Oshkor etilgan maxfiy hujjatlarning Ukrainaning jang qilish salohiyatiga ta'siri

  • Amerika Ovozi

Ukrainada urush davom etarkan, AQSh rasmiylari mojaroga doir maxfiy hujjatlarning yaqinda ijtimoiy sahifalarda tarqalib ketishidan ko’rilgan zarar kattalashib ketmasligiga harakat qilmoqda. Ayrim hujjatlar ukrain qo’shinlarining joylashuvi ko’rsatilgan slaydlar hamda ittifoqchi mamlakatlarning Kiyevga berayotgan yordami masalasida AQSh rasmiylari bergan bahosini o’z ichiga oladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 13-aprel, 2023-yil

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin hujjatlar qayerdan chiqqanini bilmasligini aytadi.

“Bunga juda jiddiy yondashamiz. Tergov qilishda davom etamiz. Bu ishni kim qilgani va uning miqyosini aniqlamaguncha ag’darilmagan birorta tosh qolmaydi”, - dedi u.

“Hujjatlarning oshkor etilishi ketidan Prezident Vladimir Zelenskiy Ukrainaning bahorga rejalangan qarshi hujumiga o’zgartirish kiritishi kerakmi” degan savolga Ostin shunday javob berdi:

“Ular dushmanga qarshi kurashni davom ettiradi va aniq bir rejaga qarab qolmaydi. Rejalari ajoyib, ammo uning tafsilotlari yolg’iz Prezident Zelenskiy va atrofidagi odamlarga ma’lum”, - dedi u.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken “maxfiy hujjatlarning oshkor etilgani ittifoqchi davlatlarning Amerika bilan kelajakda razvedka ma’lumotlarini almashishda ishonchiga putur yetkazishi mumkinmi” degan savolga javob berdi.

“Ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan so’nggi bir necha kun ichida mana shu masalada muloqot qilib, razvedka ma’lumotlarini himoyalashga va xavfsizlik bo’yicha hamkorlikka majburiyatimiz qat’iy ekaniga ishontirdik”, - dedi Blinken.

Hujjatlardan biri AQSh va Janubiy Koreya aloqalariga aloqador.

“Undan ma’lum bo’lishicha, AQSh Janubiy Koreya hukumatidagi suhbatlarga quloq tutib, Seul bizga o’q-dori sotishga rozi bo’ladimi, yo’qmi, shuni bilmoqchi bo’lgan. O’q-dori o’z navbatida Ukrainaga uzatilishi yoki biz Ukrainaga bergan o’q-dorining o’rnini egallashi kerak edi”, - deydi AQSh armiyasining Yevropadagi sobiq qo’mondoni Ben Xodjes.

Vashingtondagi Gudzon instituti tahlilchisi Lyuk Kofi hujjatlarning oshkor etilishini xavotirli hol deb biladi.

“Hujjatlar axborot amaliyotlari yoki dezinformatsiya uchun ishlatilishi mumkin. Slaydlardagi raqamlar, diagrammalarni ko’rdik. So’ng xuddi shu slaydlarda raqamlar o’zgarganiga guvoh bo’ldik. Oshkor etilgan hujjatlarning haqiqiyligiga shubha yo’q, ammo qo’lma-qo’l bo’lib yurgan barcha hujjatlarning asl ekani bo’yicha katta savol bor”, - deydi mutaxassis.

Ukraina Mudofaa vazirligi hujjatlarning oshkor etilishiga Rossiya qo’l urganiga ishora qiladi. Razvedka bo’yicha mutaxassislar ularda keltirilgan talafotlar ko’lami o’zgartirilganini, Rossiyaga xayrixoh Telegram kanallarida tarqatilishdan oldin hujjatlarda mojaroda o’lgan rus qo’shinlarining soni ikki baravar kam ko’rsatilganini aytadi.

AQShning “Vashington Post” gazetasi maxfiy hujjatlarni oshkor etgan odamning qurolga qiziqqan 20 yoshlar atrofidagi yigit ekanini, harbiy bazada ishlaganini ma’lum qildi.

U hujjatlarni “Diskord” ijtimoiy platformasida o’z ichiga 20 dan ortiq erkak va yigitlarni olgan guruhda ko’rsatgan. Barchasining qurol ishqibozlari ekani aytilmoqda.

“Vashington Post” buni “Diskord” chat guruhining ikki a’zosi bilan suhbatdan o’rganganini bildirdi.

“Diskord” ma’muriyati huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi.

Bu ishni hozir Adliya vazirligi hamda Pentagon tergov qilmoqda.