Qamoqxonalardagi qiynoqlar... O'shda yangrayotgan nidolar

  • Amerika Ovozi

Yaqinda Jalol-Obodda bir o'zbek hibsdagi qiynoqlar ketidan jon berdi

Yaqinda Qirg’iziston janubiga safar qilgan prezident Roza Otunbayeva O’sh shahar kengashi deputatlari bilan uchrashib, huquq-tartibot tizimidagi muammolar va qiynoqlar masalasini ko’tardi. Prezident mahalliy hibsxona va turmalarga borib vaziyat bilan tanishgan.

Otunbayeva mahalliy rasmiylar bilan muloqot qilganida, Jalol-Obod viloyatida Rossiya fuqarosi Usmonjon Xolmirzayev qiynoq azobidan jon berganini tilga olgan.

Prezident fikricha, qiynoq va o'z vazifasi, vakolatini suiiste'mol qilish og'ir jinoyat deb hisoblanishi va qonunda shunday belgilanishi lozim.

Davlat rahbari deydiki, hibsxonalar, tergov izolyatorlari va turmalarda kuzativ vositalari o'rnatiladi.

Otunbayeva organlarning odamlarni noqonuniy ravishda hibsga olish hollarini qoralagan.

U militsiya Rossiyada ishlab kelayotgan fuqarolarni ta'qib etib, pora undirishga harakat qilayotganidan xabardor ekanini aytgan.

O'shlik faol Saltanat Fayzullayeva shunday fikr bildiradi:

"Ayol boshi bilan qamoqxona va boshqa joylardagi ahvolni ko'rib, yuragi ezilayotgandir, xalqqa rahmi kelayotgandir... Bu masalalarni keyingi paytda ko'p marta ko'tarayapti".

Boshqa amaldorlardan farqli o'laroq Otunbayeva huquq-tartibot tizimidagi azaliy muammolar va xatolar haqida anchadan beri gapirib keladi. Prezident qat'iy choralar ko'rish kerak deydi, lekin biror o'zgarishdan darak yo'q.

Huquq himoyachilari nazarida organlarda vaziyatni o'zgartirishga ishtiyoq sezilmaydi.

Hatto Ramazon oyida ham militsiya tomonidan insonlarni tahqirlash hollari ko'plab qayd etilgan.

"Afsuski, prezidentning gaplari ijrosiz qolayapti, ularga hech kim rioya qilmayapti. Amal qilinganida, hozirgacha yurtimizda osoyishtalik qaror topgan bo'lardi", - deydi Saltanat Fayzullayeva.

Sabab nima?

"Sababi - boshqaruv tizimining kuchsizligi. Yana bir omil - qirg'iz millatini zontik qilib, o'zining nufuzi, karyerasini oshirayotgan rahbarlar ko'p", - deydi faol.

Uning ta'biricha, markaziy hukumat nazorat va bosimni oshirishi kerak, aks holda mahalliy organlar o'z bilganidan qolmaydi.

Prezident O'shdagi uchrashuvlarda faollardan elatlararo birdamlik yo'lida yangi loyihalar bilan chiqishni so'rab, uning ma'muriyati hamkorlikka tayyor ekanini aytgan.