Qirg'iziston kelasi besh yil uchun rivojlanish planini tuzdi

"Buning ahamiyatlisi shundaki, davlat dehqonlarga berilgan kreditlar foizining yarmini qoplaydigan bo’lyapti. Bundan tashqari, dasturda o’lkadagi millatlararo munosabatlarini mustahkamlash loyihalari alohida o’rin olgan”, - deydi sobiq deputat Bor'iboy Jo’rayev.

Qirg’izistonda yaqinda qabul qilingan va besh yilga mo’ljallangan “rivojlanish strategiyasi” qator sohalarni isloh qilish, aholining turmushini yaxshilash, demokratik qadriyatlarga asoslangan siyosiy tizimni shakllantirishni ko’zda tutadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg'iziston rivojlanish strategiyasi


Davlatni 2017-yilgacha rivojlantirish milliy strategiyasi qalingina kitobcha. Unda taraqqiyot yo’nalishlari qadamma-qadam sanab o’tilgan. Taniqli jamoat arbobi, sobiq deputat Bo’riboy Jo’rayevning aytishicha, dasturda ishlab chiqarish sohasiga ahamiyat berilgan.

“Mustaqillik yillaridan buyon ishlab chiqarish bilan davlat deyarli shug’ullanmay qo’ydi. Endi rivojlanish strategiyasida har yili o’nlab korxonalar ishga tushadi, deyilmoqda. Qishloq xo’jaligi bo’yicha ham ikki yildir yaxshi ishlar amalga oshmoqda. Dehqonlarning traktorlari yangilanmoqda, ularga imtiyozli kreditlar berishmoqchi”, - deydi Jo’rayev.

Hujjat turmushning barcha yo’nalishlarida keskin ko’tarilishni ko’zda tutadi. Ichki yalpi mahsulot miqdori besh yil davomida ikki barobar, o’rta maosh esa ikki yarim barobar o’sishi rejalangan. Sog’liqni saqlash tizimi tubdan isloh qilinishi, kasalliklarning oldini olish choralari ko’riladi.

“Rivojlanish dasturiga ko’ra, janubda ham ko’plab yirik ishlab chiqarish obyektlari qurilishi ko’zda tutilgan. Ancha yaxshi ishlar mo’ljallangan”, - deydi suhbatdosh.

O’z paytida sobiq ittifoqda ham, keyinchalik mustaqil Qirg’izistonda ham bu kabi dasturlar bo'lgan. Yangisini amalga oshirish uchun qanday manbalar va imkoniyatlar kerak? O’lka iqtisodiyoti hozir o’ta qiyin ahvolda va mamlakat ko’p hollarda xorijiy sarmoyaga tayanmoqda. Shu bois ayrim balandparvoz rejalar qog’ozda qolib ketmaydimi?

Jo’rayevning aytishicha, rivojlanish loyihasini amalga oshrish uchun davlatning kuchi va mablag’i yetmaydi.

“Tashqi sarmoyadorlarga bo’layotgan hozirgi munosabatni o’zgartirish darkor. Ularga hech kim to’sqinlik qilmasin. Ularni cho’chitmasligimiz kerak. Agar o’lkada huquq ustuvor bo’lsa, sarmoyalar ko’proq keladi va rejalar amalga osha boshlaydi”, - deydi suhbatdosh.

O’shlik tarixchi olim, professor Boltagul Nurunbetov so’zlariga ko’ra, Qirg’izistonning o’ziga xos resurslari bor. Faqat ulardan unumli foydalanish darkor.

“Qirg’izistonda tog’-kon boyliklari ko’p. Shuningdek, gidroenergetika tarmog’i bo’yicha Markaziy Osiyodagi boshqa o’lkalardan farqli biz ancha resurslarga egamiz”, - deydi u.

Rivojlanish dasturining asosiy yo’nalishlaridan biri – barqaror siyosiy tizimga ega bo’lgan demokratik davlatni shakllantirish. Bu yo’lda ham Qirg’iziston talay amaliy qadamlar tashlashi lozim bo’ladi.

“Eng avvalo respublikada tartib-intizom o’rnatish kerak. Qabul qilingan qonun-qarorlar bajarilishiga ahamiyat berish kerak. Hokimiyat butoqlari ishini shakllantirib, javobgarlikni oshirish lozim. Va, asosiysi, kadrlar tayyorlash masalalariga urg’u berish darkor”, - deb hisoblaydi Jo’rayev.

2017-yilgacha Qirg’iziston rivojlanish strategiyasi ijrosini prezident Almazbek Atambayev o’z nazoratiga oldi.

“Vaqti kelib, amaldan ketar ekanman, men ushbu dastur borasida nima qilingani haqida xalqqa hisobot beraman”, - dedi u Mamlakat taraqqiyoti bo’yicha milliy kengashda chiqish qilar ekan.