Qirg’izistonda dehqonning kuni ot-ulovsiz o'tmaydi

Qirg’iziston azaldan otga oshno. Tog’-qirdami, bog’-rog’dami, daladami otsiz ish bitmaydi. Yangi asrda ham ko’plab dehqon xo’jaliklari qimmatbaho zamonaviy texnikadan kamsuqum otni afzal ko’radi.

To’y-tomoshalarga ot chopishlar, qiz-quumay (qiz quvish) o’yini, uloq tortishlar fayz kiritadi. Bahordan kuzgacha shifobaxsh qimiz fasli hukm suradi. Keyingi yillarda qimiz bilan davolash keng rasm bo’lgan. Bemorlar haftalab yaylovlarga, ot suti ichgani chiqishadi.

Xullas, ot – vafodor do’st, zahmatkash hamkor va dastyor, jonga oro. Ot – qut-baraka.

Mutaxassizlar deydiki, Qirg’izistonda yilqichilikning oltin davri 1960-1980-yillarga to’g’ri keldi. O’sha paytlar o’lkada rivojlangan yilqi xo’jaliklari tizimi, zotdor otlar yetishtirish zadodlari bo’lgan. Bu yurt tulporlari nufuzli musobaqalarda yetakchi o’rinlarni olgan.

Hozirda aksar yilqi zavodlari yo’qolib ketgan. Issiq ko’l viloyatida saqlanib qolgan asl tulpor otlar xo’jaligini xorijiy sarmoyachi otaliqqa olgan.

Ayni paytda yilqichilik mayda xususiy xo’jaliklar zimmasida. Ular imkon darajasida sohani saqlab qolish, jonivorlar sonini tiklash tadbirlarini ko’rayotir. Zotdor toylar esa, albatta, falon pul.

“Bizning otchoparimizda 40 nafar tulpor bor, asrab-avaylab parvarish qilayapmiz”, - deydi O’sh viloyat davlat ippodromi direktori o’rinbosari Erkin Kamalov.

“Shahardan ot ishtiyoqmandlari sayr qilgani kelib turishadi. Vaqti kelib, o’yingohimiz yana gavjum bo’ladi, albatta. Hozircha viloyat onchoparida musobaqalar katta bayramlarda o’tkazilmoqda”.

Aytish joizki, ovul-qishloqlarda ot o’yinlari avvalgidan qizigan. To’y-tomoshalar otchopar, uloq tortishsiz o’tmaydi. Ayniqsa, dala ishlaridan xoli qish kunlarida. Qishloqliklar ot havasmandlari, mohir chavandozlar soni ko’payganini mamnunlik bilan aytishadi.

Mehnat, baraka va sadoqat timsoli bo’lgan Moviy Tulpor, qanotlaring yaxshilik yukidan egilmasin, charchamasin!