Rossiyaning Suriyada olib borayotgan amaliyotlari Markaziy Osiyoda ehtiyotkorlik bilan kuzatilayapti. Rossiya harakatlari qanchalik samarali? Moskva siyosatining Markaziy Osiyoga ta’sir etish ehtimoli bormi?
Your browser doesn’t support HTML5
Bishkeklik sharqshunos, mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo’yicha taniqli mutaxassis, polkovnik Begijon Ahmedov nazarida Suriya va Iroqdagi tanglik sababi Assadlar sulolasi yoki mazhablararo tortishuvdagina emas.
Gap katta davlatlar - AQSh va Rossiyaning neft-gazga boy arab mamlakatlarida o’z ta’sir doirasini saqlab qolishga urinishlari haqida ham ketmoqda.
“Iroq, Liviya, Misrda Rossiya bilan yaqin bo’lgan, neft va gazga baland narxlarni saqlab turishda hamkorlik qilgan, tashqi siyosatda monand yo’nalishda yurgan rahbariyatni G’arb rangli inqiloblar yo’li bilan ag’darib tashladi. Shundan so’ng jahon bozorida neftning bahosi keskin pasaydi. Bu holat Rossiya iqtisodiyotiga o’ta salbiy ta’sir ko’rsatdi", - deydi suhbatdosh.
"Moskvaning avvalgi hamkorlaridan Yaqin Sharqda faqat Suriya qoldi. U ham urush oqibatida vayron bo’lmoqda, parchalanish arafasida. Xunrezlik avj olgan. Aholi sargardon. Terroristik guruhlarni jilovlash uchun Rossiya harbiy havo amaliyotini boshlashga majbur bo'ldi”, - deydi u.
Ahmedov zikr qilingan mamlakatlarda ildiz otayotgan terroristik guruhlar payti kelib Mapkaziy Osiyo o’lkalariga ham nazar sola boshlashi ehtimolini inkor etmaydi.
“Yuzlab, minglab markaziy osiyolik yoshlar Suriyada turli guruhlar tarkibida janglarda qatnashmoqda. Biz uchun eng xavfli tomoni - agar terroristik tashkilotlar safida urush qilayotganlar Suriyadan qochib, boshqa davlatlarga tarqab ketsa, bu holat o’sha davlatlarda terrorizm xavfini ko’paytiradi. Lekin terroristik kuchlarga qarshi qat’iy va keskin chora-tadbir ko’rilmasa, oqibatda ular Suriya va Iroqda hukmronlik o’rnatib, o’z davlatlarini tuzib olsa, ahvol undan-da og’ir bo’lishi muqarrar”, - deydi mutaxassis.
O’sh shahrida joylashgan “Xalqaro islom hamkorligi markazi” nodavlat tashkiloti rahbari Sodiqjon Kamolov iborasicha, Moskva Putin uchun ham, Rossiya uchun ham yaxshilik olib kelmaydigan, uzoq davom etadigan, chuvalashgan muammoga kirib qoldi.
“Aynan prezident Obama hamda AQSh siyosatchilari har xil yo’llar bilan Putinning boshini ushbu muammoga tiqib qo’yishdi. Ularning maqsadi - Rossiyaning iqtisodiy, harbiy salohiyatini pasaytirib, oxir-oqibat o’lkani sindirish”, - deb o’ylaydi Kamolov.
Unincha, Suriyada harbiy amaliyot boshlar ekan, Putin dinyo, ayniqsa, G’arb oldida Moskva salohiyatini, muammolarni hal qila olish imkoniyatini ko’psatib qo’yish hamda o’z obro’sini tiklashni niyat qilayotgan, shekilli.
“Ammo natija u kutganday bo’lmasligi ham mumkin - buni vaqt ko’rsatadi”, -deydi Kamolov.
Ushbu ulamo, O’sh shahrida joylashgan “Xalqaro islom hamkorligi markazi” nodavlat tashkiloti rahbari, Moskvaning Suriyadagi amaliyotlari qator arab o’lkalari va musulmon yoshlari orasida Rossiya hamda uning Markaziy Osiyodagi ittifoqchi o’lkalariga nisbatan salbiy o’y-fikr uyg’otmasaydi, degan xavotir bildiradi.
“Suriya masalasi juda cho’zilib ketdi. Millionlab odamlar azob chekmoqda. Kim nima deyapti, orqasida kim bor, deb alahsib o’tirmay, masalani tezroq hal qilish kerak. Xunrezlikka chek qo’yish, o’lkada tinchlik, barqarorlik o’rnatish lozim”, - deya xulosa qiladi bishkeklik sharqshunos, mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo’yicha mutaxassis, polkovnik Begijon Ahmedov.