Amerika ishbilarmonlari Qirg’iziston bilan hamkorlik yo’llarini qidirmoqda

Bishkek ko'chalarida

Amerika Qo’shma Shtatlarining yirik ko’mpaniyalari vakillaridan iborat Savdo missiyasi Qirg’izistonga tashrif buyurdi. Amerika-Qirg’iziston ishbilarmonlar kengashi hamda Amerika savdo palatasi tomonidan uyushtirilgan safar doirasida bugun Bishkekda biznes-forum bo’lib o’tdi. Unda o’lkaning savdo-iqtisodi hamda sarmoya jalb qilish borasida imkoniyatlari haqida so’z yurdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika ishbilarmonlari Qirg'izistonga bordi

AQSh Savdo missiyasi tarkibiga "Baker McKenzie", "General Electric", AGCO, AES, "Coca-Cola" kompaniyalari hamda "American Councils for International Education" kabi nohukumat tashkilotlarning vakillari bor. Tadbir tashkilotchilari bunday muloqot ilk bor o’tkazilayotgani va maqsad aynan savdo-iqtisod hamda sarmoya masalasida qirg’iz diyorining imkoniyatlarini o’rganish ekanini ta’kidlaydi.

“Bo’lg'usi ishlar haqida biron narsa deyish qiyin, avval muloqot paytida yangragan ma’lumotlarni tahlil qilmoq lozim. Ammo birinchi va muhim qadam qo’yildi”, - deydi Amerika-Qirg’iziston ishbilarmonlar kengashi raisi Tomas Fayerston.

Tomas Fayerston, AQSh-Qirg'iziston ishbilarmonlar kengashi raisi

Feyrston nazarida turizm sohasida hamkorlik yo'llari talay. Iqtisod va moliya yo'nalishida ham qiziqarli imkoniyatlar mavjud.

Anjumanda gapirgan rasmiylar AQSh kompaniyalarini Qirg’izistonning suv-energetika sohasidagi ulkan potensiali va bu o’rinda mavjud loyihalarga e’tibor qaratishga undadi.

Prezident apparatining boshlig’i Sapar Isakov deydiki, Qirg’izistonda xorij sarmoyalari uchun qulay qonuniy baza tuzilgan. Uningcha, ikki mamlakat o’rtasida savdo ko’lami mavjud imkoniyatlarga javob bermaydi.

Ayni paytda mahalliy tahlilchilar Qirg’zisiton-AQSh iqtisodiy aloqalarining gurkirab o’sishiga umid bog’lamaydi. Taniqli iqtisodchi, siyosatshunos Erkin Abdirazaqov aytishicha, voqelik jarangdor chaqiriq va rejalardan ancha olis.

“Qirg’iziston-AQSh aloqalarida ko’proq ta’lim va gumanitar soha ko’zga tashlanadi. Yoshlarimiz asosan okean ortiga bilim olgani, ishlagani borishadi. Lekin Amerika bilan iqtisod sohasida sezilarli olish-berish bo’lishiga ishonish qiyin”, - deydi u.

AQShning Bishkekdagi elchisi Shila Gvoltniga ko'ra, uning davlati Qirg'izistonga 1991-yildan beri 2 milliard dollarga teng moliyaviy yordam ko'rsatgan

O’sh viloyatida faoliyat yurituvchi savdo uylaridan birining mas’uli Abduboqi Tolipov deydiki, biznes qulaylikni yoqtiradi.

“Yaqin qo’shnilar bilan shakllangan iqtisodiy aloqalar bor. Taraqqiy etgan AQSh iqtisodiyoti bilan biz turli vazndamiz va o’rtadagi farqni yengish oson emas. Turli standartlar, turli talab-tavsiyalar va hoqazo. Ayni paytda AQSh ishbilarmonlari past foizli sarmoyalar kiritishi maqsadga muvofiq. Ne bo’lsada, kelajakdan umidvormiz”, - deydi suhbatdosh.

Aksar mutaxassislar fikricha, AQSh va Qirg’iziston iqtisodiy aloqalari rivojiga o’rtadagi masofa, logistika muammolari, shuningdek, mahsulot standartlarida mavjud tafovut o’z salbiy ta’sirini ko’rsatmoqda.

So’ngi ma’lumotlarga ko’ra, sanoat, energetika va yer osti boyliklaridan foydalanish bo’yicha Davlat qomitasi hamda "General Electric" kompaniyasi Qirg’izistonda gidroenergetika inshootlarini qurish va qayta qurish imkoniyatlari xususida kelishuv imzoladi.