Qirg’izistonda 4-oktabr kuni parlament saylovlari o'tadi. Avvallari siyosiy partiyalar dindorlar ovozi uchun faol kurashgan bo’lsa, bu gal diniy faktor chetga surilib, umumxalq manfaatlari haqida chaqiriqlar yangramoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Siyosatchilar nazarida, aynan shunday usul jamiyat ahilligi va yakdilligini ta’minlashga xizmat qiladi. Taqvodor qatlam orasida parlament saylovlariga nisbatan befarqlik, sustlik ko'zga tashlanadi.
Dunyoviy davlat atalmish Qirg’iziston muhim siyosiy tadbirlar paytida diniy va milliy masalalardan olis bo’lishga intilmoqda. Aksar siyosiy partiyalar saylov dasturlarida din va vijdon erkinligi masalalari hamda diniy hayot bilan bog’liq jiddiy muammolarni urg’ulamaydi.
“Albatta, siyosatchilar joylarda ovoz olish uchun bevosita bo’lmasa ham bilvosita din arboblari hizmatidan foydalanishga harakat qilishadi. Ayni paytda siyosat sohasida musulmon birodarlar aholining faol qismini tashkil etmaydi”, - deydi Bishkekda joylashgan “Din, qonun va huquq” nomli tahlil markazi rahbari Qodir Malikov.
Uning fikricha, parlament saylovlarida ovoz berish jarayoniga taqvodor aholi diniy-aqidaviy mezon bilan emas, balki ko’proq yerdoshlik-qondoshlik nuqtai-nazari bilan yondashadi.
“Men din ahliga siyosatchilar shaxsiyatiga qarab emas, balki partiyalarning tarkibi, mafkurasi, ularning dasturi hamda tarihiga monand ravishda ovoz berishni tavsiya qilgan bo’lar edim. Afsuski, aksar siyosiy guruhlarga oid yolg’on-yashiq, sotish-sotilish, quruq va’dalar, manmanlik dindor saylovchilarda shijoat uyg’otmaydi”, - deydi Qodir Malikov.
Qirg’izistonda din xizmatchilariga saylovoldi targ’ibot-tashviqot ishlarida qatnashish man etilgan. Bu galgi parlament saylovlariga hozirlik ko’rish paytida qator partiyalar o’z nomzodlari ro’yxatiga taniqli ulamolarni qo’shib olish va shu yo’l bilan dindorlar hurmat-e’tiborini qozonishga urinib ko’rgan. Ammo din arboblari takliflardan voz kechgan.
Jalol-Obod shahridagi Islom ta’limi markazi, nodavlat tashkilot, rahbari, Dilmurod O’ro’zov aytishicha, yuqorida zikr etilgan din arboblari bilib-bilmay noma’qul shaxslar parlamentga kelib qolishiga hissa qo’shib qoyish ehtimolidan cho’chigan.
Siyosiy partiyalar o’z saylov dasturlarida aholining turli guruhlari - yoshlar, xotin-qizlar, qariyalar manfaatlari borasida so’z yuritar ekan, din ahli muammolariga ham qo’l siltash joiz emas. Axir aynan diniy hayotga befarqlik ortidan aqidaparastlik, ekstremistik oqimlar, radikallashuv ko’rinishlari kelib chiqmadimi, deydi suhbatdoshlar.
Din ahli - bu o’rinda turli dinlar vakillarining - mamlakat siyosiy hayotida, jumladan saylovlarda faolroq ishtirok etishi uchun nima qilmoq lozim?
“Odamlar ko’rib turibdi: kimga ovoz bersalar ham, o’z manfaatlaridan nari o’tishmayapti. Va’dalar qog’ozda qolib ketayapti. Befarqlik, sustlikning asosiy sababi ham shu. Odamlarning ishonchini qozonush kerak. Xalq orzu-umidi va talablarining hech bo’lmasa qay bir qismi bajarilsa, odamlar, shukr, deydi”, - deya xulosalaydi Jalol-Obod shahridagi Islom ta’limi markazi rahbari Dilmurod O’rozov.