Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, ikki kun mobaynida Qirg’izistonda uch kishi o’z joniga qasd qilgan. Qorasuvlik ayol o’zini yondirgan va o’ta og’ir ahvolda kasalxonaga yetkazilgan. Bishkek yaqinida 39 yashar idora boshlig’i o’zini osgan. O’sh shahrida yosh yigit boyniga sirtmoq solgan.
Kuzatuvchilar o’lkada o’z-o’ziga jabr qilish hollari tobora ko’payotganini ta’kidlaydi. O’tgan yili 95 nafar o’smir shunday yo’l bilan hayotdan ko’z yumgan edi.
O’shdagi “Ulibka”, ya’ni tabassum deb atalmish tashkilot oila masalalari bilan shug’ullanib keladi. Tashkilot rahbari, taniqli ruhshunos Elmira Umarova fikricha, bunday hollarning asosiy sababi - insondagi ruhiy buzilish, ilojsizlik hissidir.
“Ruhiy tanglikka esa qadr-qimmatning yo’qolishi, o’ziga nisbatan behurmatlik, e’tiborsizlik, yolg’izlik, himoyasizlik hissi olib keladi. Oqibatda odam o’z ongi ustidan nazoratni yo’qotishi va achinarli qadamga yuz tutishi mumkin”, - deydi ruhshunos.
Aytish joizki, o’z joniga qasd qilish hollari Qirg’izistonda bir tizimdan ikkinchi tizimga o’tish davrida - o’tgan asrning 90-chi yillarida - ko’paygan edi. O’shanda ushbu ko’rinish ommaviy ishsizlik, ertangi kunga ishonchning yo’qolishi kabi qiyinchiliklar bilan izohlangan edi.
Hozirda o’lkada aholi farovonligi ancha oshgan. Xo’sh, nega o’z-o’ziga qo’l ko’tarish hollari ozaymayapti?
“Ha, farovonlik oshgan bilan ma’naviy o’sish sust. Odamlar pul topish, kun kechirish bilan ovora”, - deydi Elmira Umarova.
Uningcha, ertangi kunga ishonch mamlakatdagi barqarorlik, iqtisodiy taraqqiyot bilan bog’liq. Aynan shunday vaziyatda oilalar ham jips bo’ladi, odamlar orasida muruvvat, mehr-muhabbat ravnaq to’padi. Oqibatda ko’ngilsiz ko’rinishlar ozayadi.
“Davlat va jamiyat bu borada ancha ish olib borayapti. Joylarda ruhshunoslar, ijtimoiy pedagoglar, maktab o’qituvchilari faoliyat ko’rsatayapti. Ammo ko’pchilik ota-onalar xorijga ish izlab ketgani bois, xonadonlar to’liq emas, ko’zlangan maqsadga yetish qiyin bo’lmoqda”, - deydi mutaxassis.
Mahalliy jamoatchilik vakilalaridan biri Odina opa deydiki, noxush ko’rinishlarning oldi avvalo oilada olinishi kerak. Va bu o’rinda onaning ro’li beqiyos.
“Bir-biriga e’tiborli xonadonlarda bunday narsalar bo’lmaydi. Farzandingiz xoh yoningizda bo’lsin, xoh turmush qurib alohida yashayotgan bo’lsin, albatta har birining hayotidan boxabar bo’ling. Bilishsinki, muammolar qarshisida yolg'iz emaslar. Maslahatgo’ylari, yaqin odamlari ko’makka tayyor”, - deydi Odinaxon.