Liviya rahbari Muammar Qaddafiy boshqaruvdan ketmas ekan, NATO hujumi davom etadi. Britaniya, Fransiya va AQSh rasmiylari mana shunday bayonot bilan chiqqan. Xalqini qirishga uringan rahbarga bu yurtda o’rin yo’q, deyiladi qator xalqaro nashrlarda chop etilgan bayonotda.
Maqola mualliflari - Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron, Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi va AQSh prezidenti Barak Obama. Ular nazarida Qaddafiyning qolishi Liviya xalqiga xoinlik bilan barobar.
Muammar Qaddafiyning qizi otasini himoya qilib chiqmoqda. Oysha Tripolida polkovnikni yoqlab namoyish uyushtirgan. “Otamning iste’fosi Liviya xalqi uchun haqorat bo’ladi”, - deydi u.
Mana ikki kundirki Berlinda muzokara qilayotgan NATO tashqi ishlar vazirlari esa Qaddafiyga qarshi harbiy kampaniyani qanday davom ettirish haqida o’ylanib qolgan. Fransiya va Britaniya ittifoqchi davlatlarni hujumga zo’r berishga undasa, boshqalar urushga o’ralashib qolamiz, deb hayiqadi. Alyans a’zolari chetdan, NATOga a’zo bo’lmagan davlatlardan yordam olishga ham tayyor.
Fransiya nazarida Qo’shma Shtatlar havo reydlariga boshchilik qilishi kerak. Oq Uy matbuot kotibi Jey Karni NATO ishni eplay oladi, deya javob qiladi.
“Alyansga ishonamiz”, - deydi Karni. “Harbiy kampaniya uchun NATO to’liq mas’ul”.
Kecha Qaddafiy tarafdorlari Liviyaning eng yirik shaharlaridan biri Misratani bombardimon qilgan. Isyonchilar 23 kishi o’lgan, deydi. Bugun esa NATO poytaxt Tripolini havodan bir necha bor urgan.
Prezident Barak Obama kecha Qatar amiri Shayx Hamad bin Halifa al-Tani bilan uchrashib, alyans hujumlarini muhokama qilgan. Qatar koalitsiya safida harakat qilayotgan arab davlatlaridan biri.
“Qatar ko’rsatgan yordam beqiyos”, - deydi Obama amirga minnatdorchilik bildirar ekan. “Bu yurt nafaqat diplomatik, balki harbiy yordamini ham ayamagan”.
Qatar amiri Arab-Yevropa koalitsiyasini tuzishda, Liviya ahlini qirg’indan pana qilishda jonbozlik ko’rsatdi, deydi Obama. Shayx Hamad hafta boshida Amerika vitse-prezidenti Jo Bayden bilan ko’rishgan; mamlakat Liviyaga doir xalqaro anjumanga mezbon bo’lgan.
Yevropa Ittifoqi esa Liviyada gumanitar tashkilotlar uchun xavfsiz korridor yaratishi mumkin. Harbiylar himoyasidagi bu yo’lak okean orqali Misrataga yetaklaydi.
Ittifoq rasmiysi Kristalina Georgiyeva “vaziyat izdan chiqsa, otishma kuchayib, gumanitar yordamni manzilga yetkaza olmasak, shunday qilishga majbur bo’lamiz”, - deydi.