Liviyada janglar, yirik neft ombori alanga ichida

  • Amerika Ovozi

Jangovar guruhlar Tripoli xalqaro aeroporti atrofidagi hudud uchun uch haftadan beri olishadi.

Liviyada xavfsizlik bilan bog’liq vaziyat og’irlashib bormoqda. Poytaxt Tripolida, xalqaro aeroport yonida raqib jangari guruhlar qattiq o’q almashayotgani xabar qilinadi.

Shahardagi neft ombori alanga olib, atrofdan odamlar evakuatsiya qilinmoqda. Liviya rasmiylari omborda olti million litr qora oltin saqlanishini, voqea gumanitar va ekologik halokatga aylanishi mumkin ekanini aytadi.

Jangovar guruhlar Tripoli xalqaro aeroporti atrofidagi hudud uchun uch haftadan beri olishadi. Natijada reyslar to’xtab qolgan, xalqaro hamjamiyat esa o’z diplomatlarini mamlakatdan olib chiqishga shoshmoqda. Chet el fuqarolariga Liviyani imkon qadar tez tark etish tavsiya qilinayapti.

Liviya 2011-yilda Muammar Qaddafiy hukumatdan ag’darilganidan beri eng qonli janglarni boshidan kechirayapti. Amaldagi hukumat tartibni tiklashga ojizlik qilmoqda.

Oy boshidan beri poytaxtdagi to’qnashuvlarda 94 odam jon berdi. Jarohat olganlar 400 kishi. Bing’ozi shaharida o’tgan haftada yana 55 fuqaro halok bo’lgan, aksariyat tinch aholi vakillari.