Qirg’izistondagi uyg’urlar: Eng muhimi - ahillik va tinchlik

Qirg'izistonda asosan uyg'urlar istiqomat qiladigan qishloqlardan biridagi o'rta maktabda endi ona tili saboqlari ham berilishi kutilmoqda. Muallim hamda darsliklar bilan ta'minlashda qo'shni Xitoy hukumati ko'mak ko'rsatadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg’izistondagi uyg’ur jamoasi: Ahillik, ish bo’lsa, hammasi joyida bo’ladi/Muhiddin Zarif


Uyg'urlar bu diyorda qadim zamonlardan beri yashab keladi. Ular mohir dehqon, pazanda, tadbirkor va san'atkor sifatida tanilgan.

Qashqarqishloqlik Ma’ruf Oripov asli chorvador. Elga go’sht, sut, tuxum yetkazib beradi. Yaqinda qishloq markazida uyg’ur taomlari oshxonasini ochdi.

“Mehnat qilsang kam bo’lmaysan. Tinchlik, ahillik bo’lsa, hamma narsa joyida bo’ladi – farovonlik, to’y-tomosha, baraka”, - deydi u.

Qirg’izistonda uyg’urlar 50 ming kishini tashkil etadi. Ularning 10 mingga yaqini aynan O’sh viloyatining Qashqarqishlog’ida yashaydi.

“Bu joylik uyg'urlarning tarixi juda uzun, asrlar tubiga borib taqaladi”, - deydi O’sh viloyat uyg'ur milliy-madaniy markazi raisi Hamrojon O’rinboyev. “Qadim zamonlarda, O’g’izxon davrida Buyuk Ipak yo’li orqali Qashg’ardan Samarqand tomon qatnagan karvonlardan qolib qolgan odamlar shu joylarda qo’nim topgan va ildiz otgan. Bu haqda tevarak-atrofdagi qishloqlar nomlari ham dalolat beradi, Modi, Langar…”.

Janubiy Qirg’izistonda uyg’urlar o’zbek, qirg’iz va tojiklar bilan yonma-yon yashaydi, ko’p hollarda aralashib ketgan. Bolalar aksar o’zbek, rus yoda qirg’iz maktablarida ta’lim oladi.

Mahalliy uyg’urlar dehqonchilikka usta. Savdoning ham ko’zini biladi. Bu qishloqdan taniqli olimlar chiqqan.

“Aytishlaricha, uyg'urlar ikki-uch ming taomni bilgan. Bizning qishloqda bekalar 40 xil taomni tayyorlashadi. Viloyat ko’riklarida sovrinli o’rinlarni egallab kelamiz”, - deydi Hamrojon aka.

Milliy madaniyatni saqlab qolish butun dunyo uchun muammo. Urf-odat, an’analar, hunarmandchilik kabi madaniy merosni saqlash uchun nimalar qilinyapti, deb so'raymiz undan.

Hamrojon akaning aytishicha, qishloqda bir necha xalq badiiy ansambli mavjud. O’tgan yil Almatidan taniqli uyg’ur artistlari kelib katta konsert berishdi.

Uyg’ur jamoasi mahalliy maktablardan birida uyg’ur sinflari ochishni maqsad qilayotir. Bu borada Bishkekdan rozilik olingan.

“O'tgan hafta O'shdagi Xitoy konsulligi bilan gaplashib keldik. Ular bepul darsliklar, ko’rgazmali qurollar hamda muallim bilan ta’minlashga va’da berishdi. Kerak bo’lsa, mahalliy yoshlardan Xitoyda o’qituvchilar tayyorlab berishlari mumkinligini aytishdi”, - deydi Hamrojon O’rinboyev.

Aytish joizki, Markaziy Osiyo mamlakatlarida Xitoy tili va madaniyatiga qiziqish oshib bormoqda. Hamrojon aka ham yosh avlod kamida uch-to’rt til, jumladan Xitoy tilini bilishini istaydi.

“Axir yaqin qo'shnilarmiz. Aloqalar, savdo-sotiq, bordi-keldi tobora faollashib bormoqda. Til bilsang el bilasan”, - deydi u.

Qirg’izistonlik uyg’urlar siyosatdan olis. Tinchlik bo’lsa, ish bo’lsa, san’at bo’lsa, ular uchun bundan ortiq ne’mat yo’q.