Qirg’izistonda endigina saylangan parlament ishga kirishar ekan, yozda xunrezlikdan jabr ko’rgan janubiy viloyatlarda partiyalar kurashi, ichki va tashqi siyosat borasida to’liq ma’lumot olish mushkul ekani aytilmoqda.
Qirg’iziston janubida o’zbek tilida ishlovchi 10 ga yaqin axborot vositasi mavjud bo’lib, iyun voqealaridan so’ng aksariyati faoliyatini to’xtatgan. Davlat tasarrufidagi bir necha nashr chiqishda davom etmoqda, xolos.
Qirg’izistonlik o’zbeklar, o’shliklar axborotni qaysi manbalardan olmoqda degan savolga javob shuki:
“Ko’proq Rossiya televideniyesini tomosha qilaman. Keyin “O’sh sadosi” gazetasini ancha-muncha o’qib turaman. Ayrim qirg’iz kanallari, O’zbekiston tomondan esa “Yoshlar” kanalini ko’ramiz”, - deydi o’shliklardan biri.
“ORTni ko’ramiz – tushunsak, tushunamiz, bo’lmasa yo’q. Bishkekda, O’shda nima bo’layotgani haqida to’g’ri malumotni ololmayapmiz. Biz uchun keraklik axborot kelmayapti. Internet yaxshi ishlamayapti”, - deydi mana bu suhbatdosh.
Davlat tasarrufidagi “O’sh sadosi” nashri muharriri Mamasoli Ismoilov ommaviy axborot vositalari ko’payganidan xursand bo’lib yurgan edik, deydi.
“Ba’zilari yopilib ketganidan keyin, o’zbeklar orasida o’zbek tilidagi axborotga ehtiyoj ortadi deb o’ylagan edik. Lekin buning aksi bo’ldi. Yozgi voqealardan keyin bitta yoki ikkita gazetamiz qolibdi, hech bo’lmasa shunga yozilib, shuni o’qib turaylik, dalillarga asoslangan xabarlardan ogoh bo’lib turamiz deb yondashmayapti aholi. Menimcha, sababi, aholi orasida mish-mishlar, g’iybatlar ko’payib, shu orqali xabar olmoqda. Internetdan axborot olayotganlar bo’lishi mumkin. Lekin unday manbalar ham ko’p deb o’ylamayman”, - deydi Mamasoli Ismoilov.
Mutaxassislar aholining ayrim yirik guruhlari uchun axborot taqchilligi oqibatlaridan tashvish bildiradi. Nohukumat tashkilotlardan biri janubda matbuot ahvoli yuzasidan izlangan. Tashkilot tahlilchisi Svetlana Gaffarovaning aytishicha:
“Odamlar jamiyatda ro’y berayotgan jarayonlardan chetda qolib ketmoqda. Hatto o’zgari uchun ijobiy sanalgan voqealardan bexabar. Natijada mahalliy boshqaruv organlariga ishonch yo’qolgan. Ko’pchilik mish-mishlarga quloq solib yashamoqda”.
Muharrir Mamasoli Ismoilov fikricha, axborot taqchilligi aholi bilimi, ayniqsa, yoshlarning saviyasi, madaniyatiga salbiy ta’sir qiladi.
“Ularning ijtimoiy-siyosiy vaziyatga munosabatini susaytirib yuboradi. Kelajakka ishonch ham susayadi. Matbuot millionlarning minbari, matbuot kelajakning oynasi deb ta’riflanar edi. Hozir ham shu ta’riflar kuchga ega. Agar shunday axborot taqchilligi bo’laversa, odamlar qoloqlik botqog’iga botib qolaveradi”, - deydi Ismolilov.
Rasmiylar muammodan xabardormiz, chora ko’rayapmiz deydi. Deylik, “O’sh shomi” gazetasida o’zbek tilidagi sahifa yana chiqa boshlagan.
Bishkekdagi jurnalistlar deb nomlanuvchi jamoatchilik birlashmasi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti moliyaviy ko’magida qirg’iz, o’zbek va rus tillarida haftalik xabarnoma chiqara boshlagan.
“Xonadoningizga tinchlik” deb nomlanuvchi bu nashr O’sh voqealaridan jabrlangan tumanlarda bepul tarqatilmoqda.
Ayni paytda qirg’izistonlik o’zbeklar orasida davlat tili sanalmish qirg’izchani mukammalroq o’rganish zarurati aytilmoqda. Bu axborot olish imkonini kengaytirib, yurtda to’laqonli hayot kechirish uchun zarur ekani ta’kidlanadi.
“Qirg’izistonda yashagandan keyin qirg’izcha kerak. Ham o’zbekcha. Hammasi bo’lishi kerak. Bu yog’i tinchib ketsin deb yashayapmiz”, - deydi o’zbeklardan biri.