BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Qirg'izistonga safar qilar ekan, besh yil avval etnik qirg’in shohidi bo'lgan O’shda vaziyat bilan tanishdi. BMT rahbari rasmiy Bishkekni o'sha kunlari inson huquqlari buzilishlari yuzasidan o’tayotgan tergovlarni tezroq yakunlashga chaqirdi. Qirg’izistondagi faollarning aytishicha, oradan besh yil o’tib ham o’zbeklar hukumatga ishonmaydi, nizo yana avj olishi mumkin degan qo’rquv hamon mavjud.
Your browser doesn’t support HTML5
Qirg’indan so’ng xorijga chiqib ketgan qirg’izistonlik o’zbeklar tashkiloti nomidan BMT rahbariga qilingan murojaatda mamlakatda o’zbeklarga nisbatan zo’rovonlik hamon davom etayotgani, tergov xolis emasligini aytiladi.
Besh yil muqaddam Jalol-Obod va O’shda o’zbeklarga tegishli uy-joylar, mol-mulklar yoqib yuborilishi blan kuzatilgan etnik qirg’inda 500 ga yaqin odam qurbon bo’lgan edi.
Prezident Almazbek Atambayev qonli voqealarning besh yilligi munosabati qilgan chiqishida Qirg’iziston xalqi millatlararo ziddiyatlarni bartaraf etishda noyob tajribaga ega va bu nizo tashkilotchilari xalq qudratini munosib baholay olmagan, deb aytdi.
Atambayev to’qnashuvlar paytida bir-birlarini qirg’indan asrab qolgan qirg’izlar va o’zbeklarni taqdirladi.
Faollar deydiki, hukumat millatlararo aloqalarni yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari va bayonotlari to’qnashuvlar nishoniga aylangan oddiy aholini chetlab o’tmoqda.
Qirg’izistondagi taniqli huquq himoyachisi Aziza Abdurasulova qayd etishicha, o’zbeklarda hukumatga nisbatan ishonch tiklanmagan, aksincha ular jamiyatdan, jamoatchilikdan uzoqlab bormoqda.
“O’tgan aprel oyi davomida uch marotaba janubga borib keldim. Har safar to’qnashuvlar paytida huquq-tartibot organlari tomonidan tazyiqqa olinganlar bilan uchrashaman. Bu uchrashuvlarga asoslangan xulosam shu - hukumatga nisbatan ishonchizlik hamon kuchli. O’zbeklar hech kimga ishonmay qo’yishdi, ular xalqaro tashkilotlar hech narsa qilolmayotganiga guvob bo’lib turishibdi. Ular biz kabi huquq himoyachilari ham hech qanday yordam ko’rsata olmasligini ko’rishayapti. Militsiya, prokuratura, huquq-tartibot organlari hech qachon ularning huquqlarini himoya qilmasligini sezib turishibdi. To’g’irisini aytganda, o’zbeklar xalqaro tashkilotlarga, huquq himoyachilariga ham murojaatni kamaytirishdi, bu zo’rovonlik yo’qolgani, ziddiyatdan jabr ko’rganlar soni kamaygani emas, aynan ishonchsizlik kuchaygani bilan bog’liq. Men ulardagi bu holatni tushunaman”, - deydi huquq himoyachisi.
Aziza Abdurasulovaga ko’ra, qirg’indan besh yil o’tib ham qo’rquv mavjud, o’zbeklarni ham, qirg’izlarni ham bu hadik tark etmagan.
“Qo’rquv nafaqat o’zbeklar, balki janubdagi qirg’izlarda ham bor. Tushuning, odamlar adolat qaror topmaganini, aybdorlar jazosizligini bilib turishibdi. Aholining norozligi ichga yutilgan, ularning arz-dodi eshitilmayapti. Shunday ekan, men vaziyat birdan keskinlashishini ehtimoldan soqit qilmayman. Hukumat ham, har bir qirg’izistonlik ham bu omonot vaziyatni barqarorlikka aylantirish uchun harakat qilishi kerak”, - deydi u.
Qirg’iziston hukumati aksariyat qurbonlar o’zbeklardan bo’lgan bu to’qnashuvda O’sh va Jalol-Oboddagi o’zbek faollarini ayblab chiqdi. Bu ayblovdan so’ng o’zbeklarni ommaviy hibs qilish avjga chiqdi, ko’plab faollar uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
O’zbeklarga nisbatan boshlangan bu tazyiq, zo’ravonlik siyosatida besh yil o’tib ham o’zgarish deyarli yo’q, deydi kuzatuvchilar.