitoyni juda qiziqtiradi. Ammo bunday holatda Qirg’iziston rahbariyati qiyin ahvolga tushib qolishi ham tabiiy hol, deb o’ylayman. Chunki sherik tanlash kerak bo’lgan vaziyatlar yuzaga keladi. Ana shunday vaziyatlarda qandaydir siyosiy savdo yuritiladi. Bu muqarrar. Savdoda kim qanday mohirlik ko’rsatishini kelajak hal qiladi”, - deydi tahlilchi.
Siyosatshunos Ishenbay Abdrazaqov nazarida, Qirg’iziston va Rossiya munosabatlarining rivoji strategik manfaatlar muvozanatining o’zgarishini anglatmaydi.
“Biz Rossiya bilan ham, AQSh bilan ham, Yevropa Ittifoqi va Xitoy bilan ham bir xil masofa saqlashimiz darkor. Kim bilandir do’stligimiz boshqa bilan yaxshi emasmiz, degani emas. Bu eski qolip. Mamlakatimiz taraqqiyoti, xavfsizligi, insonlar farovonligini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir”, - deydi Ishenbay Abdrazaqov.